Линклар

logo-print

Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara qo‘shinlari boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 7 mart kuni ertalab tojik-afg‘on chegarasining bir necha joyida qurollangan terrorchilarga qarshi amaliyot davom etgan.

Chegara qo‘shinlari boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Muhammad Ulug‘xo‘jaev dushanba kuni Ozodlikning tojik xizmatiga 5 mart kuni Tojikiston chegarasini buzib o‘tgan qurolli guruhni yo‘q qilishi bo‘yicha amaliyot hali ham davom etayotgani, tojik askarlari Panj daryosi bo‘ylab joylashgan orolchalarda tozalash amaliyotini olib borayotganini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, hozirgacha qurolli guruhning faqat bir a’zosi - Fashiddin valadi Qurbon o‘ldirilgan, guruhning ikki yoki uch a’zosi qo‘lga olingan.

Ulug‘xo‘jaev otishma chog‘ida tojikistonlik to‘rt chegarachi o‘lganiga oid mishmishlarni rad etdi. Mulozimning aytishicha, jang chog‘ida praporshchik Suhrob Safolov halok bo‘lgan.

Afg‘onistonlik mahalliy rasmiylar shanba kuni “Panj” chegara otryadi hududida tojik chegarachilari bilan jangga kirishgan qurolli guruh Tolibon ekstremistik harakatiga mansubligini aytmoqdalar.

Imom Sohib nohiya ma’muriyati rahbari Amonuddin Qurayshiy 6 mart kuni Ozodlikning tojik xizmatiga bergan suhbatida bu qurolli guruh Tolibon harakatiga kirishini, 9 jangaridan iborat guruh etakchisi bo‘lgan Mirafzal valadi Arbob esa o‘tmishda kontrabandist bo‘lib, keyinchalik toliblarga qo‘shilganini aytgandi.

Qurayshiy Afg‘onistonning Imom Sohib nohiyasi hududidagi Tojikiston bilan chegarasi Tolibon harakati jangarilari nazorati ostida ekanini qayd etgan. Unga ko‘ra, hozirda toliblar Qunduz viloyatiga qarashli Imom Sohib nohiyasi hududining 30 foizini o‘z nazoratiga tutib turibdilar.

Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara qo‘shinlari boshqarmasining jamoatchilik bilan aloqalar markazi shanba kuni ertalab soat 9.30 da “Panj” chegara maskani hududida chegarani qo‘riqlayotgan askar va zobitlar Afg‘oniston Islom Respublikasi fuqarosi Mirafzal valadi Arbob Sherafzal boshchiligidagi 9 kishidan iborat qurolli guruhning chegarani noqonuniy ravishda kesib o‘tishining oldini olgani haqida xabar tarqatgandi.

Chegara qo‘shinlari boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, hozirda “bu jinoyatga aloqador odamlar shaxsi aniqlangan va ularga nisbatan Tojikiston Respublikasi qonunchiligi talablari asosida keskin choralar ko‘riladi”.

XS
SM
MD
LG