Линклар

Navro‘z arafasida Toshkentda pasport rejimi kuchaytirilib, pasportsiz yurganlar kameraga tiqilmoqda


Toshkent IIB mulozimining Ozodlikka aytishicha, poytaxt ko‘chalarida pasportsiz va propiskasiz yurganlar kameraga tiqilmoqda

Toshkent IIB mulozimining Ozodlikka aytishicha, poytaxt ko‘chalarida pasportsiz va propiskasiz yurganlar kameraga tiqilmoqda

O‘zbekiston bo‘ylab “Tozalash” tadbiri amalga oshirilmoqda. Lekin bu tadbirning ko‘chani supurish, obodonlashtirish ishlariga aloqasi yo‘q. “2016 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi prezident qaroriga muvofiq o‘tkazilayotgan tadbirda “shubhali shaxslar” aniqlanib, javobgarlikka tortilmoqda. Ayniqsa, Toshkent shahrida Navro‘z arafasida pasport rejimi kuchaytirilib, poytaxtga “sababsiz” kelgan viloyatliklar aniqlanib, ortga qaytarilayotgani aytilmoqda.

“Tozalash” tadbiri prezidentning “2016 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorini ijro etish doirasida o‘tkazilayotganini O‘zbekiston ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari O‘zA agentligiga gapirib berdi.

Mulozimning aytishicha, “Tozalash”, deb nomlangan amaliyot bayram kunlari xavfsizlikni ta’minlash maqsadida o‘tkazilmoqda va bu ishga mahalla fuqarolar qo‘mitalari jalb qilingan.

Ayrim viloyatlarda mazkur tadbir “Tozalash-Antiterror”, deya nomlandi. IIVning “Postda” gazetasida yozilishicha Xorazm va Samarqand viloyatlarida mazkur tadbirlar davomida ko‘plab qonunbuzarliklar aniqlangan va jinoyatlar fosh etilgan.

Lekin, Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Toshkentda “Tozalash” operatsiyasi paytida, vazir o‘rinbosari tilga olmagan choralar ham ko‘rilmoqda. Xususan, poytaxtda pasport rejimi kuchaytirilgani, viloyatdan kelganlar aniqlanib, protokol tuzilayotgani, mahallalarda militsiya nozirlari uyma-uy yurib, fuqarolar hujjatlarini tekshirayotgani to‘g‘risida Ozodlikning shahar ichki ishlar boshqarmasidagi manbasi ma’lum qildi.

“Hozir butun shahar bo‘ylab kuchaytirilgan pasport rejimi joriy etilgan. Shaxsiy tarkibning 30-35 foizi kuchaytirilgan kazarma holatiga keltirilgan. Bugun masalan, juma namoziga shahardagi barcha masjidlarga katta kuch tashlandi. Ular shubhali shaxslarni tekshirmoqda. Pasporti yo‘qlar bo‘limga olib kelinib, tekshirilyapti. Propiskasi ham yo‘qligi aniqlansa, “daydi”, deb rasmiylashtirilib, kameraga yopib qo‘yiladi. Pasporti bo‘lib, propiskasi bo‘lmasa, uchastkaga olib kelinib, protokol tuzilyapti. Toshkentda sababsiz kelganlar ham aniqlanib, 100 foiz protokol tuzilyapti va viloyatiga qaytarib yuborilyapti. Yonida pasporti bo‘lmagan toshkentliklar ham militsiya tayanch punktlariga olib kelinib, shaxsi aniqlanguniga qadar, ushlab turiladi, xabardor qilingan yaqinlari pasportini olib kelgach qo‘yib yuboriladi”, deydi shahar boshqarmasi mulozimi.

Uning aytishicha, har bir tuman ichki ishlar bo‘limi boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari o‘z hududidagi mahallalarni “shubhali shaxslardan tozalash” uchun mas’ul etib tayinlangan.

“Har kuni kechqurun tuman bo‘limlari mahalla posbonlarini yig‘adi. Keyin mahallalarda yurib, xonadonlar tekshiriladi. Har bir uchastka noziri, posbonlar ishtirokida amalga oshirishadi bu ishni. Buning uchun nozirlarga yordam uchun tuman bo‘limlaridan qo‘shimcha kuch ajratilgan. Uyma-uy pasportlar tekshirilmoqda, u yerda ham propiskasi yo‘qlar aniqlanib, protokol tuzilmoqda. Fuqarolar hujjatlarini ko‘rsatishdan bosh tortsa, hokimiyat vakiliga bo‘sunmaslik sifatida rasmiylashtirilib, kameraga yopib qo‘yiladi”, deydi Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi mulozimi.

Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi mahallalardan birining raisi, Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda, huquq-tartibot idoralari xodimlari mahalla posbonlari bilan birgalikda kundalik ravishda “xonadonlar eshiklarini taqqillatishayotgani”ni tasdiqladi.

“Tozalash” tadbirini profilaktika nozirlari o‘tkazyapti, mahalla posbonlari bilan birgalikda. Zarur bo‘lgan paytda o‘zim ham qatnashyapman. Bundan tashqari, har kuni uy boshliqlarini yig‘ib, majlis o‘tkazyapman o‘zim. Shubhali shaxslarni aniqlash bo‘yicha topshiriq beryapmiz. Bundaylar aniqlansa, zudlik bilan mahalla qo‘mitasi va uchastka nozirlariga telefon orqali xabar berishni uqtiryapman. 19 mart kuni mahallada kam ta’minlangan oilalar uchun sunnat to‘ylarini qilib beramiz, o‘sha tadbirda tartibni saqlashni ta’minlash choralari ham ko‘rilyapti”, deydi mahalla raisi.

Bundan tashqari mahallaga Milliy Xavfsizlik Xizmatidan biriktirilgan kuratorga kundalik tarzda mahalla hududidagi vaziyat borasida hisobot berib turiladi, deya qo‘shimcha qildi rais.

O‘zbekistonda Navro‘z va Mustaqillik bayramlari arafasida xavfsizlik choralari favqulodda kuchaytirilishi odatiy holdir. Lekin so‘nggi bir-ikki yil davomida bunday choralar doimiy tarzda amal qilayotgani “Islomiy davlat” ekstremist guruhidan kelayotgan tahdidlar bilan shartlangani aytiladi.

XS
SM
MD
LG