Линклар

logo-print

Jizzaxning Paxtakor tumanidagi yosh yigit-qizlar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilganlar ko‘paygani aytilayapti. Bu xabarni tekshirish asnosida 10 ming kishi istiqomat qiladigan Paxtakor tumanida yanvar oxiri va fevral boshidagi 15 kunlik muddatda bir yigit va qiz o‘zini osishga uringani ma’lum bo‘ldi.

Aniqlanishicha¸ bu ikkala holatda ham o‘zini osganlar oxirgi daqiqada qutqarilib, tuman kasalxonasining jonlantirish bo‘limiga olib ketilgan.

Ozodlikning Jizzax viloyat prokuraturasidagi manbasiga ko‘ra¸ xozirgi kunda bu ikki hodisa yuzasidan tekshiruv olib borilmoqda:

- Bitta tumandagi yosh yigit-qizlar o‘rtasida o‘zini o‘ldirishga urinishlar ko‘paygani bois kollejlarda tushuntirish ishlari olib borilmoqda. 9 mingdan sal ko‘p aholi yashaydigan joyda 15 kun ichida ikkita o‘zini o‘ldirishga urinish hodisasi yuz berdi. Bu xavotirli signal. Joriy yilning 24 yanvarida 23 yashar Omonov Obid Shamsievich bo‘yniga sirtmoq solib o‘zini osgan paytda otasi etib kelib qutqargan. Omonov osilish oqibatida olingan jarohat tashhisi bilan kasalxonada davolanmoqda. Fevral boshida ayni voqea ayni tumanda takrorlanyapti. 23 yashar Qilicheva Kamola Shokir qizi kechqurun oshxona tomidagi yog‘och to‘singa arqon bilan o‘zini osgan. Bu holatda ham uni onasi qutqarib qolyapti. Qiz kasalxonaning jonlantirish bo‘limida o‘ziga kelgan. Ayni paytda Qilicheva Kamola kasalxonada qolmoqda¸ deydi manba.

Facebookda tarqalgan xabarlarda “Jizzaxning Paxtakor tumanida yil boshidan beri 20-25 yoshlardagi 8 yigit-qizning o‘zini osgani” iddao qilindi.

Xabarda “Tuya so‘yib qurbonlik qilish evaziga o‘zini o‘ldirish muammosini bartaraf” qilish uchun pul yig‘ilayotgani aytilgan.

Ozodlikning Paxtakor tumanidagi manbasi¸ "Hazrati Bilol" va "Qoramirzo ota" masjidlaridagi juma hutbalarida “o‘z joniga qasd qilishning gunohi azim ekanligi” borasida va’z qilinganini aniqladi:

-Tumanda 5 masjid bor¸ Hazrati Bilol va Qoramirzo ota masjididagi imomlar o‘zini o‘ldirgan kishiga janoza buyurmaydi¸ u kofir qatorida sanalishini aytib nasihat qildi. Orifjon domla ham har safar aytadi (Tahr: Qoramirzo ota jome’ masjidi imomi) Tuya masalasida tashabbus imomdan chiqmadi. Shunaqa irim bor ekan. Mahalla keksalari shu irimni qilmoqchi. Bu gap jumadan keyingi yig‘ilishda keksalar o‘rtasida bo‘ldi¸ deydi suhbatdosh.

Manbaning aytishicha¸ ko‘p xollarda gap –so‘z bo‘lmasin deb, o‘zini o‘ldirganlar “o‘zi o‘ldi deya rasmiylashtirilgani”ni aytdi:

- Masalan yaqinda 25- sovxozda bir qiz o‘zini osib o‘ldirdi. Odam to‘plandi. Hamma ko‘rdi shuni. Lekin qizni –ota-onasi bu gap ovoza bo‘lishini istashmadi. O‘zi o‘ldi, epileptik edi deb doktordan qog‘oz to‘g‘irlab "svidetelstvo o smerti" olishdi¸ dedi Ozodlik manbasi.

Ayni paytda rasmiy idoralar joriy yilning yanvar-fevral oylarida sakkizta suitsid holati ro‘y berganini tasdiqlamadi.

Rasmiylarga ko‘ra¸ “Oilaviy-maishiy sabablar bois yoshlar orasida o‘z joniga qasd qilish urinishlari“ ko‘paygan va “Buning oldini olish uchun kollejlarda tushuntirish ishlari” olib borilmoqda.

Ozodlik muxbiri bilan ijtimoiy tarmoqda yozishgan toshkentlik ruhshunos vrach Go‘zal Alijonovaga ko‘ra¸ suitsidga intilish aksar hollarda ruhiy xastalar alomatidir:

- Suitsid ruhiy yordam ko‘rsatilmagan paytda¸ profilaktik ishlar olib borilmagan paytda uchrashi mumkin. Suitsidni hech qachon norma deb aytib bo‘lmaydi¸ deya ta’kidlagan ruhshunosga ko‘ra¸ o‘z joniga qasd qilish niyatida bo‘lganlarga o‘z vaqtida kerakli yordam ko‘rsatilsa¸ istalmagan oqibatlar oldi olinishi mumkin.

Vikipediyadagi ma’lumotga ko‘ra 2012 yili O‘zbekistonda 2184 kishi o‘z joniga qasd qilgan.

O‘zbekistonda o‘quvchi yoshlar orasida turli sabablarga ko‘ra o‘z joniga suiqasd qilish holatlari uchrab turadi.

Bundan uch oy muqaddam Toshkent shahri, Chilonzor tumanidagi Tibbiyot kollejining 3-kurs o‘quvchisi Sevara Obloqulova o‘z hovlisining ikkinchi qavatidagi zinapoya panjarasiga osilgan holda topilgan edi.

O‘tgan yilning 31 iyul kuni Samarqandning Payariq tumani Burxut fuqarolar yig‘ini Ayuvcha qishlog‘ida yashovchi 17 yashar o‘quvchi qiz 63 yashar hamqishlog‘i tomonidan jinsiy zo‘rlanganidan so‘ng molxona ayvonining to‘siniga o‘zini osgan edi.

May oyida Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 93-maktabning 7- sinfida o‘qigan o‘quvchi qiz ham o‘z joniga qasd qildi.

Ozodlik manbalari iddaosiga ko‘ra, maktab direktori qizning telefonidan behayo rasmlarni topib olib, uni sinfdoshlari orasida masxara qilgan va uyatga qolgan qiz uyida o‘zini osgan.

11 aprel kuni esa¸ Jizzax shahridagi 5-umumta’lim maktabining ettinchi sinf o‘quvchisi o‘z joniga qasd qildi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, 14 yashar qiz maktabda o‘qituvchisi tomonidan tahqirlangandan so‘ng o‘zini osgan.

XS
SM
MD
LG