Линклар

Urgut qishloqlariga Mirziyoev uchun yasanish talabi qo‘yildi


Urgut qishloqlarining Mirziyoev o‘tishi kutilayotgan katta yo‘l bo‘yida joylashgan hovlilariga 9 mayga qadar fasadini yasantirish buyurildi.

Urgut qishloqlarining Mirziyoev o‘tishi kutilayotgan katta yo‘l bo‘yida joylashgan hovlilariga 9 mayga qadar fasadini yasantirish buyurildi.

Urgut markazidan tashqarida qurilaëtgan yangi savdo va ko‘ngilochar kompleksini 9 maygacha tugatishga urinaëtgan tuman hokimi bu bozorga eltadigan katta yo‘l bo‘yidagi qishloq uylarining tashqi ko‘rinishini bir xil qumsuvoq qilib¸ bir xil rangga bo‘yashni buyurdi. Majmua ochilishiga shaxsan Bosh vazir keladi¸ degan iddao bilan hokim uyma-uy yurib¸ hovlisi fasadini tuzatmaydiganlarni soliqlarni oshirish va uzumzor yerlarni tortib olish bilan qo‘rqitmoqda.

Ozodlikka murojaat qilgan urgutliklarga ko‘ra¸ shu kunlarda mahalliy hokimiyat 9 maygacha qurilishini bitkazishga urinayotgan yangi savdo va ko‘ngilochar majmuasiga eltuvchi yo‘l Jarqishloq va Qoldivajar qishloqlaridan o‘tadi.

Ozodlikka bog‘langan urgutliklarga ko‘ra¸ keyingi kunlarda bu qishloqlardan o‘tuvchi katta yo‘l yoqasidagi uylarga birma-bir kirib chiqqan hokim uy egalarini hovlisi fasadini qumsuvoq qildirib¸ bir xil rangga bo‘yashni buyurgan:

- Uch kun oldin Urgut hokimi kelib¸ yo‘l yoqasidagi daraxtlarni ohak bilan bo‘yanglar¸ uylar tashqi tomonini sement va yirik qumni aralashtirib¸ kafel ranggiga bo‘yaysan¸ deb ketdi. Buyrug‘imni bajarmaganlarni nalogga topshiraman¸ deb qo‘rqitayapti. Bu qishloqdagilar uzumchilik bilan shug‘ullanadi. Ularga yeringni olaman¸ nalogni 20 foizga oshiraman¸ deb dag‘dag‘a qildi¸ deydi urgutlik suhbatdosh.

“Kecha To‘rtko‘ldagi qurilishni tezlatish uchun viloyat hokimining o‘zi keldi. Hammasi bo‘l-bo‘l qilib¸ qurilishni tezlashtirib yotibdi. Ochilishga Bosh vazir kelarmish. Shunga Mirziyoev o‘tadigan yo‘l bo‘yidagi 100 dan oshiq hovlining tashqi tomonini bir xil qilib bo‘yash kerakmish. Odamlarda bunaqa yasan-tusanga pul bormi-yo‘qmi¸ hech kimning ishi yo‘q. Rossiyadagilarning ko‘pi qaytib kelib¸ ishsiz o‘tiribdi. Uzumchilik¸ mayiz bozori hozir o‘lgan. Borlar remontni qilar¸ yo‘qlar nima qilsin? Qumsuvog‘i¸ kamida 100 dollarga tusharmish. Bu pul borda bor¸ yo‘qda yo‘qda. Qozonini suvga tashlab o‘tirganlar qancha qishlog‘imizda” deydi Ozodlik muxbiri gaplashgan fasadi yasanishi kerak bo‘lgan uy egalaridan biri.

Aniqlanishicha¸ oddiy aholi noroziligiga sabab bo‘layotgan hokim buyrug‘i Urgut tuman markazidan 15 kilometr masofada joylashgan “To‘rtko‘l” mahallasidagi katta qurilish loyihasi bilan bog‘liq.

