Линклар

O‘zbekiston maxsus xizmatlari Moskvada 4 yoshli qizchani o‘ldirgan enaga Gulchehra Boboqulovaning eri Suhrob Mo‘minov va unga qo‘shni bo‘lgan bir ayolni hibsga olganlar.

“Rosbalt” agentligining vaziyatdan boxabar manbasi so‘zlariga tayangan holda yozishicha, Gulchehraning qo‘shnisi bo‘lgan ayol so‘nggi paytlarda qora hijob kiyib yurgani, bu esa O‘zbekiston MXX xodimlariga shubhali ko‘ringani uchun ushlangan.

Boboqulovaning eri Suhrob Mo‘minov ham tergov izolyatoriga tashlangan.

“Rosbalt” manbasiga ko‘ra, maxsus xizmatlar bu ikkovlon terrorchi guruhlarga aloqador bo‘lishi hamda mudhish jinoyatga qo‘l urgan Gulchehraga “ishlov bergan” bo‘lishi mumkinligi yuzasidan shubhalanayaptilar.

Rossiyalik tezkor xodimlar ma’lumotiga ko‘ra, yangi yil bayrami oldidan Gulchehra Boboqulova (pasportini almashtirish uchun) O‘zbekistonga uchib ketgan paytda radikal oqim mutaassibi bo‘lmagan. Samarqandda u eri Suhrob Mo‘minov bilan ko‘p muloqotda bo‘lgan.

“Suhrob bilan muloqotdan keyin Gulchehra butunlay boshqacha bo‘lib qolgan. U hijobda yura boshlagan, qo‘lida joynamoz, qanaqadir diniy adabiyotlar paydo bo‘lgan, Suriyadagi urush haqida bo‘lmag‘ur gaplarni gapira boshlagan”, deydi agentlik manbasi.

Uning fikricha, Boboqulovaga berilgan ishlov jarayoni terror xuruji oldidan xudkush ayollarga beriladigan ishlovga o‘xshagan.

O‘zbekistonlik enaga Gulchehra Boboqulovaga o‘tgan hafta to‘rt yashar qizchani o‘ldirish aybi qo‘yilgan. Bunday jinoyat uchun Rossiya Jinoyat kodeksida 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘zda tutilgan.

XS
SM
MD
LG