Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:12

Toshkentdagi mebel ko‘rgazmasida chinordan yasalgan anjomlar ko‘z-ko‘z qilindi


O‘tgan hafta Toshkentda “MebelExpo Uzbekistan-2016” xalqaro ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Atrof muhit muammolarini yorituvchi toshkentlik blogerning yozishicha, “Mebel, ishlab chiqarish texnologiyalari, interyer va dizayn” mavzusiga bag‘ishlangan tadbirda chinorlardan yasalgan mebel ko‘rgazmaga qo‘yilgan. Bloger Nataliya Shulepina shu munosabat bilan Toshkent va mamlakatning boshqa shaharlarida chinor daraxtlarining ommaviy tarzda kesilayotgani muammosini eslatdi. Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Toshkentda mebel ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan o‘nlab korxonalarda eng haridorbop mahsulot aynan chinordan yasalmoqda.


“MebelExpo Uzbekistan-2016” xalqaro ko‘rgazmasi 2-4 mart kunlari o‘tkazildi. Stol, stul va boshqa turdagi anjomlar ko‘z-ko‘z qilingan mazkur tadbirda, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 15 mamlakatdan 90dan oshiq shirkat ishtirok etgan.

13-xalqaro ko‘zrgazmaning katta qismi O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan to‘ldirilgani aytilmoqda.

Blogerning yozishicha, bu stullar ham chinordan yasalgan
Blogerning yozishicha, bu stullar ham chinordan yasalgan

Ko‘rgazmaga borgan sreda.uz blogi asosichisi Nataliya Shulepina mahalliy korxonalar namoyish qilayotgan anjomlarning katta qismi chinor daraxtlaridan yasalganiga e’tibor qaratdi.

Blog muallifi mahalliy ishlab chiqaruvchi asosan chinorlarni ishlatayotgani mamlakat bo‘ylab shahar va tumanlarda chinor daraxtlarining kesilayotgani sababidir, degan taxminni ham ilgari suradi.

“Mahalliy sanoatni yog‘och bilan ta’minlash uchun sanoat plantatsiyalari barpo qilish chorasi ko‘rilmasa, O‘zbekiston shahar va qishloqlarida hali ko‘p chinor va yong‘oq daraxtlari kesilishini kutish mumkin. Mahalliy yog‘och sanoati haqida "MebelExpo Uzbekistan-2016" ko‘rgazmasida ma’lumot berilmadi”, deya yozdi Nataliya Shulepina.

Xalqaro ko‘rgazmaga qo‘yilgan anjomlar aynan Toshkent va boshqa shahardarda kesilgan chinorlardan yasalganini ta’kidlashga yetarli asos yo‘q, albatta. Lekin ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekistondagi mebel ishlab chiqaruvchi yuzlab korxonalarning, haqiqatan, O‘zbekistonda o‘sadigan chinor va yong‘oq yog‘ochini ishlatishni ma’qul ko‘rishi e’tiborlidir. Sababi chinor Rossiyadan keltiriladigan qarag‘ay, tilog‘och kabi daraxtlardan ko‘ra mustahkamroq va guli ham chiroyliroqdir, deydi soha mutaxassislari.

"MebelExpo Uzbekistan-2016" ko‘rgazmasiga mahsulotlarini olib chiqqan shirkatlardan birining vakili Ozodlik bilan o‘zaro suhbatda, chinor va yong‘oqdan yasalgan anjomlarning bozori eng chaqqon, deya ta’kidladi.

“Hozir ko‘pchilik asosan o‘zimizda etishtiriladigan chinor va yong‘oqni so‘rashyapti. Chunki yaxshi ishlov berilgan chinordan yasalgan mebel juda, chiroyli, mustahkam bo‘ladi va ko‘p yillar xizmat qiladi. Lekin biz Toshkentda kesilgan chinorlarni ishlatmaymiz, bizda faqat vodiydan (Farg‘ona vodiysidan-tahr.) kelgan chinor va yong‘oqlar ishlatiladi. Chinor bilan yong‘oqdan yasalgan mebel narxi deyarli bir xil, ko‘rinishi, dizayniga qarab. Masalan chinordan yasalgan stul 450 ming so‘mdan 2 million so‘mgacha turishi mumkin”, deydi mebel korxonasi vakili.

