Линклар

logo-print

4 yashar nogiron bolani o‘ldirganlikda gumonlanayotgan o‘zbekistonlik Gulchehra Boboqulova keyingi 30 kunni psixiatriya shifoxonasida o‘tkazadi. “Pechatniki”dagi ayollar tergov izolyatoridan Boboqulovaning “Butirka” tergov izolyatori huzuridagi kasalxonaga vrachlar nazorati ostiga o‘tkazilishi xabar qilindi. Ayni paytda¸ O‘zbekiston maxsus xizmatlari ayoblanuvchi ayolning eri va unga qo‘shni bo‘lgan bir ayolni hibsga olgan.

Boboqulova ruhiy kasallar bo‘limiga o‘tkazildi

Moskvada shu yilning 29 fevralida o‘z qaramog‘ida bo‘lgan qizaloqni o‘ldirib, boshini tanasidan judo qilgan samarqandlik 39 yashar Gulchehra Boboqulova bungacha saqlangan Moskvaning “Pechatniki” tumanidagi 6-sonli ayollar izolyatoridan “Butirka” qamoqxonasi huzuridagi psixiatriya bo‘limiga o‘tkazildi.

TASS agentligining o‘z manbasiga tayanib xabar qilishicha, bu qaror o‘tgan hafta oxirlarida qabul qilingan:

- Uni 6-sonli ayollar SIZOsidan 2-sonli (“Butirka” – tahr.) tergov izolyatorida joylashgan psixiatriya shifoxonasiga shifokorlar nazorati ostiga o‘tkazish qarori qabul qilindi, dedi o‘zini tanishtirmagan manba.

Aytilishicha¸ ayblanuvchi Boboqulova keyingi 30 kunni shu muassasada o‘tkazadi. Oldinroq ayblanuvchiga narkologiya-psixiatriya-psixologiya ekspertizalari tayinlangani e’lon qilingan edi.

4 mart kuni o‘zbekistonlik muhojir ayolga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 105-moddasi 2 -qismi (“Voyaga yetmaganni o‘ldirish”) asosida jinoiy ish ochildi. 2 mart kuni Boboqulova mahalliy sud qarori bilan tergov yakuniga qadar ikki oylik hibsga olingan edi.

Jinoyat sodir etilganidan ko‘p o‘tmay¸ o‘zbekistonlik enaganing qotillikka “Rossiyaning Suriyadagi maxsus amaliyotlari” tufayli qo‘l urganini tushuntirayotgan videokadrlar paydo bo‘ldi.

Rossiya Tergov qo‘mitasi Boboqulovaning diniy va siyosiy bayonotlarini jiddiy qabul qilmaslik, zero unga “shizofreniya” tashxisi qo‘yilganini bildirdi.

- Bu kabi jinoyatlarni bunday odamlar kasallikning keskinlashishi vaqtida sodir etadi, kasallik huruji qaytganidan keyin esa uni tushuntirishga urinadi. Shu sababli ulardan aqlga sig‘maydigan va afsonaviy bahonalar yangraydi. Ayrimlari o‘zlarini Napoleon, kimdir Indira Gandi va boshqa deb e’lon qiladi. Menimcha, bu ayolning gap-so‘zlariga faqat psixiatriya mutaxassislarigina jiddiy e’tibor berishlari kerak, dedi Rossiya Tergov qo‘mitasi rasmiy vakili Vladimir Markin.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham bolaning vahshiyona o‘ldirilishini terrorchilik bilan bog‘lamaslikni so‘radi.

Ayni paytda tergovchilar Gulchehra Boboqulovani bu jinoyatni sodir etishga undagan “sheriklar” qidiruvga berilganini ma’lum qildi. Ulardan biri Boboqulova bilan so‘nggi vaqtda jazmanlik qilib kelgan tojikistonlik 1975 yilda tug‘ilgan shaxsdir.

Rossiya matbuotiga ko‘ra, Boboqulova bilan Moskvada sha’riy nikoh qurgan tojikistonlik Mamur Jo‘raqulov bir necha kun avval Dushanbe shahrida qo‘lga olingan.

Gulchehra Boboqulova tojikistonlik 48 yoshli Mamur Jo‘raqulov bilan 2014 yilda tanishgan va juftlik Moskvada vaqti-vaqti bilan uchrashib turgan.

O‘zbekistonda Gulchehraning sobiq eri va qo‘shnisi hibs etildi

O‘zbekiston maxsus xizmatlari Moskvada 4 yoshli qizchani o‘ldirgan enaga Gulchehra Boboqulovaning eri Suhrob Mo‘minov va unga qo‘shni bo‘lgan bir ayolni hibsga olganlar.

“Rosbalt” agentligining vaziyatdan xabardor manbasiga ko‘ra, Gulchehra Boboqulovaning qo‘shnisi bo‘lgan ayol so‘nggi paytlarda qora hijob kiyib yurgani, bu esa O‘zbekiston MXX xodimlariga shubhali ko‘ringani uchun ushlangan.

Boboqulovaning eri samarqandlik Suhrob Mo‘minov ham tergov izolyatoriga tashlangan. Gulchehraning guvohlik berishicha, u Suhrob bilan 2008 yilda tanishgan, nikohdan o‘tib ikki yilcha birga yashagan. Lekin uning xiyonati tufayli 2010 yilda ular ajrashib ketgan.

“Rosbalt” manbasiga ko‘ra, maxsus xizmatlar hibsga olingan shaxslarni terrorchi guruhlarga aloqadorlik va mudhish jinoyatga qo‘l urgan Gulchehraga “ishlov bergan”likda gumonlamoqda.

Rossiyalik tezkor xodimlar ma’lumotiga ko‘ra, yangi yil bayrami oldidan Gulchehra Boboqulova pasportini almashtirish uchun O‘zbekistonga uchib ketgan paytda radikal oqim mutaassibi bo‘lmagan. Samarqandda u eri Suhrob Mo‘minov bilan ko‘p muloqotda bo‘lgan.

“Suhrob bilan muloqotdan keyin Gulchehra butunlay boshqacha bo‘lib qolgan. U hijobda yura boshlagan, qo‘lida joynamoz, qanaqadir diniy adabiyotlar paydo bo‘lgan, Suriyadagi urush haqida bo‘lmag‘ur gaplarni gapira boshlagan”, deydi agentlik manbasi.

Uning fikricha, Boboqulovaga berilgan ishlov jarayoni terror xuruji oldidan xudkush ayollarga beriladigan ishlovga o‘xshamoqda.

U O‘zbekistondan shu yilning boshlarida eski pasportini almashtirib qaytgan.

39 yashar Gulchehra Boboqulova birinchi turmushidan uchta o‘g‘il ko‘rgan: ularning kattasi 19 yoshda (2 mart kuni bu yigitning ham O‘zbekistonda hibsga olingani aytildi), ikkinchisi 18 yoshda (kichikligida qarindoshlari tomonidan asrab olingan), uchinchisi – 16 yoshda.

O‘zbekiston huquq-tartibot organlari Boboqulovaga 1999 yilda “shizofreniya” tashxisi qo‘yilganini ochiqlagan.

O‘zbekistonlik enaga Gulchehra Boboqulovaning to‘rt yashar qizchani o‘ldirish aybi sudda o‘z isbotini topsa, Rossiya Jinoyat Kodeksi asosida 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

XS
SM
MD
LG