Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 07:32

O‘zbekistonda erotika taqiqlanadi. Reklamada


9 mart kuni O‘zbekistonning Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida “Reklama to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga kiritilishi rejalashtirilayotgan o‘zgartishlar loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.

Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ishlab chiqqan qonun loyihasida tijoriy reklamada erotik sahnalardan foydalanish, haqiqiy yoki o‘yinchoq qurollarni tasvirlash taqiqlanishi hamda boshqa qator taqiqlar nazarda tutilgan.

O‘zgartishlar loyihasiga ko‘ra, 1999 yil, 25 dekabrda imzolangan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 6- moddasiga “erotika” so‘zini kiritish nazarda tutilgan.

6- modda

Tilga olingan moddada tijoriy reklamaga doir qator taqiqlar sanab o‘tilgan. Masalan, “ishlab chiqarilishi yoki realizatsiya qilinishi qonun hujjatlari bilan taqiqlangan mahsulot to‘g‘risida axborot tarqatish; jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeiga qarab, boshqa holatlarga ko‘ra kamsitish yoki o‘zga shaxslarning mahsulotini badnom etish” kabi taqiqlar mavjud.

Shuningdek, 6- moddaga binoan O‘zbekistonda tijoriy reklama mahsulotlarida pornografiyani tarqatish ham taqiqlab qo‘yilgan.

Mana endi taqiqlar ro‘yxatiga erotika ham qo‘shilmoqda.

Erotika nima?

“Reklama to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga kiritilishi rejalashtirilayotgan o‘zgartishlar qabul qilingach, mahsuloti yoki xizmatini reklama qiluvchilar, reklama mahsulotlarini tayyorlovchilar, ularni namoyish qiluvchilar qanday kriteriylardan kelib chiqadi?

Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekistonda “erotika” tushunchasining aniqlamasi yo‘q. Bu so‘z hatto “Izohli lug‘at”ga kiritilmagan. Bosh lug‘atda “Pornogrfiya”, “pornografik” so‘zlari mavjud, biroq “erotika” so‘zi yo‘q.

1984 yilda nashrdan chiqqan Ruscha-o‘zbekcha lug‘atda “erotika” so‘zi “erotika, shahvatparastlik, shahvoniy his”, deb o‘girilgan.

Ta’rifi qonunlarda ham yo‘q

Internetdagi resurslar O‘zbekiston qonunlarida “erotika” va “pornografiya” tushunchalari ta’riflanganmi, degan qiziqishimizni qondira olmadi. Shu mavzuda topganimiz bir materialda bunday ta’riflar O‘zbekiston qonunlarida mavjud emasligi, natijada u yoki bu material pornografiyami yoki erotika ekanligini aniqlash qiyinligi aytib o‘tilgan.

O‘zbekistonlik huquqshunos Ruhiddin Komilovdan ham qonunlarda “erotika” va “pornografiya” tushunchalari ta’rifi yo‘qligini eshitdik.

- Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 189- moddasi hamda Jinoyat kodeksining 130- moddasi pornografik materiallar haqida. “Erotika” tushunchasiga ta’rif berilmagan. “Pornografik materiallar” tushunchasiga ham ta’rif berilmagan, dedi huquqshunos.

- Bunday holatda reklama tarqatuvchi reklamasida erotika yo‘q ekanligini, tekshiruvchi esa, erotika bor ekanligini qanday isbotlaydi?

Bu savolga javoban Ruhiddin Komilov masala ekspertlar guruhi tomonidan hal qilinajagini aytdi. (Huquqshunos bilan suhbat lavha ostida ilova qilingan audiofaylda)

Suhbatdoshimiz fikricha, shu kunda O‘zbekistonda reklama mahsulotlarida erotika mavjud emas.

Boshqa taqiqlar

“Reklama to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga kiritilishi rejalashtirilayotgan o‘zgartishlar loyihasi shu ko‘rinishda qonun kuchini olsa, Internetda qimor o‘yinlari dastur ta’minotlari reklama qilinishiga ham taqiq qo‘yiladi.

Qonun loyihasida balog‘atga yetmagan bolalar uchun ishlab chiqarilgan mahsulotlarda haqiqiy yoki o‘yinchoq qurollarni tasvirlash mumkin emasligi ham aytilgan. Bundan tashqari reklama balog‘atga yetmagan bolalarni reklama qilinayotgan mahsulotni sotib olishga chaqirmasligi lozim.

Energetik ichimliklar reklamasida esa bu ichimliklarni belgilangan me’yordan ko‘p ichilishi sog‘liq uchun zarar ekani aytilishi lozim.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:25 0:00
Бевосита линк

XS
SM
MD
LG