Линклар

logo-print

Farg‘ona viloyati Beshariq tumani Ichki ishlar bo‘limining katta leytenanti mahalliy tadbirkorni otib o‘ldirganlikda gumonlanib hibsga olindi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ismi oshkor qilinmayotgan 29 yashar militsiya xodimi jinoyatini yashirish maqsadida tadbirkorning murdasini mayda bo‘laklarga bo‘lib suvga oqizib yuborgan.

Beshariq tuman IIBning jinoyat qidiruv bo‘limi xodimi, asli qo‘qonlik 29 yashar militsiya zobiti 6 mart kuni hibsga olingan.

Farg‘onadagi huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, militsioner yigit O‘zbekiston jinoyat-protsessual kodeksining 221-modasiga ko‘ra hibsga olingan:

“Katta leytenent jinoyat sodir etilgan kuni qo‘lga olindi. Uni 221-moddaga ko‘ra, hibsda ushlab turishi uchun asoslari bo‘lgani uchun ushlashdi. Guvohlar uni jinoyatni sodir etgan shaxs sifatida ko‘rsatishgan”, dedi huquq-tartibot idoralaridagi manba ismini ochiqlamaslik sharti bilan.

Tafsilotlardan xabardor beshariqlik manbaning Ozodlikka bergan ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘qonlik militsioner xizmat vazifasini bajarayotgan paytda jinoyatni sodir etgani aniqlangan:

“Shu kuni militsiya zobiti navbatchilikka tushgan. Unga PM ya’ni Makarov pistoleti - 5.45 mmli o‘q otar jangovar quroli 16 dona o‘q bilan berilgan. U 6 mart kuni tadbirkor bilan uchrashgan payti yonida shu qurol bo‘lgan. Ular avtomashinada janjallashib qolishadi. O‘zaro janjal oqibatida jinoyat qidiruv xodimi, katta leytenant yonidagi o‘q otar qurolidan tadbirkorga qarata bir necha marta o‘q uzadi”, dedi tafsilotlardan xabardor manba.

Manbaga ko‘ra, dastlabki tergov jarayonida qo‘qonlik militsiya zobiti jinoyatini yashirish maqsadida tadbirkorning murdasini bo‘laklab, bir qismini yoqib yuborgani, qolgan qismini suvga oqizgani aniqlangan:

“Tadbirkor murdasini yashirib, tag-tugi bilan yo‘q qilib yuborish maqsadida Beshariq tumanidagi dala maydoniga olib boradi. U tadbirkorning bosh miya qismini kesib olib, selofan paketga solib, tez oqar daryo irmog‘iga olib borib tashlaydi. Murdaning qolgan qismini yoqib yuboradi va yongandan qolgan qismini dalaning ovloq joyiga olib borib ko‘madi. Bu ishlarni qilayotganda u militsiya kiyimida bo‘ladi”, deydi tafsilotlardan xabardor manba.

Manbaning Ozodlikka yo‘llagan ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘qonlik militsioner jinoyat sodir etilgan joydan qaytayotgan payti uni ko‘rib qolgan bir dehqonning guvohligi asosida u ushlangan:

“Katta leytenant dalada ishlayotgan dehqonni “Hovlimda boqayotgan qo‘yim o‘lib qolgandi, shuni ko‘mib qaytayapman”, deb aldagan. Keyin rostdan ham tirik qo‘yini uydan olib kelib, o‘ldirib, tadbirkorning ko‘milgan murdasi bo‘laklarini chiqarib olib, uning o‘rniga qo‘yning jasadini ko‘madi. Tadbirkorning murdasi bo‘laklarini olib, daryo irmog‘iga tashlaydi”, deydi voqea tafsilotlaridan yaxshi xabardor Ozodlik manbasi.

Farg‘onadagi huquq-tartibot idoralaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, hozircha o‘ldirilgan tadbirkorning murdasi bo‘laklari topilmagan, qidiruv ishlari davom etayapti.

O‘zbekistonda militsiya xodimlari tomonidan jinoyat sodir etish hollari kam bo‘lsada, uchrab turadi.

Jumladan, o‘tgan yil oxirida Qarshida 13 nafar militsiya xodimi pora olish, qiynoq va asossiz ravishda hibsda ushlab turish kabi 11ta jinoyatda aybdor deb topilib, uzoq yillik qamoq muddatlariga hukm qilindi.

XS
SM
MD
LG