Линклар

Chorshanba kungi sudda Nadejda Savchenko ustidan chiqariladigan hukm 21 martga qoldirilganidan keyin ukrainalik uchuvchi ochlikni davom ettirishini aytdi.

Uchuvchining Rossiyada hibsda saqlanayotgani va sudlanayotganidan g‘azablangan ukrainaliklar kecha Kievdagi Rossiya elchixonasi va boshqa shaharlardagi konsulxonalar oldida norozilik namoyishlari o‘tkazdilar.

Odessa shahrida g‘azablangan olomon rus konsulxonasi darvozasiga qizil bo‘yoq va tuxum otib, Rossiya prezidenti Vladimir Putin tulumini yoqib yuborganidan keyin politsiya norozilarga qarshi ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘lladi.

Nadejda Savchenko 2014 yil iyulida Ukraina hududidan Rossiyaga o‘g‘irincha olib chiqib ketilgan. Rossiyada uchuvchi ayol Ukrainadagi fuqarolar urushini yoritayotgan ikki rus jurnalistining o‘limida ayblanmoqda.

Prokuror ukrain uchuvchisiga 23 yillik qamoq jazosi so‘ramoqda. Savchenko o‘ziga bildirilgan ayblovni tan olmagan.

Ukrainalik uchuvchi ayol 3 mart kuni ochlik e’lon qilgandi. Kechagi sudda ochlik aktsiyasini davom ettirishi aytgan Savchenko: “Siz mening hayotim bilan o‘ynashayotganingizni anglashingiz kerak, dovga katta narsa tikilgan, mening esa yo‘qotadigan hech narsam yo‘q”, dedi.

XS
SM
MD
LG