Линклар

logo-print

O‘zbekistonda tanilgan ulamo shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf vafotidan bir yil o‘tdi. O‘zbekistonning so‘nggi 30 yillik tarixida sezilarli iz qoldirgan bu shaxsdan qolgan kattagina ilmiy meros hanuz ziddiyatli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

"Islom va musulmonlar" eshittirishida shayx vafotidan keyingi bir yilga nazar tashlagan suhbatdoshlar u kishidan qolgan meros, maktab va u kishining ehtimoliy vorisi haqida suhbatlashdilar.

Shayx hazratlarining yonida 16 yil ta’lim olganini aytgan o‘zbekistonlik yosh ahli ilm Abror Muxtor Aliy Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf yaratgan maktab ayni shaklda faoliyatini davom ettirayotganini aytdi.

Abror Muxtor Aliyga ko‘ra, shogirdlardan iborat alohida bir guruh u kishining hayotligida juda ommabop bo‘lgan "Zikr ahlidan so‘rang" ruknini davom ettirib, jamoatdan tushgan savollarga javob bermoqda. Shayx hayotligida yozgan, ammo chop etishga ulgurmagan kitoblar chop etilmoqda.

Shayxning shogirdi voris masalasidagi savollarga ham javob berarkan, shu kunda Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf o‘rnini bosadigan kishi ko‘rinmayotgani, ammo olimlarning yangi avlodi etishib chiqayotganini aytdi. Gap orasida Abror Muxtor Aliy shayxning o‘g‘li haqidagi savollarga ham javob berdi.

Davra suhbatida ishtirok etgan yana bir o‘zbekistonlik olim - shu kunda Shvetsiyada bo‘lgan Muhiddin Shirinov shayxdan qolgan maktab va ilmiy merosga munosabat bildirdi. U kishining maydonga chiqishini tarixiy sharoit bilan bog‘lagan Shirinov ham hozirda shayx kabi bir din peshvosining O‘zbekistonda paydo bo‘lishiga ehtimol bermadi.

Shirinov fikricha, ham mavjud tarixiy zarurat va ayni paytda O‘zbekistonda hukmron siyosiy rejim talablariga ustalik bilan javob bera oladigan yana bir din peshvosining hozir paydo bo‘lishi imkonsiz.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf haqida qator maqolalar yozib, ijtimoiy tarmoqlar va o‘z blogida e’lon qilib kelayotgan o‘zbekistonlik imom - hozir Shvetsiyada bo‘lgan Muhammadsolih Obutov esa so‘nggi bir yil ichida hech qanday ijobiy o‘zgarish bo‘lmagani va bu hol O‘zbekistonda siyosiy rejim o‘zgarmagunicha davom etadi, degan xulosasini tilga oldi.

Obutov fikricha, aslida O‘zbekistonda va xorijda ilm chuqur bo‘lgan va shayx bilan bemalol tenglasha oladigan ahli ilmlar bor. Ammo, ularga siyosiy erkinliklar berilmagan, turli diniy jamoalarga teng huquq berilmagan.

"Islom va musulmonlar" eshittirishini quyida tinglashingiz mumkin:

Shayx bilan vidolashuv

Shayx O‘zbekistonning so‘nggi 30 yillik tarixida chuqur iz qoldirgan va ziddiyatli shaxs sifatida tarixga kirgan yirik din peshvosidir. ​U kishi 2015 yilning 10 martida Toshkentda yurak xurujidan vafot etdi.

63 yosh - payg‘ambar yoshida vafot etgan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlariga Toshkent shahrining Ko‘kcha dahasi, “Shayx Zayniddin” jome’ masjidida janoza o‘qildi va bu marosimda respublika tarixida kuzatilmagan miqdorda ko‘p odam - 200 ming kishi keldi.

Munozarali meros

Shayx Muhammad Sodiq Muhmmad Yusuf 37 yoshida - 1989-yilda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi etib tayinlangan.

1989-yilda shu lavozimni qabul qilganidan keyingi faoliyati oradan ikki yil o‘tib mustaqil bo‘lgan O‘zbekistonning yangi tarixida shubhasiz chuqur iz qoldirdi va bu davr haqida bugun bildirilayotgan munosabatlar juda ziddiyatlidir.

Ozodlik bu borada qator maxsus dasturlar tayyorladi.

Quyida shayxdan qolgan merosga bildirilgan ba’zi munosabatlar bilan tanishishingiz mumkin:

- S.Rafitdinov: Shayx umrini xalqqa shariatni tushuntirishga sarfladi;

- A.Mo‘minov: Shayxdan musulmonlar orasiga nifoq soluvchi meros qoldi;

- M.Nur: Hazrat so‘nggi 500 yilda chiqqan eng katta ulamo;

- M. Obutov: Shayx mazhabparastlikni tiriltirdi;

- Po‘lat Oxunov: Shayx SSSR deputati sifatida o‘zbeklarni himoya qilgan edi;

- Abdulaziz Mansur: Shayx alg‘ov-dalg‘ov davrda musulmonlarga bosh bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG