Линклар

Rossiya qamog‘ida qolayotgan Nadejda Savchenkoni qo‘llab-quvvatlab yakshanba kuni Kiev va xorijdagi qator shaharlarda namoyishlar o‘tkazildi. Jumladan Kievdagi namoyish paytida, norozilar Rossiya elchixonasini toshbo‘ron qilishdi. Ukraina harbiy piloti Nadejda Savchenko o‘zining darhol ozod etilishini talab qilib, ochlik e’lon qildi.

Ukraina konsullik xizmati xodimlari dushanba kuni Novocherkassk shahridagi 3-sonli tergov izolyatorida saqlanayotgan va to‘rt kundan beri to‘liq ochlik saqlayotgan, ya’ni na suv va na ovqat yeyayotgan Savchenkoni borib ko‘rishdi.

Bosh konsul Vitaliy Moskalenkoning so‘zlariga ko‘ra, Savchenkoning ahvoli qoniqarli, lekin ochlik asoratlari allaqachon ko‘rina boshlagan.

“To‘la ochlikda bo‘lgan odamning ahvoli qanday bo‘lishi mumkin? Tabiiyki, taxikardiya, terisi qurib qolgan, ko‘zlari chaqnab turibdi, oyoqlarida shishlar paydo bo‘lgan. Qon bosimi pasaygan – 100ga 60. Va ahvoli yomonlashishda davom etmoqda”, deya bildirdi Moskalenko Ozodlik rus xizmatiga.

“Biz uni o‘z qaroridan qaytarishga harakat qildik, u allaqachon g‘alaba qilgani va shuning uchun hayotini saqlab qolishi lozimligini unga tushuntirmoqchi bo‘ldik. Hech bo‘lmasa suv ichishga ko‘ndirishga harakat qildik, lekin u keskin rad qildi. Oxirigacha kurash niyatida ekani va oxirigacha ochlikni saqlashini bildirdi”, dedi bosh konsul.


Moskalenkoning yana qayd etishicha, jismoniy holatining muntazam yomonlashib borayotganiga qaramasdan, Savchenko o‘z fikri va harakatlarini nazorat qilmoqda.

Tergov izolyatori xodimlari Sevchenkoni zo‘rlab oziqlantirish harakatlarini amalga oshirmagani aytilmoqda. Bundan tashqari yakshanba kuni uning oldiga Rossiyaning inson huquqlari masalasi bo‘yicha favqulodda vakili Ella Pamfilovaning xodimi kelib ko‘rib ketgan.

Ukraina harbiy piloti Savchenko o‘zining rossiyalik vrachlar tarafidan ko‘rikdan o‘tkazilishini taqaqlab qo‘ygan. Ukraina Tashqi ishlar vazirligi rossiyalik hamkasblaridan Novocherkassk tergov izolyatoriga ukrain vrachlarining kiritilishiga ruxsat etish to‘g‘risida so‘rovnoma jo‘natdi. Lekin hozircha bu so‘rovga javob bo‘lgani yo‘q.

Ozodlik rus xizmati ixtiyorida Savchenko tergov izolyatorida yozgan murojaatnomasi mavjud. Ukrainalik harbiy ayol o‘zining ozod etilishiga hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan kishilardan buning uchun barcha vositalarni ishga solishni iltimos qildi.

“Men mavhumlikda kutib o‘tirishni istamayman. Endi men qamoqxonadan o‘z shartlarim bilan chiqaman. Rossiyani “bo‘ysindirish mumkinligini” butun dunyoga ko‘rsatmoqchiman. Men kabi qo‘rqmasangiz va sinmasangiz, buning uddasidan chiqish mumkin. Tirik qolamanmi yo o‘lamanmi, men allaqachon g‘alaba qildim. Ukraina yuragimda”, deya yozdi Savchenko.

U 9 mart kungi sud mahkamasida gapirishga holi bo‘lsa, so‘nggi so‘z bilan chiqish qilish niyatida.

“U juda bunga umid qilmoqda va buni amalga oshirish uchun barcha kuchini safarbar qilmoqchi”, dedi Moskalenko.

Bosh konsul Savchenkoga so‘nggi so‘z imkoni berilgan taqdirda va hukm chiqishini bir necha kundan ortik ktishga to‘g‘ri kelmasa, suv ichishga rozilik berishi mumkin, deya taxmin qildi.

Nadejda Savchenkoning ozod etilishi ehtimoligi izohlagan Moskalenko, uning mavqeidan kelib chiqib, gap Savchenkoni kimgadir almashtirish yoki qandaydir savdo haqida borishi mumkin emas.

“Uni shunchaki ozod etib Ukrainaga qaytarishlari kerak. Bu avf shaklida bo‘ladimi yoki oqlovmi, bunisi menga qorong‘u. Mantiqan uni oqlashlari to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki u ayblanayotgan jinoyatni u sodir etmagan. Buni hamma bo‘lib turibdi, prokurorlar ham, sudьya ham. Lekin bu sudlov siyosiy bo‘lgani bois, hech kim uning aybdor, deb topilishiga shubha qilmayapti”, deya qo‘shimcha qildi konsul.

Yakshanba kuni Kiev, Praga, Tbilisi va dunyoning boshqa shaharlarida Nadejda Savchenkoni qo‘llab-quvvatlab namoyishlar o‘tkazildi. Internetda “Yevropa yetakchilariga ochiq xat” ostiga imzolar to‘planmoqda. Unda Savchenkoni “darhol va shartsiz ozod qilish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish” chaqirig‘i bitilgan.

XS
SM
MD
LG