Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:28

Putinga qarshi sanksiya qo‘llash talabi fonida Nadejda so‘nggi so‘zini aytdi


Rossiyaning Donetsk shahrida o‘tayotgan sudda ukrainalik Nadejda Savchenko oxirgi so‘z bilan chiqib, ochlik aktsiyasini davom ettirishini bildirdi.

Cud o‘z hukmini 21 va 22 mart kunlari e’lon qilishini bildirib, Savchenkoga qarindoshlari, Ukraina konsuli va shifokorlar bilan uchrashishni taqiqladi.

Yevropa parlamenti deputatlari Nadejda Savchenko ishi bilan bog‘liq noqonuniy harakatlarni amalga oshirgan, deb 28 rus amaldori, xususan Vladimir Putinga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etishni taklif etdi.

Chorshanba ertalab 10 larda boshlangan sud majlisiga olib kelingan Nadejda Savchenkoni ko‘rish istagida bo‘lgan Ukraina deputatlari va jurnalistlarini mahalliy politsiya to‘xtatishga urindi.

Ozodlik Radiosi muxbirlari ham sud zaliga kiritilmadi.

Xabar qilinishicha, ichkariga faqat “Birinchi kanal”, “Rossiya” va “Zvezda” telekanallari jurnalistlari kiritildi. Qolganlar Savchenkoning nutqini alohida xonada teleekrandan eshitdi.

Nadejda Savchenko 3 mart kuni ochlik e’lon qilgan va o‘sha kuni “Radio Svoboda” saytida uning sudda o‘qimoqchi bo‘lgan oxirgi so‘zi matni e’lon qilingan edi.

Nutq matnida Savchenko o‘ziga bildirilgan ayblovni, sudni va sud chiqaradigan hukmni tan olmasligini aytgan.

Savchenko, shuningdek, sud hukm chiqarganidan so‘ng ham ochlikni 10 kun davom ettirishini yozgan. “Shundan so‘ng Rossiya meni o‘g‘irlab kelishgan Ukrainaga qaytarish uchun 10 kunlik muddatga ega bo‘ladi”,deb yozadi Savchenko.

“Sud mening yana bir hafta umrimni o‘g‘irladi va sizda hukmni o‘qishga yana bir hafta vaqtingiz qoldi. Balki men hukm chiqqunga qadar tirik bo‘lmasman. Siz o‘z xatoingizni tan olishingiz mumkin, lekin bunga ishonchim yo‘q. O‘z kuchingizni ko‘rsatmoqchi bo‘lsangiz – ko‘rsatavering. Ammo esda tuting: mening hayotim bilan o‘ynashayabsiz, menda yo‘qotadigan hech narsam qolmadi. Hukm bir haftadan kechga qoldirilsa, quruq ochlikni davom ettiraman. Hukmni kutib o‘tirmayman... Men uchun oldi-berdi davom etguncha, hayot meni tark etadi va Rossiya meni baribir Ukrainaga qaytaradi – tirik yo o‘lik holda, ammo qaytaradi!”, deb yozdi Nadejda Savchenko.

Nadya Savchenko sudda
Nadya Savchenko sudda

Oxirgi so‘zini aytayotgan asira birdan kursi ustiga chiqib, sudyalarga o‘rta barmog‘ini ko‘rsatib “Mana sizga mening oxirgi so‘zim!”, dedi.

Advokat Mark Feygin sud mahkamasidan keyin jurnalistlar bilan suhbatda rus hukumati uchun bunday vaziyatda Savchenkoni ozod qilish yagona oqilona harakat ekanini bildirdi. U Nadejdani “Ukrainaga jazoni ijro etish uchun jo‘natish” mumkinligini ham eslatib qo‘ydi.

- Agarda Rossiya hukumati uni o‘z vataniga qaytarilishiga ishontira olsa, u ochlikni to‘xtatishi mumkinligiga shans katta. Aks holda – hukm chiqarilishiga ikki hafta bor, quruq ochlikda odam buncha yashay olmaydi. Savchenko yo majburan ovqatlantiriladi, yo o‘ladi, dedi himoyachi Nikolay Polozov.

