Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:52

BahsOnline: Mustaqil O‘zbekistonda ayollar erkinlashdimi?


O‘zbekistonda 8 mart - Xotin-qizlar kuni munosabati bilan ayollar sha’niga aytilgan maqtovlaru, ularning bugungi jamiyatdagi o‘rni borasida bildirilgan turli fikr-munosabatlar ortidan yuqoridagi savol o‘rtaga chiqdi. BahsOnline eshittirishining navbatdagi sonida o‘zbekistonlik ikki ayol shu savol ustida tortishadilar. Marhamat, bahsimizda siz ham ishtirok eting!

O‘zbek ayollarining mamlakat mustaqilligi yillarida jamiyatdagi o‘rni, mavqei va qadri misli ko‘rilmagan darajada o‘zgardi.

Ayollar hozir jamiyat hayotining hamma qatlamida faol. Bir vaqtlar erkaklarga tegishli ko‘rilgan kasb, hunar, majburiyatlar ham sekin-sekin ayollar zimmasiga o‘tib ketdi.

Sodda aytganda, keyingi yillarda bozorda o‘nta sotuvchini ortda qoldirgan tujjor ayollar, militsionerlarni bitta baqirig‘i bilan o‘chiradigan haqdor ayollar, tashkilotma-tashkilot hujjat tashigan ayollar, Dubayu Urumchidan mol tashiganlarga bosh bo‘lgan ayollar, bitta oilda 4-5 bolani boqib-o‘qitgan ayollar, mahalla qo‘mitalariga rais bo‘lib hammani cho‘chitgan ayollar, oyda bir choyxonada osh yeb dam oladigan ulfat ayollarning toifalari paydo bo‘ldi.

So‘nggi yillarda ijtimoiy tarmoqlar, degan bir hodisa ham o‘zbeklar hayotida ommalashdiki, asrlar davomida ayollar va nafaqat ayollar, balki millatda shakllangan va mutlaq hukmron bo‘lgan ko‘plab qadriyat, ahloqiy norma va majburiyatlar bilan bog‘liq cheklovlar butkul parchalanib ketdi.

8 mart - Xotin-qizlar kuni munosabati bilan bu mavzuda fikr bildirgan o‘zbekistonlik shoira Dilorov Ishoqova, hatto, "ayollar erkinlashdi, yana ham aniqrog‘i erkaklashdi" deb fikr bildirdi.

Ammo, vaziyatga baho beruvchilar orasida buni ayollarning erkinlashishi, deb baholovchi va ayni paytda buni erkinlik emas, balki so‘nggi 25 yil ichida O‘zbekistonda yuzaga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatga qaramlik, deb baholovchilar bo‘lmoqda.

Bulardan biri - o‘zbekistonlik filologiya fanlari nomzodi, mustaqil tadqiqotchi Dilorom Hamroeva fikricha, so‘nggi 20 yillik davr ichida o‘zbekistonlik ayollar haqiqatda erkinlashdi. Muqaddam xorijga yolg‘iz ketib o‘qishi yoki ishlashi milliy zehniyatga ko‘ra noto‘g‘ri ko‘rilgan qizlar yoki erli juvonlar hozir istalgan davlatiga ketmoqda.

Mahalla qo‘mitalari, hokimiyat organlarida, fermer xo‘jalaliklarida tanilgan "tursunoylar" barmoq bilan sanarli edi. Hozir har 3 fermerning biri ayol kishi. Dilorom Hamroeva fikricha, ayollarga jamiyatning istalgan qatlamida peshqadamlikni qo‘lga olishi uchun milliy mentalitet yoki ana’alardan kelib chiquvchi to‘siqlar parchalanib ketgan.

"Tabiiyki, buning salbiy-ijobiy tomonlari bor, bugun ayollar ijtimoiy mas’uliyatning katta qismini zimmasiga oldi. Ammo muhimi ayolning erkinlashdi, milliy zehniyatda asrlar davomida ayollarga qo‘yilgan aksar taqiqlar birma-bir bekor bo‘ldi", deb hisoblamoqda Dilorom Hamroeva.

O‘zbekistonlik yana bir faol, jurnalist Malohat Eshonqulova esa aksincha, so‘nggi 25 yil ichida ayollar qaramlashdi-qullashdi, deb hisoblaydi. Uning fikricha, ayollar mamlakatdagi avtoritar boshqaruv ostida abgorlashgan siyosiy-ijtimoiy-iqtisodiy ahvolning qurbonlariga - qullariga aylangan.

"Bugun ayollar siyosiy haqlari toptalgan, iqtisodiy imkoniyatlari o‘ta cheklangan eng ojiz va abgor qatlamga aylandi. Erkinlik haqida umuman gap bo‘lishi mumkin emas", deydi Malohat Eshonqulova.

Ozodlik shu ikki faolni bahsga chorladi va chorshanba, 9 mart kuni, Toshkent vaqti bilan soat 19:05da boshlanadigan BahsOnline jonli muloqotining navbatdagi sonida ushbu bahsni tinglashingiz hamda ishtirok etishingiz mumkin.

Bahsimizda, asosan, quyida savollarga to‘xtalamiz:

- O‘zbekistonda mustaqillik yillarida ayollar erkinlashdimi?

- Aslida siz erkinlik, ayniqsa, ayollar erkinligi, deganda nimani tushunasiz, insoniyatning bu qatlamiga qanday haqlarni berasiz?

- Sizningcha, o‘zbeklarda shakllangan an’anaviy "erkakning ishi" yoki "ayolning ishi" degan tushunchalar so‘nggi 25 yil ichida qanchalik o‘zgardi va qay tarafga o‘zgardi?

- Umumiyatla, bu o‘zgarishlardan qoniqdingizmi yoki qoniqmadingizmi?

Marhamat, shu yoki shunga o‘xshash savollar sizni ham o‘ylantirayotgan va bu borada jamoatchilikka aytishni istagan fikr-mulohazalaringiz bo‘lsa, bahsimizga qo‘shiling!

BahsOnline jonli muloqotining navbatdagi soni chorshanba, 9 mart, Toshkent vaqti bilan soat 19:05da!

XS
SM
MD
LG