Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:35

Suriyaga ketayotgan qirg‘izistonliklar soni ozaygan


Suriyadagi qurolli jarayonlarda ishtirok etish uchun ketayotgan qirg‘izistonliklar soni kamaygan, lekin to‘xtamagan. Suriyaga ketayotganlarning aksariyati O‘sh viloyati va shahridandir. Bu haqda Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi mulozimlari juma kuni O‘sh shahrida ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha o‘tkazilgan anjumanda ta’kidlashdi.

“Jinoyatchilik va ekstremizmga yo‘l yo‘q” deb nomlangan anjumanning aynan O‘sh shahrida o‘tkazilishi bejiz emas.

Ichki ishlar vazirligi mulozimlariga ko‘ra, Suriyaga Qirg‘izistondan 500dan ortiq odam ketgan bo‘lsa ularning 70 foizi O‘sh viloyati va shahri yashovchisidir.

Tadbir tashkilotchilari Suriyaga ketgan qirg‘izistonliklarning aksariyati o‘z erki bilan bo‘lsada u yerga aldanib ketganini aytishadi:

- Ketganlarning 90 foizi o‘z erki bilan, pul ishlash maqsadida ketgan. Sanoqlisigina jihodga ketgan. Ish izlab aldanib ketib qolganlarning ko‘pchiligi meditsina uchilishasini tamomlagan qizlar ekani to‘g‘risida ma’lumotlar bor, - deydi O‘sh shahar Ichki ishlar boshqarmasi rahbari Qilich Joldoshev.

O‘sh viloyatidan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 283 odam Suriyaga ketgan. Ketayotganlar soni ozaygani aytilsada to‘xtamayapti.

So‘nggi bir yilda 30ga yaqin odamning Suriyaga ketgani aytiladi. Qirg‘iziston kuch tizimlari va rasmiy diniy idoralar harakatiga qaramay, jang maydonlariga ketayotganlar borligini mamlakat Ichki ishlar vaziri ham tan oladi.

- Jangarilar ham ham o‘z ideologiyasini kengaytiryapti. Rostini aytganda ozgina vaqtdan ham yutqazib qo‘ydik. Biz g‘oyaviy kurashga so‘nggi 2-3 yilda e’tiborni kuchaytirdik. Bungacha g‘oyaviy kurash shakillanib kelgan. Uning barchasini yo‘q qilib, izga solish uchun bugungiday ishlarni tez-tez o‘tkazib turishimiz kerak. Shuning uchun biz eldan yordam so‘rayapmiz. Jangarilar bilan kurashga yolg‘iz kuchimiz yetmaydi, -deydi Qirg‘iziston Ichki ishlar vaziri Melis Turg‘anbaev.

Ayni paytda dindorlar Suriyaga ketayotganlarning aksariyati diniy bilimga ega emasligini aytishadi. O‘sh shahar qozisi Ubaydullo Saribaevga ko‘ra, shu sababdan ham har bir ota-ona o‘z farzandi ustidan nazoratni kuchaytirishi kerak.

- Bolaning har bir qadamini, o‘qigan namozini, borgan masjidini, o‘qitayotgan ustozini tekshirish ota-onalik vazifasi ekanini esdan chiqarmaslik kerak, -deydi Ubaydullo Saribaev.

Qirg‘izistonliklar orasida Suriya va Iroqqa ketganlarning aksariyati mamlakat janubidagi O‘sh, Botken va Jalolobod tumanlaridandir. Qirg‘iziston IIV rahbariyati bu hududlarda, hatto maktablarda ichki ishlar xodimlari ko‘rgazmali mashg‘ulotlar uyushtiragan.

Qirg‘iziston IIVning Terrorga qarshi kurash boshqarmasi shu yilning 15 yanvar kuni matbuot anjumani o‘tkazib, 508 fuqarodan 33 nafari o‘ldirilgani, 40 nafari yurtiga qaytgani aniqlanganini bildirgan.

XS
SM
MD
LG