Линклар

logo-print

Tojikiston Oliy sudi dindor muxolifatchilar qiynoqqa solinganini rad etmoqda


Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasining qo‘lga olingan va sudlanayotgan a’zolari.

Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasining qo‘lga olingan va sudlanayotgan a’zolari.

Ismi oshkor qilinmasligi sharti bilan Ozodlikning tojik xizmatiga intervyu bergan Oliy sud sudyasi iddaosicha, Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasining hibsda saqlanayotgan a’zolariga nisbatan qiynoq qo‘llanilayotgani haqidagi gaplar asossizdir.

Sudya partiyaning 13 a’zosi ustidan o‘tkazilayotgan mahkama jarayoni huquq-tartibot idoralarining eng yuqori lavozimli mutasaddilari nazorati ostida ekani va shuning uchun ham ularga nisbatan kuch ishlatilmasligini ta’kidlagan.

Shuningdek, u partiya a’zolari ustidan sud davom etayotgani, ayblanuvchilar sud zaliga olib kelinayotgani hamda mahkamada ularning advokatlari ham ishtirok etayotganini ma’lum qildi.

Sudyaga ko‘ra, mahkama talabi bilan jarayonda ayblanuvchilarning yaqinlari ham qatnashmoqda.

“Agar kuch ishlatilganda va qiynoq qo‘llanilganda, ular sezgan bo‘lardilar”, dedi Tojikiston Oliy sudi sudyasi.

Sudya tergov izolyatorida Islom uyg‘onish partiyasi a’zosi Hikmatullo Sayfullozodaga nisbatan qiynoq qo‘llanilganiga oid iddaoni ham rad etdi.

7 mart kuni Freedom House xalqaro tashkiloti Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasiga qarashli “Najot” gazetasi bosh muharriri Sayfullozoda hibsxonada qiynoqqa tutilayotgani yuzasidan xavotir izhor qilgandi.

Partiyaning 13 nafar a’zosi davlat idoralariga qurolli bosqinda ayblangan mudofaa vaziri o‘rinbosari Abduhalim Nazarzodaga qarshi amaliyoti tugashi bilanoq, aniqrog‘i, o‘tgan yilning 16-17 sentyabr kunlari hibsga olinganlar.

Tojik rasmiylari Islom uyg‘onish partiyasi rahbariyati va a’zolarini, xususan, hozirda xorijda yurgan partiya lideri Muhiddin Kabiriyni bu qurolli isyonga aloqadorlikda ayblaganlar.

2015 yil 29 sentyabrida Tojikiston Oliy sudi bu partiyani terroristik va ekstremistik tashkilot, deb e’lon qilgan hamda uning mamlakatda faoliyat yuritishini taqiqlab qo‘ygan. Biroq partiya vakillari, jumladan, uning lideri Kabiriy mazkur “isyon” partiya faoliyatiga chek qo‘yish uchun bahona bo‘lganini aytib, bu ayblovlarni rad etmoqda.

Avvalroq xalqaro huquqni muhofaza qilish tashkilotlari so‘nggi oylarda Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasining 200 ga yaqin a’zosi qo‘lga olinganini, ularning ayrimlariga nisbatan g‘ayriinsoniy munosabatda bo‘linayotganini bildirib chiqqandilar.

Markaziy Osiyoda inson huquqlari assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgacha partiyaning 8 a’zosi 4 yildan 18 yilgacha qamalgan. Bu partiyaga a’zo bo‘lgan 6 kishi bedarak ketgan. Boshqa o‘nlab a’zo, shu jumladan, partiya raisi Muhiddin Kabiriy qidiruvga berilgan.

O‘tgan oy Human Rights Watch va Norvegiya Helsinki qo‘mitasi kabi xalqaro huquqni himoya qilish tashkilotlari Tojikiston rasmiylaridan mamlakatdagi barcha siyosiy mahbuslarni ozod qilishni talab qilib chiqqandi.

Bu ikki tashkilot vakillariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mintaqasida yagona bo‘lgan islomiy partiya o‘tgan yil sentyabrida taqiqlanganidan keyin Tojikistonda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat yanada yomonlashgan.

XS
SM
MD
LG