Mebel ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yana bir toshkentlik xususiy tadbirkorning aytishicha, mebel korxonalari chinor va yong‘oqni Rossiyadan olib kelinadigan qarag‘aydan uch barobar qimmatroqqa sotib oladi.

“Chinor va yong‘oq qirmmatroq turadi. Rossiyaning sosnasi (qarag‘ay-tahr.) bir kub metri 300 dollar turadi. Yong‘oqning bir kubi 1000-1200 dollar bo‘ladi. Chinor kamida 900 dollar. Yasen (shumtol-tahr.) 800 dollar bir kubi. Chinorning qimmatligi uning sifati bilan bog‘liq. To‘g‘ri quritib, ishlov berilsa, juda mustahkam bo‘ladi, teksturasi juda chiroyli bo‘ladi. Narxi ham shunga yarasha”, deydi usta.

O‘tgan oyda chinor kesilishidan norozi chilonzorliklar ko‘chaga chiqdi
O‘tgan oyda chinor kesilishidan norozi chilonzorliklar ko‘chaga chiqdi

Uning aytishicha, mebel ishlab chiqaruvchi sexlar xom ashyoni yog‘och savdosi bilan shug‘ullanadigan yuzlab firmalardan sotib olishadi. Ular yog‘ochni qaerdan olayotgani masalasi mebel ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarga daxldor emas, deydi suhbatdosh.

“Yog‘och sotadigan firmalar hozir juda ko‘p. Chunki bunga ehtiyoj katta. Mebel sexlaridan tashqari, Toshkentda qurilish juda ko‘p. Hammaga yog‘och kerak. Biz olayotgan yog‘och, vodiydan kelishini bilamiz. Lekin O‘zbekistonda o‘sadigan chinor bir xil bo‘ladi. Vodiydagisi bilan Toshkentdagisining sifati bir xil. Orasida Toshkentda kesilgani qo‘shilib sotilayotgan bo‘lsa, biz buni bilmaymiz. Bizga farqi yo‘q”, deydi mebelsoz.

O‘zbekiston shahar va qishloqlarida bir necha yuz yillik chinorlarning kesilishi so‘nggi bir necha yilning hodisasiga aylandi. Bu holat esa yozda chinor soyasi va chiroyiga o‘rganib qolgan o‘zbekistonliklar e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Chilonzorliklar chinor kesgani kelgan ishchilarning yo‘lini to‘sib olishdi

Ayniqsa, so‘nggi bir necha oyda Toshkentning bir necha dahasida chinorzorlarning yo‘q qilinishiga qarshi mahalliy aholi keskin nrorozilik bildirdi.

Yanvar oyida toshkentliklar shaharda chinorlarning kesilishiga qarshi O‘zbekiston hukumatiga petitsiya bilan murojaat qilgan bo‘lsa, o‘tgan oyda Chilonzor tumanidagi ko‘p qavatli uylar o‘rtasidagi chinorlarning kesilishiga qarshi mahalliy aholi ko‘chaga chiqdi.

Mazkur holat ijtiomiy tarmoqlar hamda Ozodlikda yoritilishi natijasida, Chilonzorda daraxtlarning yo‘q qilinishi ortida “Murad Buildings” developerlik shirkati turgani fosh bo‘ldi. Shundan keyin mazkur shirkat rahbari Murod Nazarov har bir kesilgan chinor uchun tovon puli to‘lashga tayyorligini bayon qildi.

O‘zbekiston hukumati mamlakat bo‘ylab chinorlarning kesilishini obodonlashtirish vaji bilan izohlab keladi. Lekin kesilayotgan minglab chinorlar qaerga olib ketilayotgani borasida shu paytgacha izoh berilgani yo‘q.

XS
SM
MD
LG