Samarqand viloyati hokimligi rasmiy saytida fevral oyi oxirida e’lon qilingan xabarga ko‘ra¸ Urgutning ushbu mahallasida 1000 o‘ringa mo‘ljallangan amfiteatr, hammom, 30 ta savdo do‘koni, uchta maishiy xizmat uyi, umumiy ovqatlanish shoxobchasi, sun’iy qoplamali stadion, shuningdek, qishloq vrachlik punkti qurilib, foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Mazkur qurilishga yaqin manbaning aytishicha¸ ayni kunlarda bu loyihani tezroq bitkazish uchun katta kuch sarflanmoqda va uning ochilish marosimiga shaxsan Bosh vazir Shavkat Mirziyoevning kelishi kutilmoqda.

- Binolar hozir hammasi bitgan. Mahalla binosi¸ hammom¸ oshxona¸ to‘yxona va 28 ta do‘konning g‘ishti ko‘tarildi¸ lekin ko‘pining tomi hali yopilmagan. Shularni bitirishga hozir qattiq harakat bo‘layapti. Urgut markazidan “To‘rtko‘l”ga keladigan ikkita katta yo‘l bor. Hozir shu yo‘llar yoqasidagi uylar va bog‘larni tartibga solishga ham buyruq berilgan. Lekin hozir yog‘ingarchilik sezoni. Odamlarni uncha qistamayapmiz. 9 mayga yaqin fasadlar hokim aytgan rangga bo‘yalib¸ daraxtlar oqlanib¸ ariqlar kovlanib¸ ko‘zga xunuk ko‘rinadigan daraxtlar kesilib¸ hamma joyga ishlov beriladi¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda “To‘rtko‘l” majmuasi qurilishiga aloqador rasmiy manba.

Bosh vazir Shavkat Mirziyoevning 2009 yilgi aholi punktlarini obodonlashtirishga oid qaroridan so‘ng yillardan beri O‘zbekistonning aksar shahar va qishloqlarida katta qurilish loyihalari amalga oshirilmoqda.

Mazkur qaror ijrosi sifatida amalga oshirilayotgan ko‘plab qurilish loyihalarining ishga topshirilishiga shaxsan Bosh vazirning o‘zi borishi an’anaga aylangan.

Bosh vazir keladigan tadbirlar oldidan davlat muassasalari xizmatchilari¸ qolaversa¸ o‘quvchi-talabalarni ommaviy tarzda majburiy hasharga olib chiqish¸ Mirziyoev korteji o‘tadigan ko‘chalar bo‘ylarini qattiq sovuq yoxud jazirama issiqda tozalatish¸ xususan¸ yo‘l bo‘ylaridagi uylar fasadini bo‘yab-bejash ham¸ Ozodlikka kelayotgan xabarlarga qaraganda¸ odatiy holga aylangan.

Avvallari asosan prezident Islom Karimovning Toshkentdan tashqari safarlariga qilinadigan bunday yasan-tusanlar¸ keyingi yillarda Bosh vazir poyiga ham qilinmoqda.

Shahar va qishloqlardagi xalq turmush darajasini farovon qilib ko‘rsatish¸ xo‘jalik yutuqlarini bo‘rttirishga qaratilgan bunday urinishlar¸ ayrim hollarda¸ absurd darajaga etmoqda.

Xususan¸ 2015 yil oktyabrida Bosh vazir Mirziyoev kelishiga Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanidagi Shahartepa qishlog‘idan o‘tuvchi avtomobil yo‘li chetidagi paxtasi terib olingan chanoqlarga qaytadan paxta yelimlab chiqilgan edi.

Mahalliy hokimliklarning davlatni boshqarayotganlarni aldashi¸ Toshkentdan keladigan Karimov va Mirziyoevlarning ham bunday aldanishga moyilligi¸ O‘zbekistonda ham “Potyomkin qishloqlari” qurish an’anasini kuchaytirib yubordi.

(Qirolicha Yekaterina II 1787 yilda Usmonli imperiyasidan tortib olingan Ukraina va Qrimga sayohat qilganida¸ knyaz Potyomkin buyrug‘iga muvofiq¸ qirolicha o‘tadigan yo‘l bo‘ylarida farovon va baxtiyor turmush ramzi sifatida odam yashamaydigan soxta qishloqlar barpo qilingan va shundan beri “Potyomkin qishloqlari” iborasi hukmdorlarni aldash uchun qilinadigan ko‘zbo‘yamachilikni anglatadigan bo‘lib qolgan –tahr.)

XS
SM
MD
LG