Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:16

YeI va Turkiya muhojirlarni almashish bitimi borasida muzokara qilmoqda


Turkiya Bosh vaziri Ahmad Dovudo‘g‘li, Germaniya Kansleri Angela Merkel va boshqa mulozimlar.
Turkiya Bosh vaziri Ahmad Dovudo‘g‘li, Germaniya Kansleri Angela Merkel va boshqa mulozimlar.

Turkiya bilan Yevropa Ittifoqi minglab muhojirlarni Turkiyaga qaytarish bo‘yicha ehtimoliy bitim shartlari bo‘yicha kelishib olishdi. Lekin mazkur reja BMT va inson huquqlari tashkilotlari tanqidiga uchradi.

7 mart kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Turkiya taklif etgan rejaga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi qabul qilib olgan har bir qochqin evaziga Turkiya Gretsiyadan bir nafar nolegal muhojirni qaytarib olib ketishi nazarda tutilgan. YeI yetakchilari mazkur taklifni yakuniy bitimning asosi bo‘lishiga umid qilishlarini bildirishdi.

“Ochig‘ini aytganda, Turkiya sammitga juda jozibador takliflar bilan keldi. O‘ylashimcha, bundan ko‘pchilik mamnun qoldi”, dedi Gretsiya Bosh vaziri Aleksis Sipras.

Germaniya Kantsleri Angela Markel, Yevropa Komissiyasi Raisi Jan-Klod Yunker, Britaniya Bosh vaziri Devid Kemeron va YeI Raisi Donald Tusk Turkiya ilgari surgan taklifni “haqiqiy natija”, deya e’tirof etishdi, lekin bu rejani takomillashtirish uchun vaqt talab etilishini bildirishdi.

Turkiya bilan bitim shartlari borasida muzokara qilish vazifasini o‘z zimmasiga olgan Tusk “Yevropaga palapartish migratsiya davri tugadi”, deya bayon qildi.

Nolegal muhojirlarni qochqinlarga birga-bir almashtirish taklifi evaziga Turkiya o‘z hududidagi suriyalik qochqinlar uchun YeIdan 3 milliard yevroga teng yordamni ikki barobarga ko‘paytirish hamda Turkiyaning YeIga a’zoligi borasidagi muzokaralar va o‘z fuqarolari uchun vizaning bekor qilinishi jarayonini tezlashtirishni talab qildi.

Yevropa yetakchilari yordamni ko‘paytirishga rozi bo‘ldi, lekin qancha pul berilishini aniqlshatirishmadi. Bundan tashqari Turkiya fuqarolari YeIga vizasiz safar qilish imkonini joriy yil iyun oyi oxiriga qadar qo‘lga kiritishlari va’da qilindi. Buning uchun Anqaradan ayrim shartlarni bajarishi, jumladan, musulmon mamlakatlarga viza joriy qilish va qalbakilashtirish qiyin bo‘lgan biometrik pasportni muamalaga kiritishi kerak bo‘ladi.

Lekin BMTning qochqinlar masalasi bo‘yicha idorasi muhojirlarni ommaviy tarzda chiqarib yuborish xalqaro qonunlarga ko‘ra taqiqlanganini aytmoqda.

Qochqinlar idorasining Yevropa byurosi rahbari Vinsan Koshetel Gretsiyaga kelayotgan qochqinlarning 91 foizi Iroq, Suriya va Afg‘oniston kabi urushdan aziyat chekayotgan mamlakatlardan ekanini eslatib, “palapartish muhojirlar to‘g‘risidagi gap-so‘zlardan charchadim”, deya bayon qildi.

Amnesty International xalqaro tashkiloti taklif etilayotgan bitimni keskin tanqid qildi. “YeI va Turkiya yetakchilari bugun yanada past ketishdi, dunyoning eng zaif va himoyalanmagan odamlar huquqlari va qadr-qimmati ustida chayqovchilar kabi savdolashmoqda”, deya bayon qildi tashkilotning Bryusseldagi vakolatxonasi rahbari Iverna MakGovan.

Huquq faollari YeI-Turkiya ehtimoliy bitimini "pastkashlik", deya baholadi
Huquq faollari YeI-Turkiya ehtimoliy bitimini "pastkashlik", deya baholadi

Turkiya Bosh vaziri Ahmad Dovudo‘g‘li muhojirlarni almashtirish taklifini “vaziyatni o‘zgartiruvchi” vosita, deya atab, reja Yevropaga noqonuniy migratsiyani qaytarishga hissa qo‘shishi, odamlar hayotini saqlab qolishi va odamlarni noqonuniy tarzda Yevropaga tashiyotganlarga zarba berishini ta’kidladi.

“Biz Turkiyadan Gretsiyaga ketayotgan nolegal muhojirlarni, ularning kelib chiqishidan, qaysi mamlakatdan ekanidan qat’iy nazar, qabul qilib olish orqali jasur qaror oldik”, dedi Dovudo‘g‘li. “Biz ularni qabul qilib olar ekanmiz, Turkiya Gretsiya orollaridan qaytarib olayotgan har bir suriyalik uchun boshqa bir suriyalik Yevropada panoh topadi”, deya qo‘shimcha qildi u.

Ayni paytda, NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg 7 mart kuni Bryusselda Dovudo‘g‘li bilan muzokaralardan keyin NATO kemalari Egey dengizida odam savdosini to‘xtatish maqsadida Gretsiya va Turkiya suv havzalarini kuzata boshlaganini bildirdi.

Bryussel sammiti Yevropada Ikkinchi Jahon urushidan beri qochqinlar bilan bog‘liq eng yirik bo‘hronga yuz tutgan bir paytda vaziyatni nazoratga olishga qaratilgan navbatdagi diplomatik harakatdir. Muhojirlar bo‘hroni YeIga a’zo mamlakatlar orasida parokandalik yuzaga kelishi tahlikasini tug‘dirdi va bir necha o‘n yildan beri barpo qilingan vizasiz Shengen hududi g‘oyasini shubha ostiga qo‘ydi.

O‘tgan yildan beri Turkiyadan Gretsiya va Makedoniya orqali Serbiyaga o‘tib, u yerdan G‘arbiy Yevropaga 880 mingdan oshiq muhojir kirib kelgan.

Oqim joriy yilda yanada ko‘paydi, 2016 yilning dastlabki ikki oyi davomida Turkiyadan Gretsiyaga 132 ming qochqin o‘tdi.

XS
SM
MD
LG