Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:19

MXX xorijga ketganlarning ota-onalari va oila a’zolarini sazoyi qilayapti


MXX, militsiya, imomlar va mahalla faollaridan iborat guruh diniy ayblovlar bilan qamalgan va shu ayb bilan qidiruvda bo‘lganlarning ota-onalari va yaqinlarini sazoyi qilayapti. MXX boshchiligidagi ushbu guruh oila a’zolarini bir joyga yig‘ib, ularni haqoratlash, sharmanda qilish orqali ularga farzandlari uchun “jazo” berayapti. Shuningdek, ularga mahalladan ko‘chirib yuborish tahdidi qilinib, mahalla-kuyga ular bilan bordi-keldi qilmaslik tayinlanayapti.

MXX boshchiligidagi yig‘inlar

MXX boshchiligidagi guruh butun O‘zbekiston bo‘ylab IShIDga qarshi ekani aytilayotgan tadbirlarni o‘tkazayapti.

Asosan, juma kunlari o‘tkazilayotgan ushbu tadbirlardan biri 11 mart kuni Qashqadaryoning Shahrisabz tumanida bo‘lib o‘tdi. Tafsilotlardan xabardor manbaning Ozodlikka aytishicha, tadbirda Qashqadaryo viloyat MXXsi boshliqlari ishtirok etgan.

Tadbirda Shahrisabz, Yakkabog‘, Kitob, Qamashi tumanlarining imomlari, uchastka nozirlari va mahalla yig‘inlari raislari qatnashgan.

Shu to‘rtta tumandan diniy ayblovlar bilan qamalgan, shu ayblov bilan yaqinda hibsga olingan va ushbu ayb bilan qidiruvga berilganlarning qarindoshlari uchastka noziri tomonidan tadbirga olib kelingan.

Shuningdek, Ozodlik manbasining aytishicha, uzoq muddat chet elda yurganlarning ota-onalari va xotinlari ham ushbu yig‘inga keltirilgan.

MXXning ushbu tadbirlari Toshkent shahri, Andijon, Namangan, Farg‘ona va Toshkent viloyatida o‘tkazilgani Ozodlikka ma’lum.

Lekin joylardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, bu tadbirlar butun mamlakat bo‘ylab o‘tkazilayapti.

Ayrim joylarda xorijga ketganlarning amma-xolalari va tog‘a-amakilari ham yig‘inga chaqirtirilayapti.

MXX guruhi ota-onalarni sazoyi qilayapti

MXXning ushbu tadbirlarida qatnashganlardan Ozodlikka yetib kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, yig‘inga chaqirtirilgan har-bir ota-ona navbati bilan sazoyi qilinayapti.

Jumladan, kecha Shahrisabzda o‘tkazilgan tadbirda ham ona-onalar birma—bir o‘rnidan turg‘azilib, haqoratlangan.

“Har- bir kishini bitta- bitta o‘rnidan turqazib, sening o‘g‘ling xoin, sen xoinning onasisan, sen xoinning otasisan, sen xoinning xotinisan, sen xoinning qarindoshisan deb haqorat qilishgan. Senlarni mahalladan badarg‘a qilish kerak. Bularning hammasining darvozasiga xoinning uyi deb yozib qo‘yinglar. Ularni to‘ylarga aytmanglar, janozaga chaqirmanglar, ular bilan oldi- berdi, bordi- keldi qilmanglar, degan gaplarni aytishgan”, deydi tafsilotlardan yaxshi xabardor Ozodlik manbasi.

Qariyalar haqoratni ko‘tara olmayapti

MXX boshchiligidagi guruhning haqoratlari va dashnomlarini yoshi keksa ayrim ota-onalar ko‘tara olmay qolgan holatlari ko‘p bo‘layotgani aytilayapti.

Jumladan, Andijonda o‘tgan shunday yig‘inlardan birida yoshi keksa erkakni haqorat qilishgach, u infarkt bo‘lib qolgan.

Bu haqda Ozodlikka ma’lum qilgan manbaning aytishicha, u ushbu erkakning jiyanining do‘sti bo‘ladi.

