Линклар

OzodlikOnline: Toshkent diniy ekstremizmga qarshi kurashini ekstrimlashtirmoqdami?


IShIDchi o‘zbeklar Suriya armiyasi zobitlarini ommaviy qatlga olib ketayotganlar orasida.

IShIDchi o‘zbeklar Suriya armiyasi zobitlarini ommaviy qatlga olib ketayotganlar orasida.

Ozodlikka kelayotgan xabarlarga qaraganda¸Suriya va Iroqdan qochaëtgan jangarilar Afg‘onistonning Markaziy osiyoga tutash hududlariga ko‘cha boshlagan bir paytda¸ O‘zbekiston bo‘ylab IShID tahdididan ogohlantirish iddaosi bilan keng ko‘lamli tadbirlar ko‘paygan. Toshkentda MXX va militsiya xodimlari odamlarning uyiga kirib¸ diniy kitoblar bor-yo‘qligini tekshirayotgan bo‘lsa¸ viloyatlarda o‘g‘li bir necha yildan beri xorijda yurgan oilalarni chaqirtirib¸ ularni tazyiq ostiga olmoqda.

Ozodlikka 11 mart kuni bir-biridan mustaqil qator manbadan yetib kelgan ma’lumotlarga ko‘ra¸ MXX, militsiya, imomlar va mahalla faollaridan iborat guruh diniy ayblovlar bilan qamalgan va shu ayb bilan qidiruvda bo‘lganlarning ota-onalari va yaqinlarini sazoyi qilayapti. MXX boshchiligidagi ushbu guruh oila a’zolarini bir joyga yig‘ib, ularni haqoratlash, sharmanda qilish orqali ularga farzandlari uchun “jazo” berayapti. Shuningdek, ularga mahalladan ko‘chirib yuborish tahdidi qilinib, mahalla-ko‘yga ular bilan bordi-keldi qilmaslik tayinlanayapti.

4 mart kuni Ozodlik yoritgan xabarda aytilishicha¸ Toshkentning qator mahallalari¸ xususan¸ Uchtepa tumanida joylashgan “O‘rikzor” mahallasida shahar MXX va IIBning Terrorchilikka qarshi kurash boshqarmasi vakillari uyma-uy kirib¸ diniy adabiyotlarni “ko‘zdan kechirmoqda”. Uyidan xorijda nashr etilgan diniy kitoblar¸ xususan Qur’on chiqqan xonadon egalari maxsus suhbat uchun rasmiy idoralarga olib ketilmoqda.

O‘tgan oy Toshkentning Rakat, Salom choyxona, Sebzor, Jar Ariq mahallalarida yashovchi o‘ndan ortiq AQShda ishlab qaytib kelgano‘ndan oshiq odam salafiylikda ayblanib MXX tomonidan hibsga olindi.

Bu tadbirlarning qay qismidir “2016 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi prezident qaroriga muvofiq o‘tkazilmoqda. Bu qaror¸ kuzatuvchilarga ko‘ra¸ MXX va militsiya xodimlariga “shubhali shaxslar”ni aniqlab, javobgarlikka tortish borasida yangi¸ aksar holda¸ qonunchilikda ko‘zda tutilmagan vakolatlar bergan.Aytilishicha¸ Toshkent shahrida Navro‘z arafasida pasport rejimi kuchaytirilib, poytaxtga “sababsiz” kelgan viloyatliklar aniqlanib, ortga qaytarilmoqda¸ shubhalilar esa¸ rasmiy ayb qo‘yilmasdan¸ dastlab 15 sutkalik hibsga olinmoqda.

“Hozir butun shahar bo‘ylab kuchaytirilgan pasport rejimi joriy etilgan. Shaxsiy tarkibning 30-35 foizi kuchaytirilgan kazarma holatiga keltirilgan. Juma namoziga shahardagi barcha masjidlarga katta kuch tashlanadi. Ular shubhali shaxslarni tekshirmoqda. Pasporti yo‘qlar bo‘limga olib kelinib, tekshirilyapti. Propiskasi ham yo‘qligi aniqlansa, “daydi”, deb rasmiylashtirilib, kameraga yopib qo‘yiladi. Yonida pasporti bo‘lmagan toshkentliklar ham militsiya tayanch punktlariga olib kelinib, shaxsi aniqlanguniga qadar, ushlab turiladi, xabardor qilingan yaqinlari pasportini olib kelgach qo‘yib yuboriladi.

Har kuni kechqurun tuman bo‘limlari mahalla posbonlarini yig‘adi. Keyin mahallalarda yurib, xonadonlar tekshiriladi. Har bir uchastka noziri, posbonlar ishtirokida amalga oshirishadi bu ishni. Buning uchun nozirlarga yordam uchun tuman bo‘limlaridan qo‘shimcha kuch ajratilgan. Uyma-uy pasportlar tekshirilmoqda, u yerda ham propiskasi yo‘qlar aniqlanib, protokol tuzilmoqda. Fuqarolar hujjatlarini ko‘rsatishdan bosh tortsa, hokimiyat vakiliga bo‘sunmaslik sifatida rasmiylashtirilib, kameraga yopib qo‘yiladi”, dedi o‘tgan hafta Ozodlik muxbiri bilan mikrofonsiz gaplashgan Toshkent militsiyasiga yaqin manba.

Huquq tizimlarining o‘zbekistonliklarning konstitutsion va qonuniy haqlariga aksar holda zid bo‘lgan bunday hatti-harakatlari nafaqat Navro‘z bayrami oldidan¸ balki umumiyatla tinchlik va barqarorlikni saqlash iddaosi bilan oqlanmoqda.

O‘zbekiston rasmiylari¸ Suriya va Iroqdagi terrorchilarga qarshi harbiy amaliëtlar kuchaysa¸ ular ko‘pchiligi¸ xususan¸ IShID va boshqa qurolli guruhlar safidagi markaziy osiyoliklar Afg‘onistonning mintaqaga tutash hududlariga qaytishi va bu yerdan turib O‘zbekistondagi xavfsizlikka tahdid solishini aytib keladi.

O‘zbekiston bo‘ylab kuchaygan turli tozalash tadbirlari¸ IShID tahlikasidan ogohlantiruv va xorijdagilar yaqinlariga nisbatan tazyiqlarni ana shu ehtimolning oldini olish harakati sifatida baholash mumkinmi?


Ekstremizm¸ xususan¸ diniy ekstremizmga qarshi kurashda o‘ta keskin usullar o‘zini oqlaydimi (oqlaganmi)?

Diniy ekstremizmga qarshi kurash iddaosida O‘zbekiston maxsus xizmatlari qo‘llayotgan ayrim ekstrim hatti-harakatlar o‘zbekistonliklar orasidagi radikal g‘oyalarga qiziqishni kamaytira oladimi?

Dushanba kuni Toshkent vaqti bilan oqshomgi soat 7 dan 8 ga qadar davom etadigan jonli suhbatimiz shu haqda bo‘ladi.

O‘zbekiston tashqarisidagilar bu suhbatga OzodSkype, OzodlikOnline va OzodOvoz Skype manzillari orqali¸ O‘zbekiston ichkarisidagilar esa efir paytida WhatsApp, Telegram, Viber, IMOdan +420 724 971 539 raqamiga telefon qilish orqali bevosita qo‘shilishlari mumkin.

XS
SM
MD
LG