Keyinroq Polozov sud 21 martga qadar Nadejdaning onasi va singlisiga hamda ukrain shifokorlari va konsullariga uchrashishga ruxsat bermaganini aytdi.

Savchenko himoyasiga namoyishlar o‘tmoqda

Ayni paytda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida ukrainalik uchuvchi ayol himoyasiga ommaviy namoyishlar va piketlar davom etmoqda.

Rossiyaning Kievdagi elchixonasi oldidagi bugungi ahvol
Rossiyaning Kievdagi elchixonasi oldidagi bugungi ahvol

Kievdagi Rossiya elchixonasi oldida bir necha kundirki mahalliy fuqarolar aksiyalari davom etmoqda. 6 mart kuni Rossiya prokuraturasi tomonidan 23 yilga qamalishi so‘ralganidan g‘azabga kelgan kievliklar diplomatik vakolatxonaga tuxum otdi, bir nechta mashinasini vayron qildi. Bu kabi namoyishlar Odessa va Ukrainaning boshqa shaharlarida bo‘lib o‘tmoqda.

Rossiya ichkarisida qator jamoatchilik namoyandalarining Vladimir Putinga murojaatlari e’lon qilindi. Rossiya xalq artisti Vladimir Nazarov Savchenkoni ofitser sifatida, ayol sifatida hurmat qilishni talab qildi. Ayni videomurojaat bilan taniqli gruzin aktyori Vaxtang Kikabidze ham chiqdi.

Moskva shahridagi Savchenko himoyasiga o‘tkazilgan piket darhol politsiya xodimlari tomonidan tarqatib yuborildi.

8 mart kuni Yevropa Parlamenti deputatlari shaxsan Vladimir Putin va Nadejda Savchenko ishiga aloqador deb topilgan yana 28 nafar amaldorga nisbatan sanksiyalar joriy qilish talabi bilan chiqdi. 57 nafar yevrodeputat imzolagan bu talab YeIning Tashqi siyosat bo‘yicha Oliy komissari Federiko Mogeriniga yuborildi.

“Biz, Yevropa parlamenti deputatlari YeI xalqaro huquq va Minsk kelishuvlarining Rossiya tomonidan qo‘pol buzilishi davom etayotganiga zudlik bilan javob qaytarishi kerakligiga ishonchimiz komil”, - deyiladi Ozodlik tahririyatiga kelib tushgan murojaatnomada.

(Gruziyada N.Savchenko himoyasiga jonli halqa uyushtirildi)

Vladimir Putindan tashqari sanksiyalar ro‘yxatiga Rossiya FSBsi rahbari Aleksandr Bortnikov, Tergov qo‘mita boshlig‘i Aleksandr Bastrikin va uning xodimlari, Dumaning Xalqaro masalalar bo‘yicha qo‘mita rahbari Aleksey Pushkovni, Savchenkoni o‘g‘irlashda va jinoiy ishini soxtalashtirishda ayblangan qator sud va tergov xodimlari kiritilgan.

Qilingan bu bayonotlarga javoban Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov chorshanba kuni “sud mahkamasiga aralashish mumkin emasligi”ni bildirdi.

Ayni paytda, 11 ming kishidan ziyod odam imzolagan “Yevropa yetakchilariga ochiq xat”da Savchenkoning darhol ozod etilishi talab qilingan.

Savchenkoning aytishicha, u 2014 yil iyunь oyida bir kun davom etgan jang paytida qo‘lga olingan va ayirmachilar tomonidan Rossiyaga yashirin tarzda olib o‘tilgan.

Uning advokatlari ikki jurnalist o‘ldirilgan paytda Savchenko allaqachon ayirmachilar qo‘lida tutqinlikda bo‘lganini isbotlovchi dalillarni qo‘lga kiritganlarini aytmoqda.

34 yoshli ayolning tutqinlikda boshdan kechirganlari va namoyish qilgan matonati uni Ukrainada milliy qahramon maqomiga ko‘tardi.

XS
SM
MD
LG