“Do‘stim uyiga qo‘ng‘iroq qilsa, onasi yig‘lab gapirib beribdi. Ota-onasi, xolasi, tog‘asi hammasini chaqirtiribdi. Ularni kamsitib, haqorat qilibdi. O‘sha joyda tog‘asi infarkt bo‘lib qolibdi. Uni tez tibbiy yordam olib ketibdi”, deydi manba.

Ota-onalar matbuot orqali ham sazoyi qilinmoqda

Ma’lum bo‘lishicha, MXX boshchiligidagi ushbu tadbirlar matbuotda ham keng yoritilib, televidenie va gazeta-jurnallar ham ota-onalarni badnom qiluvchi maqolalarni berayapti.

Jumladan, shunday mazmundagi ko‘rsatuvlardan biri 11 mart kuni “O‘zbekiston” telekanali orqali namoyish qilingan.

Ko‘rsatuvni tomosha qilgan, umuman MXXning IShIDga qarshi tadbirlarini kuzatib kelayotgan huquq faoli Sur’at Ikromovga ko‘ra, butun mamlakat bo‘ylab ushbu tadbirlar keng o‘tkazilmoqda:

- Kecha "O‘zbekiston" telekanalida xuddi shunday ko‘rsatuvni berishdi. Ota-onalarning hammasini o‘sha yerda yomonlab, sharmandasini chiqarayapti. Hammasi yig‘lab o‘tiribdi. Bular propaganda tadbirlari. Ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekistondan chiqarmagin bolangni deya olmaydi. Bularning maqsadi menimcha, ota-onalarni qo‘rqitib, ogohlantirib qo‘yish. Endi voyaga yetgan, yoshi 40ga borgan farzandi uchun ota-ona aybdor bo‘la olmaydi qonun bo‘yicha,- deydi toshkentlik huquq faoli Sur’at Ikromov.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:14 0:00
Бевосита линк

Andijonda MXX yig‘ini deb juma masjidi qoldirildi

Ozodlikka Andijondan yo‘llangan xabarda aytilishicha, 11 mart kuni MXX o‘tkazgan yig‘in sabab Ammor ibn Yosir masjididagi juma namozi qoldirilgan.

“Andijon viloyati Andijon tumani markazida joylashgan Ammor ibn Yosir jome masjidida bugun juma hutbasini o‘qiydigan hech kim topilmadi. Juma namozi paytida imom masjidda yo‘q. Sababini so‘rasak, MXX boshliqlari majlisga chaqirganini aytishdi”, deya manba masjidda odamlar imomni kutib o‘tirgani aks etgan suratni Ozodlikka yo‘lladi.

MXX yig‘iniga mahalla faoli izohi

Shahrisabzdagi mahallardan birining faoli Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, MXX boshchiligida o‘tkazilayotgan tadbirlar orqali aholi IShID xavfidan ogohlantirilmoqda:

“Bizni mahallada bir oilaning o‘g‘li necha yildan buyon uyiga kelmaydi. Xotini, bolalari bu yerda qolgan. O‘zi yo Turkiyada, yo Rossiyada yuribdi. Oilasiga pul yuborib turadi. Lekin uning nima ish qilib yurgani, pulni qaerdan topib, jo‘natayotgani noma’lum. Balki o‘sha terrorchilarga qo‘shilib ketgandir. Balki biz hozir indamasak, ertaga aka-ukalari, qo‘shni, qarindoshlarini ham o‘zining safiga qo‘shib olar. Shuning uchun biz hozirda ota-onalarga ogoh bo‘ling deb qattiq-qattiq gapirayapmiz. Ularni urishsak, o‘zining foydasi. Ertaga bolasi IShIDga qo‘shilsa, keyin dodlab o‘tiradi”, deydi mahalla faoli.

O‘tgan yilning yozidan boshlab butun mamlakat bo‘ylab IShIDga qarshi targ‘ibot tadbirlari boshlandi.

MXX yig‘inlaridan tashqari mahalla faollari uyma-uy yurib, IShID zo‘ravonliklari, vahshiy qotilliklari va unga qo‘shilish oqibatlari haqida tushuntirish ishlari olib bormoqda.

Mahalla oqsoqollari, posbonlar va faollar buning uchun maxsus treningdan ham o‘tkazildi.

XS
SM
MD
LG