Линклар

Prezident ma’muriyatiga qarashli rezidensiyada "guruhli fahshbozlik" fosh etildi


"Turkiston" majmuasi Ichki ishlar vazirligi va Oqsaroydan bir xil masofada joylashgan

"Turkiston" majmuasi Ichki ishlar vazirligi va Oqsaroydan bir xil masofada joylashgan

O‘tgan hafta Toshkentda qattiq qo‘riqlanadigan davlat rezidensiyasi hududida fahsh bilan shug‘ullangan prokuratura, MXX va boshqa tuzilmalar xodimlari qo‘lga olingani aytilmoqda. Bu haqda xabar tarqatgan Uzmetronom nashriga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligiga yaqin joylashgan “Turkiston” (sobiq “Shelkovichnaya”) majmuasiga Milliy Xavfsizlik Xizmati uyushtirgan maxsus reyd natijasida jami 32 kishi ushlangan. Ozodlik manbasi bu xabarni tasdiqlab, mazkur reydni MXX rahbariyati tarafidan prezident ma’muriyati boshlig‘i Zelimxon Haydarovga qarshi harakat, deya atadi.

Uzmetronom e’lon qilgan xabarda davlat tasarrufidagi “Turkiston” (sobiq “Shelkovichnaya”) rezedensiyasiga Milliy Xavfsizlik Xizmatiga doir niqobli guruh reyd uyushtirgan. Maxsus amaliyot natijasida Toshkent markazida, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi hamda prezidentning Oqsaroy qarorgohiga yaqin joylashgan majmua hududidagi kottejlarda fohishalar bilan ayshu ishrat qilayotgan prokuratura, MXX va boshqa idoralar xodimlari qo‘lga olingan. Jami qo‘lga olingan 32 kishi Ichki ishlar vazirligiga olib borilgan, deydi hokimiyat idoralaridagi ishonchli manbalariga tayanib nashr muharriri Sergey Yejkov.

“Bular prokuratura va kontoraning (MXXning, demoqchi-tahr.) o‘rta miyona darajadagi odamlari bo‘lgan. Ular o‘z xizmat vakolatlaridan foydalangan holda rezidensiyaga kirib, ayshu ishrat qilishgan. Lekin bu yopiq ob’ekt hisoblanadi. Gap Rashidovning sobiq rezidensiyasi haqida ketyapti, uning oldida “Shelkovichnaya” (hozirgi “Turkiston”) mehmonxonasi bor. Majmuaning o‘zi esa baland devor ortida, qarag‘ayzor ichida Rashidovning sobiq rezidensiyasi bor, ichida kottejlar bor. Reyd o‘sha yerda bo‘lib o‘tgan”, deydi Yejkov.

Uzmetronom maqolasida “Turkiston” majmuasi hududida uy qamog‘iga olingan yuqori darajali amaldorlarni saqlash uchun maxsus kottejlar qurilgani yoziladi.

Reyd nishoni Zelimxon Haydarov

Nashr xabarida Oqsaroy qarorgohiga yaqin joylashgan mazkur majmuaning prezident ma’muriyati rahbari Zelimxon Haydarov vakolatlari doirasida ekani inobatga olinsa, niqobli guruh yordamida amalga oshirilgan maxsus amaliyotning asl nishoni ham prezidentning ko‘p yillik safdoshi bo‘lishi mumkinligiga shama ham qilinadi.

Ozodlikning O‘zbekiston hokimiyat idoralariga yaqin manbasi shanbaga o‘tar kechasi Toshkentning Yunus Rajabiy ko‘chasida joylashgan “Turkiston” davlat rezidentsiyasi hududida reyd amalga oshirilganini tasdiqladi. Bu manba ham amaliyotdan asl maqsad “Zelimxonning mavqeiga zarba berish” bo‘lgan, deya iddao qildi.

“Zelimxon Haydarov bilan MXX raisi Rustam Inoyatovning munosabatlari eskitdan yaxshi bo‘lmagan. Lekin, ayniqsa, so‘nggi bir yil ichida ikkalasi qirpichoq bo‘lishyapti. Ular bir necha masalada chiqisha olmagan. Eng so‘nggi ziddiyat kadrlar masalasida chiqdi. O‘tgan yili Zelimxon o‘z odamini yuqori amalga tayinlatmoqchi bo‘lganida, Inoyatov qaytarib yuborgan. Zelimxon ham bo‘sh kelmasdan, juda nufuzli kanali orqali Inoyatovga bosim o‘tkazib, o‘z odamining yuqori lavozimga tayinlanishiga erishdi. Shundan keyin ikkalasining o‘rtasida qarama-qarshilik yanada keskinlashdi. “Turkiston”da bunday ayshu ishratlar doim bo‘lib kelgan, o‘zi MXXchilarning pakkasiku bu rezidensiya. Shu paytgacha hech kim indamasdan keldi, birdaniga kimgadir kerak bo‘lib qoldi bu narsa. Chunki rezidensiya Zelimxonning vakolatida”, deya iddao qildi Ozodlik manbasi.

Kottejlardan birida uy qamog‘idagi Gulnora saqlanmoqda

"Turkiston" rezidensiyasi hududidagi kottejlardan birida Gulnora Karimova saqlanayotgani aytilmoqda

"Turkiston" rezidensiyasi hududidagi kottejlardan birida Gulnora Karimova saqlanayotgani aytilmoqda

Zelimxon Haydarov bilan Rustam Inoyatov o‘rtasida ziddiyat kuchaygani to‘g‘risidagi iddaolarni boshqa bir manba ham tasdiqladi. O‘zbekiston kuch ishlatar idoralaridagi bu manba baland devor bilan o‘ralgan “Turkiston” davlat rezidensiyasi hududida uy qamog‘iga olingan yuqori darajali sobiq amaldorlarni saqlash uchun maxsus kottejlar qurilgani to‘g‘risidagi iddaolarni tasdiqladi.

“Bu kottejlardan birida ikki yildan beri prezidentning qizi Gulnora Karimova saqlanmoqda. Yaqingacha MXX raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Hayot Sharifxo‘jaevning manzili ham shu kottejlardan biri edi”, deydi Ozodlik manbasi.

Hokimiyat yo‘laklaridagi gap-so‘zlardan yaxshi xabardor Uzmetronom nashri qattiq qo‘riqlanadigan davlat rezidensiyasi hududida “guruhli fahshbozlik”ning aniqlangani Zelimxon Haydarovning o‘z lavozimidan ketishiga olib kelmasa-da, uning mavqeiga, qolaversa hokimiyatning turli qatlamlaridagi odamlariga jiddiy putur yetkazishiga olib kelishini taxmin qiladi.

70 yoshli Zelimxon Haydarov sobiq sovet davrida O‘zbekiston SSR Kompartiyasi apparatida Islom Karimov bilan birga ishlgan va ikkalasi o‘rtasidagi munosabatlar bir necha o‘n yillik tarixga ega. 1993 yilda O‘zbekiston prezidenti ma’muriyati boshlig‘i etib tayinlangan Haydarov oradan o‘tgan 23 yil ichida mamlakatdagi eng nufuzli shaxslardan biriga aylangani aytiladi.

“Turkiston” rezidensiyasi Toshkentning qoq markazida Oqsaroy va Ichki ishlar vazirligidan bir xil masofada joylashgan.

XS
SM
MD
LG