Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:47

Putinning sobiq maslahatchisi Mixail Lesin boshiga yetkazilgan jarohatdan o‘lgan


Mixail Lesin 2015 yil noyabrida Vashingtondagi mehmonxonada o‘lik holda topilgan
Mixail Lesin 2015 yil noyabrida Vashingtondagi mehmonxonada o‘lik holda topilgan

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Rossiya sobiq matbuot vaziri va prezident Putinning masalahatchisi Mixail Lesinning o‘limiga, uning bosh qismiga to‘mtoq predmet bilan yetkazilgan jarohat sabab bo‘lgan. Bu haqda Ozodlikka Vashington shahar sud-tibbiy ekspertiza boshqarmasi taqdim etgan xulosaga ko‘ra, Putinning sobiq maslahatchisi qotillik qurboni bo‘lgan bo‘lishi mumkin, degan taxminlarni tasdiqladi.

Vashington shahar sud-tibbiy ekspertiza idorasi 10 mart kuni Ozodlikka ochiqlagan bayonnomaga ko‘ra, Lesinning o‘limiga sabab bo‘lgan boshqa omillar orasida uning bo‘yin qismi, gavdasi va qo‘l-oyoq qismiga “to‘mtoq predmet bilan yetkazilgan jarohatlar” ham bor.

“The New York Times” gazetasi shaxsi ochiqlangmana rasmiyga tayanib, bu jarohatlar Lesin Vashingtonda “Dupont Circle” mehmonxonasiga qaytib kelishidan oldin ro‘y bergan “qandaydir janjal” natijasida yetkazilgan.

Sud-tibbiy ekspertiza idorasi mazkur ish borasida tekshiruv davom etayotgani va bundan ortiq tasfsilot ochiqlanmasligini bildirdi.

Vashington shahar politsiya boshqarmasi matbuot vakili Dastin Sternbek mazkur ish hamon faol tergov bosqichida ekanini ta’kidladi, lekin sud-tibbiy ekspertiza xulosasi jinoyat sodir etilganiga ishora qiladimi-yo‘qmi, buni izohlashdan bosh tortdi.

“Biz hozirgi bosqichda hech narsani ehtimoldan soqit qilmoqchi emasmiz”, deya iqtibos keltirdi Sternbek so‘zlaridan “Washington Post” gazetasi.

AQSh Federal tergov byurosi ham sud-tibbiy ekspertiza xulosalarini hozircha izohlamasligini bildirdi.

59 yoshlik Mixail Lesin 2015 yil 5 noyabr kuni Vashingtonda mehmonxonada o‘lik holda topilgan edi.

Bu hodisa sodir bo‘lgan paytida Kreml-parast matbuot Lesinning oila a’zolaridan biriga tayanib, Putinning ko‘p yillik maslahatchisi yurak hurujidan vafot etganini xabar qilgan edi.

Rasmiylar tibbiy ekspertiza xulosalarini ochiqlashni paysalga solib kelgani uning o‘limi sabablariga oid taxminlarning urchishiga sabab bo‘ldi.

Ayni paytda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot vakili, diplomatik idora Lesinning o‘limi xususidagi tergov borasida ma’lumot berishni so‘rab AQSh rasmiylariga bir necha marta murojaat qilganini bayon qildi.

“Rossiya elchixonasi diplomatik kanallar orqali bir necha marta Rossiya fuqarosining o‘limi yuzasidan olib borilayotgan tergov xususida so‘rov yuborgan. AQSh bizga ahamiyatga molik biror ma’lumot bermadi”, deya bildirdi 11 mart kuni vazirlik matbuot vakili Mariya Zaxarova o‘z Facebook sahifasida.

“Vashingtonda tushuntirishlarini kutyapmiz. Agar bugun matbuotda e’lon qilingan ma’lmot tasdiqlansa, Rossiya rasmiylari AQSh tomoniga xalqaro huquqiy yordam so‘rab murojaat qiladi”, deya yozdi Zaxarova.

1999-2004 yillarda Putin hukumatida matbuot vaziri bo‘lgan Lesin keyingi yillarda Kreml nazoratidagi Gazprom Media shirkatini boshqardi va ingliz tilidagi Russia Today kanalini tashkil etishda bosh-qosh bo‘ldi.

2013 yida u davlatga qarashli Gazprom Media Holding rahbari etib tayinlandi. Lekin oradan bir yil o‘tib oilaviy sabablar vaji bilan iste’foga ketdi.

2014 yilda AQSh senatori AQSh Adliya vazirligidan Lesin Los Anjelesda bir nechta qimmatbaho uyni sotib olish uchun noqonuniy daromadni ishlatganiga oid gumonlarni tekshirishni so‘raydi.

Rasmiy reestrlarga ko‘ra, Dastel nomli korporatsiya 2011 yilda Los Anjelesning hashamatli Beverli Hillz mavzesida umumiy maydoni 1208 kvadrat metr bo‘lgan uyni 13,8 million dollarga sotib olgan. 2012 yilda esa Brentvud mavzesida 9 million dollarga teng 985 kvadrat metrlik uyni sotib olgan.

Kaliforniya Oliy sudiga topshirilgan va Ozodlik tasarrufida mavjud hujatlarga ko‘ra, Lesin Kaliforniyada 2011 yil iyul oyida ro‘yxatga olingan Dastel shirkatining yagona egasi bo‘lgan.

Dastel shirkatiga qarashli Kaliforniyadagi telefon raqamiga qilingan qo‘ng‘iroqlarga hech kim javob bermadi.

Ochiq manbalardagi boshqa hujjatlarga ko‘ra, Los Anjelesdagi yana ikkita qimmatbaho ko‘chmas mulk Lesin oila a’zolariga tegishlidir.

XS
SM
MD
LG