Линклар

Assalomu alaykum, Ozodlik radiosi.

Sizlarga bu xatni yozishimga bugun sayyod.com saytida e’lon qilingan video sabab bo‘ldi. Videoda O‘zbekiston xalq artistlari Tesha Mo‘minov, Mirza Azizov va boshqa xalq ziyolilari qatnashishgan va bu majlisdan maqsad bugungi kunda o‘zbek yoshlarining IShID saflariga qo‘shilib ketishining oldini olish, ularga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatishdan iborat.

Mening diqqatimni tortgan narsa bu Tesha akaning bir kuyinib, bir aktyorlik mahorati bilan g‘ururga to‘lib qilgan nutqi bo‘ldi. Tesha aka o‘z nutqlarida Islom dini haqida va O‘zbekistondan yetishib chiqqan ulamolar haqida gapirib turib, kutilmaganda bu insonlarning o‘z vatanlariga sig‘maganliklarini va quvg‘in qilinib, boshqa yurtlarda xoru-zor bulib yashashganini va o‘sha erlarda ham ijod qilib, O‘zbekiston xalqiga munosib bo‘lishganligini gapirdi.

Bu insonlar safi haqiqatda juda uzun - Imom Al-Buxoriy, Farg‘oniy, Ibn Sino, Bobur, Beruniy, Imom Moturudiy hazratlari va boshqalardir. Shu gaplarni eshita turib, bitta savol tug‘iladi - shunday buyuk allomalarimizni surgun qilib, badarg‘a qilib, nega bugun ularning nomlari bilan maqtanamiz, ko‘krak keramiz?

Mayli, bu ishlar qadimda, qachonlardir bo‘lgandir, ammo bugungi kunimizga bir qarang - bu qora an’ana bugun ham davom etmayaptimi? O‘zbek xalqining qanchadan-qancha iqtidorlilari chetda yuribdi, shaxsan men biladiganim qancha...

O‘ylaysizki, “ular pul uchun yuribdi” deb, yo‘q, adashasiz, ular O‘zbekistondagi bugungi shart-sharoitdan bezib, o‘sha yerlarda yuribdi. Ish topolmagan, propiskasi yo‘q, militsiya ta’qibi va ta’magirligi bor yoki oddiy musulmonchiligini qilib, ikki rakaat namoz o‘qishga qo‘rqadigan mamlakatda qanday qilib yashasin bu bechora?..

Tesha aka o‘z nutqida juda chiroyli aktyorlarcha mahorat bilan Islom dini, payg‘ambarimiz haqida juda ko‘p gapirdilar, ammo bugungi O‘zbekistonda tub, musulmon bo‘lgan aholining nimaga ochiqcha “namoz o‘qiyman” deya olmasligiyu, yoshlarning namoz o‘qishiga to‘sqinlik qilinayotgani va ta’qibga uchrayotganligi to‘g‘risida lom-mim demadi.

Aytmoqchi bo'lganim, bugunda ham O‘zbekiston xalqining juda iqtidorli, o‘qimishli farzandlari chetda yurishibdi. Agar ular bugunda Vatanda bo‘lib, munosib joylarda ishlaganlarida edi, ularning Vatanga qanchadan-qancha foydasi tekkan bo‘lardi.

Afsus, Tesha aka aytganlaridek, qadimdagi an’ana bugun ham o‘z kuchida, Vatanning asl farzandlar ketishga, musofirchilikda istiqomat qilishga majbur.

Shu mavzuda tarixchi olimlar va siyosatshunoslar bilan bir suhbat uyushtirsangizlar, foydadan holi bo‘lmasdi, albatta. Salomat bo‘linglar.

(Mushtariy maktubi juz’iy tuzatishlar bilan chop qilindi)

XS
SM
MD
LG