Линклар

Bugun Ukraina konsulligi xodimlari to‘rt kundan buyon hibsxonada ochlik qilayotgan uchuvchi Nadejda Savchenko bilan uchrashdi.

Konsullik xodimlariga ko‘ra, Savchenko o‘zini yaxshi his qilayapti, biroq ochlik o‘z asoratlarini ko‘rsata boshlagan.

Savchenkoni konsullik xodimlari ochlikni to‘xtatishga ko‘ndirishga urinishgan, biroq u oxirigacha ochlikni to‘xtatmasligini aytgan.

Hibsxona xodimlari Savchenkoni kuch bilan ovqatlantirishga harakat qilish holatlari kuzatilmagani aytilayapti.

Yakshanba kuni Rossiya prezidentining Inson huquqlari bo‘yicha vakili Ella Pamfilova Savchenko oilasi bilan bog‘lanib, uchuvchi ayolning sog‘ligi qoniqarli ahvolda ekanini ma’lum qildi.

Savchenko o‘zini Rossiya shifokorlari tekshirishidan bosh tortganidan so‘ng Ukraina Tashqi ishlar vazirligi ukrainalik shifokorlarni hibsxonaga kirishiga ruxsat so‘radi. Biroq hozircha bu so‘rovga Rossiya tomonidan biror javob bo‘lmadi.

Yakshanba kuni Kievda yuzlab norozilar Rossiya elchixonasi oldida miting o‘tkazib, Savchenko ozod etilishini talab qildi.

Namoyishchilar Rossiya elchixonasi binosiga tosh va tuxum otib, bir nechta oynalarni sindirdi, shundan so‘ng bir avtomashinani vayron qilib, Rossiya bayrog‘iga o‘t qo‘ydi.

Nadejda Savchenko 2014 yil iyulida Ukraina hududidan o‘g‘irincha ravishda Rossiyaga olib chiqib ketilgan edi. Rossiyada uchuvchi ayol Ukrainadagi fuqarolar urushini yoritayotgan ikki rus jurnalistining o‘limida ayblanmoqda.

Savchenkoga 9 mart kuni hukm o‘qilishi mumkin. Prokuror ukrain uchuvchisiga 23 yillik qamoq jazosi so‘ramoqda. Savchenko o‘ziga bildirilgan ayblovni tan olmagan.

Sud Savchenkoni so‘nggi so‘zdan mahrum qilganidan so‘ng uchuvchi ayol 10 kunlik ochlik e’lon qilgan.

XS
SM
MD
LG