Линклар

Yakshanba kuni kechqurun Turkiya poytaxti Anqarada sodir etilgan portlashda kamida 34 odam halok bo‘ldi, 125 odam yaralandi.

Turkiya sog‘liqni saqlash vazirligining bildirishicha, voqea joyida 30 kishi, kasalxonada 4 kishi vafot etgan.

Portlash bir qator hukumat idoralari joylashgan Guvenpark mavzesida sodir etilgan.

Voqea guvohlariga ko‘ra, Otaturk bog‘ko‘chasidagi vokzal hududida bomba o‘rnatilgan mashina avtobusga kelib urilganidan so‘ng portlash yuz bergan. Ayrim guvohlar portlashdan so‘ng otishma bo‘lgani haqida ham xabar bermoqda. Hozircha portlash uchun mas’uliyatni hech bir guruh zimmasiga olgan emas.

Turkiya bosh vaziri Axmat Dovuto‘g‘li voqedan so‘ng shoshilinch ravishda vazirlar mahkamasi yig‘ilishini o‘tkazdi. Istanbulda ish safarida yurgan prezident Rejab Toyyip Erdo‘g‘on safarini to‘xtatib Anqaraga jo‘nab ketgan.

Turkiya hukumati voqeani 17 fevralda Anqarada sodir etilgan terror harakatiga o‘xshatmoqda. Anqara rasmiylari mazkur terror harakatini ommaviy axborot vositalarida yortilishini cheklab qo‘ydi. Turkiya Teleradio oliy kengashining bildirishicha, hukumat qo‘rsatmasiga binoan voqeani jonli efirda namoyish etish, halok bo‘lganlar hamda yaralanganlarni ko‘rsatish taqiqlanadi.

Bundan tashqari Turkiya poytaxtida Facebook va Twitter kabi ijtimoiy tarmoqlar ham ochilmayotgani xabar qilindi.

Anqarada 17 fevral kuni sodir etilgan portlashda 29 odam halok bo‘lgan, 60 odam yaralangan edi. O‘shanda portlash uchun mas’uliyatni Suriyadagi "Kurdiston Ishchi partiyasi - PKK"ga aloqador isyonchi guruh zimmasiga olgan.

"Kurdiston Ozodligi Qirg‘iylari" deb ataluvchi guruh bu portlashlar Turkiya prezidenti Rejap Tayyib Erdo‘g‘onning siyosatiga javob ekani haqda o‘z sahifasida bayon qilgan.

Guruh janggarilari ayni paytda Turkiyada yangi hujumlarni amalga oshirish bilan po‘pisa qilgan edi.

Turk Qurolli kuchlari kurd isyonchilariga qarshi o‘tgan yilning dekabridan beri keng miqyosli amaliyotlar o‘tkazayotgani bunga sabab o‘laroq ko‘rilmoqda.

Mazkur portlash so‘nggi bir necha oy ichida Anqarada sodir etilgan uchinchi terror harakati bo‘ldi. O‘tgan yilning oktyabrida Anqarada terrorchilar qo‘lidan 102 fuqaro halok bo‘lgan edi. O‘shanda terrorchilik harakatini IShID sodir etgani aytilgan edi.

Yanvarь oyida Istanbulning Sultonahmet mavzesida xudkush o‘zini portlatgani oqibatida 11 nafar germaniyalik sayyoh halok bo‘lgan.. O‘tgan yilning iyulida esa Turkiyaning Suriya bilan chegarasi yaqinidagi Suruch shahridagi terror harakatida 30 odam halok bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG