Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:20

O‘zbekiston va Erondan ko‘chgan ayrim o‘rolmonlar Qozog‘iston fuqaroligini ololmayapti


Mang‘istau viloyat markazi Aqtaudagi o‘rolmonlarni adaptatsiyalash markazi 200 o‘rolmonga mo‘ljallangan.
Mang‘istau viloyat markazi Aqtaudagi o‘rolmonlarni adaptatsiyalash markazi 200 o‘rolmonga mo‘ljallangan.

Qozog‘istonning Mang‘istau viloyatida O‘zbekiston va Erondan ko‘chib kelgan 150 dan ziyod kishi Qozog‘iston fuqaroligini ololmayapti. Fuqarolikni soddalashtirilgan tartibda olish huquqiga ega bo‘lgan bu odamlar hozirda bu borada Ostonadagi rasmiylar ruxsatini kutib o‘tiribdi.

Mang‘istau viloyat migratsiya politsiyasi o‘rolmonlarning fuqarolik olishi bilan bog‘liq masala Qozog‘istonda 20 mart kuni bo‘lib o‘tadigan parlament saylovigacha hal bo‘lishiga umid qilmoqda. Ayni paytda Aholi bandligi va ijtimoiy dasturlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat boshqarmasida Ozodlikning qozoq xizmatiga bu borada Ostonadan qachon javob kelishi noma’lumligini aytganlar.

O‘rolmon maqomini Qozog‘istonda millati qozoq bo‘lgan va chet davlatlardan ko‘chib kelgan kishilar olish huquqiga ega.

Mang‘istau viloyat hokimi matbuot kotibi Gulmira Balg‘o‘jaeva hokimiyatning Feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida 2010 yildan buyon viloyatga 23 mingdan ziyod repatriant ko‘chib kelganini, biroq ular Qozog‘iston fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda olish uchun o‘z vaqtida ariza bermaganlarini bildirgan.

“Bugungi kunda o‘rolmonlarni turar-joy bilan ta’minlashda yuzaga kelgan qiyinchiliklarni hisobga holda, o‘rolmonlik maqomi bekor qilingan 150 nafar hamyurtimizga o‘rolmonlarni adaptatsiyalash markazida yashashga imkoniyat yaratib berildi”, deya bildirdi Gulmira Balg‘o‘jaeva.

Avvalroq Erondan ko‘chib kelib, Mang‘istauda istiqomat qilayotgan qozoqlarning ayrimlari o‘rolmonlik guvohnomasi berishni so‘rab, viloyat Aholi bandligi va ijtimoiy dasturlarni muvofiqlashtirish boshqarmasiga murojaat qilgandi.

- Bizga Ostonaga xat yo‘llaganlarini aytishib, “qo‘ng‘iroq qilib, o‘zinglar bilib olinglar” deyishib, telefon raqamini berishdi, - degandi eronlik etnik qozoq Abdrahman Babiq fevral oyida Ozodlikka bergan suhbatida.

Mazkur boshqarmaning migratsiya masalalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Aset Jaqsiliqqiziga ko‘ra, 2010, 2011 va 2012 yillarda xorijdan kelgan qozoqlarga taqdim etilmish o‘rolmonlik guvohnomalari bir yilga berilgan va hozirda ularning yaroqlilik muddati o‘tib ketgan. O‘tgan vaqt mobaynida qonunga bir necha bor o‘zgartish kiritilgan va 2015 yil dekabrida kiritilgan so‘nggi o‘zgartishlarga muvofiq, endilikda o‘rolmonlik maqomini olgan shaxslar darhol fuqarolik olish uchun hujjat topshirishi mumkin.

- Biroq migratsiya politsiyasi [eronlik va o‘zbekistonlik qozoqlarning] o‘rolmonlik guvohnomasi yaroqlilik muddati o‘tib ketgani uchun ulardan hujjat qabul qilmagan va bu mamlakatlar fuqaroligidan chiqqanligi haqida elchixonadan ma’lumotnoma olib kelishni talab qilgan, - dedi Aset Jaqsiliqqizi.

Mang‘istauda istiqomat qiladigan ayrim o‘rolmonlarga bunday ma’lumotnomani olish mahol ko‘rinadi. Masalan, o‘zbekistonlik o‘rolmonlar Olmaota shahrida joylashgan O‘zbekiston elchixonasiga borib kelish o‘zlari uchun haddan ziyod serxarajat ish ekanini aytib nolishadi. Eronlik va turkmanistonlik o‘rolmonlar esa bu mamlakatlarning Aqtauda joylashgan konsulxonalaridan ma’lumotnoma olish uchun 24 ming tanga yoki 68 AQSh dollari miqdorida to‘lov to‘lashi kerak. Bu xarajatni ularning hamyoni ko‘tarmaydi. Shu vajdan boshqarma fuqarolik olish tartibini jo‘nlashtirish iltimosi bilan Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy rivojlanish vazirligiga murojaat qilgan. Vazirlikning dastlabki javobida o‘rolmonlar bu masalani o‘z elchixonalari bilan hal qilishlari lozimligi aytilgan.

- Biz Mang‘istau viloyatida fuqarolik so‘ragan juda ko‘p odam borligini aytdik. Vazirlik ularning ro‘yxatini so‘radi. Biz hammani ro‘yxatdan o‘tkazib, fevral oyi oxirida vazirlikka jo‘natdik. Biroq bu borada javob qachon kelishini aniq aytib berolmayman. Shuning uchun biz o‘rolmonlarga: “Mart oyi oxirida kelinglar”, deyapmiz, - dedi Aset Jaqsiliqqizi.

Bunday muammo faqat Mang‘istaudagina emas, boshqa viloyatlarda ham mavjudligini aytgan boshqarma mulozimasiga ko‘ra, agar Ostona ruxsat bersa, viloyatdagi barcha o‘rolmonlar fuqarolik olish uchun hujjat topshiradi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mustaqillik yillarida Qozog‘istonga xorijdan 1 millionga yaqin etnik qozoq ko‘chib kelgan. Ularning 60 foizdan ortiqrog‘ini O‘zbekistonda tug‘ilgan qozoqlar tashkil qiladi.

XS
SM
MD
LG