Линклар

Sudning kechagi majlisida sudyaga besh barmog‘idan eng uzunini ko‘rsatgan, non emay, suv ichmay hukmni kutib qamoqda yotgan ukrain qiz bilan bog‘liq gaplarni gaplashay, deb na Rossiyadan, na Ukrainadan bir xolis bilgich topdim.

Siyosatshunoslar bir-birini ko‘rolmas, qo‘qqis ko‘rib qolsa chidab turolmas bo‘lib qolganiga ikki sana bo‘ldi: “Krimnashist”lar bir tomon, “Maydan”chilar bir tomon.

Kasbi (harbiy uchuvchi) go‘zal chehrasiyu qaddi-bastiga nomonand Nadejdaning 20 oydan beri davom etayotgan ko‘rgiliklarini o‘ylarkan, ba’zi ramzlarni ko‘rdimki, ularni tushunmoq istagi bilan psixoanaliz fani otasi Freyd (Zigmund Freyd – 1856-1939) oqsoqolni OzodNazarga g‘oyibona taklif qildim.

- Zigmund aka, Nadejda Savchenkoga so‘nggi so‘z aytib olish imkonini 8 martni mo‘ljallab, 9 martda berganlarida qandaydir ramz ko‘rayapman. Hatto, agar 8 mart – ish kuni bo‘lganida Nadejdaga oxirgi so‘zini aynan shu kunda ayttirarmidilar, deb o‘yladim. Yo men yo‘q joydan ma’no izlayapmanmi?

- To‘g‘ri ilg‘absiz. O‘ylayotganingiz holatni yanada yaqqolroq tushunishingiz uchun boshqa narsani aytib o‘tay. E’tibor bering: 20 oydan beri “Savchenko - Rossiya sudi” ziddiyati emas, balki “Savchenko - Putin” ziddiyati davom etmoqda. Bir tomonda surati har qanday yaltiroq jurnal muqovasini bezashi mumkin favqulodda attraktiv, favqulodda seksi Nadejda, ikkinchi tomonda brutal Putin.

- Aytmoqchisizki, avval-boshdanoq asirlikka ukrainalik erkak harbiy emas, aynan ayol harbiy, ayol bo‘lganda ham go‘zal ayol tanlangan?

- Voqealar rivoji shuni ko‘rsatib turibdi. Bu tanlovning Putin uchun yana bir muhim nyuansi bor: u Nadejda Savchenkoni Ukraina ramzi qilib ko‘rsatmoqchi. Ya’ni Ukraina ayol, zaifa; O‘zini esa, Putin, Rossiya deb biladi. Shundan kelib chiqadigan erkak-ayol munosabatlarini nazarda tutayapmanki, u butun dunyoga “Ko‘ringlar, Ukrainani, uning Nadejdasini nima qilayapman”, demoqchi.

- Tushunarli. Keling, Nadejdaning suddagi oxirgi so‘zini aytib olishi uchun 9 mart tanlanganiga qaytaylik...

- Buni tushunish uchun menday psixoanalitik bo‘lish shart emas. Buning uchun postsovet mamlakatlarda favqulodda tantana bilan bayram qilinadigan Xotin-qizlar kunining ertasi tanlanishi Putinning sadizmga moyilligini ko‘rsatib turibdi. Boya o‘zingiz taxmin qilganday, agar 8 mart ish kuni bo‘lganida sud majlisini shu kuni o‘tkazgan bo‘lar edi.

- E’tibor bergan bo‘lsangiz, Nadejda oxirgi so‘zini aytar ekan, uyat qiliq qildi...

- Ha, ko‘rdim, o‘rta barmog‘ini ko‘rsatdi.

- Biz o‘zbeklarda uni o‘rtaqo‘l deydi...

- Shundaymi? Ha u o‘rtaqo‘lini ko‘rsatdi.

- Shunday qilishi mumkinligini o‘ylamaganmi Putin?

- Mana shu joyda psixoanalizni boshlash mumkin. Menimcha, bunday qiliq bo‘lishini Putin sezgan. Hatto kutgan bo‘lishi ham mumkin. Axir sudyaga ko‘rsatilgan o‘rtaqo‘l, aslida Putinga ko‘rsatilgan o‘rtaqo‘ldir. Agar uning ongsoti titkilansa, o‘ylaymanki, mazoxizm alomatlarini ham topish mumkin. Agar shunday tadqiqot o‘tkazilsayu Putin - sadist, ayni paytda mazoxist, bir so‘z bilan aytganda sadomazoxist, degan fikrga kelinsa, men hech hayron bo‘lmayman.

- Savchenko ustidan hukmning 21, 22 martga qoldirilganida qanday sinoat bo‘lishi mumkin?

- Bu savolni psixoanalitikka emas, astrologga bersangiz to‘g‘ri bo‘lardi. Menimcha, bu - yaxshilik alomati. Axir siz aytayotgan kunlarda tun qisqarib, kun uzaya boshlaydi. Demak, Nadejda Savchenko uchun yorug‘ kunlar boshlanadi.

- Ha, ukrainlar o‘zlariyam Nadiya pomirae ostanoyu deydilarku?!

- Bu nima degani?

- Nadiya - Nadejda - Umid degani. Jon chiqayotgan soniyada ham umid qoladi, o‘ladigan eng oxirgi narsa umiddir, degani.

- Yaxshi gap ekan.

- Suhbat uchun rahmat, Zigmund aka!

- Sizga ham rahmat, tinglovchilaringizga salomlarimni yetkazing.

XS
SM
MD
LG