Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:30

Irrigatsiya instituti talabalari paxtaga chiqmagani uchun o‘qishdan haydalishi mumkin


Toshkent Irrigatsiya va melioratsiya institutining o‘tgan yilgi mavsumda paxtaga bormagan o‘nlab talabasi o‘qishdan haydalish xavfi ostida qolgan. Institutning Gidromelioratsiya hamda Gidrotexnika inshootlarini qurish fakultetlari yuqori kurs talabalarining Ozodlikka aytishicha, paxtaga bormagan talabalardan dekanlar pul talab etmoqda. Pul bermagan talabalar reyting daftarchasiga baholari qo‘yib berilmasligi va o‘qishdan haydalishlari haqida ogohlantirilgan.

Institutning Gidromelioratsiya fakulьteti 4- bosqich talabasi Ozodlik bilan suhbatda bu haqda shunday dedi:

- Hozir dekan zachetkamizni olib qo‘ygan. Ballarimizni shu daftarchaga qo‘ydirolmayapmiz. "Paxtaga bormagansan, paxta termagansan, sening o‘rninga biz topshirganmiz, shuni pulini berganmiz", deyapti. "Shuning uchun pul berasan, bo‘lmasa ota-onangni olib kelasan", deb do‘q qilyapti. Aks xolda zachyotkalarimizni ololmas ekanmiz, - deydi ismi sir qolishini so‘ragan TIMI talabasi.

Institutning boshqa bir talabasi ham paxtaga bormagani uchun dekan reyting daftarchasini olib qo‘ygani, ballari daftarchaga qo‘yilmasa imtihonga kiritilmasligi va oqibatda o‘qishdan haydalishi mumkinligini aytadi.

- Zachetkani bermasa fanlardan ballarni ololmaymiz. Ballar qo‘yilmagandan keyin davlat imtihoniga ham qo‘yishmaydi. Imtihonga qo‘yishmasa o‘qishdan haydashadi yoki keyingi yilga qolib ketishimiz mumkin. Hozir yuzdan ziyod talabaning zachetkasi olib qo‘yilgan, - deydi Toshkent Irrigatsiya va melioratsiya institutining Gidrotexnika inshootlarini qurish fakulteti 4- bosqich talabasi.

Ozodlik talabalarning shikoyati yuzasidan Toshkent Irrigatsiya va melioratsiya instituti rektoratiga bog‘landi.

Rektorat mas’ullaridan biri institutda paxta terimi talabalar uchun o‘quv amaliyot mashg‘ulotlariga tenglashtirilgani va unda qatnashmagan talabalar fanlarni to‘liq o‘zlashtirmagan yoki darsga to‘liq qatnashmagan talaba sifatida malakalanishini aytdi.

Mulozim paxtaga bormagan talabalardan pul ta’ma qilinayotgani haqidagi iddaolarni rad etdi.

- Bizda paxta o‘quv amaliyotidir. Paxtaga bormagani amaliyot o‘tamagan, degani. Demak, talaba qarzdor hisoblanadi, buni otrabotka qilib berishi kerak bo‘ladi, - dedi TIMI mulozimi.

Ozodlik institutning yuqorida tilga olingan fakultetlari dekanlari bilan bolana olmadi.

Institutning ichki qoidalariga ko‘ra, qarzdor talaba o‘qishdan chetlatilishi yoki keyingi bosqichga o‘tkazilmasligi mumkin.

O‘zbekistonda o‘quv yili boshlanishi bilan oliy o‘quv yurtlari va kasb-hunar kollejlari talabalarini paxta terimiga safarbar qilish an’anaga aylangan.

Toshkentdagi Irrigatsiya va melioratsiya instituti va Qishloq xo‘jalik universiteti talabalari paxta terimiga birinchilardan bo‘lib olib chiqiladi.

Arzon garov mehnat kuchi deb ko‘riladigan talabalar o‘qish bir chetda qolib, bir necha oy mobaynida paxta teradi.

- Paxta terimining o‘qish jarayoniga qanday aloqasi bo‘lishi mumkin? Maqsad bu yerda talabalardan tekin ishchi kuchi sifatida foydalanish, - deydi TIMI talabasi.

XS
SM
MD
LG