Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 13:52

So‘xda IShIDda ayblanib hibs qilingan 12 yigit qo‘yib yuborildi


Farg‘ona viloyati So‘x tumanida IShIDga aloqadorlik gumoni bilan yanvar oyida ushlangan 20ga yaqin yigitdan 12 nafariga O‘zbekiston JKning 159, 244-moddalari asosida ayblov e’lon qilingan edi. Oradan 15 kun - 1 oy o‘tib qo‘yib yuborilganlardan ba’zilariga sud bo‘lishi, ba’zilariga esa ayblov olingani aytilgan. Farg‘onalik huquq faollari bunday og‘ir ayblov bilan ayblanganlarning ozod qilinishiga ilk bor guvoh bo‘layotganini aytmoqda.

Farg‘ona viloyati So‘x tumanidan bog‘langan Ozodlik manbasi hibsdan qo‘yib yuborilgan yigitlardan biri - Majnunali H.ning ota-onasi bilan gaplashganini aytdi:

"Majnunali 15 kun hibsda saqlanganidan keyin qo‘yib yuborilgan ekan, men yaqinda xabar topdim. So‘xdan boshqa joyga ketmasin, uyida yursin, deyishibdi. Sudni kutishyapti ochiqda. Bo‘lmasa, IShID gumonida ushlanganlarga hozir kamida 3 yil shartli berishyapti", deydi ismini ochiqlashni istamagan manba.

G‘aznovlik yana bir manbaning aytishicha, So‘x tumanining Tul va G‘aznov qishloqlarini alg‘ov-dalg‘ov qilgan hibslarda olib ketilgan yigitlarning hammasi uylariga qaytarilgan.

"Lekin, yana o‘nlab yigitlar faqat so‘roq qilingan, pasportlari olingan va qo‘yib yuborilgan edi. Hozirgacha pasportini berishmayapti. Bu bolalar bahordan Rossiyaga ketishi kerak edi, o‘tirishibdi hozir", dedi ismini ochiqlashni istamagan g‘aznovlik yigit.

Ozodlik So‘x tumanida yanvar oyining ikkinchi yarmida boshlangan qama-qamalar haqida bir necha bor xabar qilgan. Tumanning Qal’acha, Tul, G‘aznov kabi qishloqlaridan 20ga yaqin yigit bir necha kun ichida ketma-ket hibsga olingani va yaqinlari qaerga olib ketilganidan bexabar yurgani xabar qilingan edi.

Keyinchalik farg‘onalik inson huquqlari faoli Abdusalom Ergashev ushlangan yigitlardan 12 nafariga O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 159, 244-moddalari asosida ayblov e’lon qilinib, tergov boshlanganini xabar qilgan.

Bulardan 4 nafarining shaxsi Ozodlikka ma’lum. Bular - 1984 - 1990 yillarda tug‘ilgan Majnunali H., Iqboljon M., Sherzod T., Asror X. ismli shaxslardir.

Farg‘onalik inson huquqlari faoli Abdusalom Ergashev yigitlar o‘sha zahotiyoq aybini tan olganini aytgan edi. Endilikda advokatlar bilan bog‘lanib, qo‘shimcha tafsilotlarni aniqlagan faol tergovga hamkorlik shartini qabul qilgan yigitlarning hammasi ozod qilinganini tasdiqladi:

- Tergov tugagan va adashganini tan olib, tergovga hamkorlik qilgani uchun bu yigitlarni sudgacha ozodlikka chiqarishga qaror qilingan. Hammasining ishi sudga oshdimi yoki ayrimlarini hozircha noma’lum. Advokatlar qamoq jazosi berilmasligi aniq, deb turishibdi. Lekin, bunaqangi og‘ir ayblovlar bilan hibsga olingan yigitlarning ozod qilinishi judayam kam uchraydigan hol. Keyingi yillarda shu IShIDda ayblangan yigitlar shunaqa ozod qilinayotgani, sud zalidan ham shartli jazo bilan ozod qilinayotganiga guvoh bo‘la boshladim, - deydi Abdusalom Ergashev.

Bu yigitlarning bir vaqtda hibsga olinishiga sabab bo‘lgan so‘xlik aka-uka Nozil va Nusrat T.lar taqdiri haqida ham tasdiqlanmagan ma’lumotlar bor.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Farg‘ona viloyati IIV va MXX tuzilmalari aka-ukalar Suriyaga ketib qolgan, degan da’vodalar va bu haqda ularning oilasiga ma’lum qilishgan. Yanvarda hibsga olingan 20ga yaqin so‘xlik esa aka-ukalar bilan bir necha yil muqaddam Tatariston respublikasida birga ishlagan.

Hibslar haqidagi xabardan so‘ng Ozodlikka Turkiyadan bog‘langan va ismini oshkor qilmasligimizni so‘ragan so‘xlik manba Nozil va Nusrat T.larning Suriyaga ketgani haqidagi kuch ishlatar tuzilmalari da’vosi yolg‘on, deb iddao qildi.

Uning muxbir bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, yigitlar qonuniy yo‘llar bilan arab davlatlaridan biriga ketishgan va u erda ta’lim olmoqda. "Ular umrida Suriyaga o‘tmaganini hujjatlar asosida isbotlab berishi mumkin", dedi bu manba. Ozodlik aka-ukalarning o‘zi bilan ham bog‘lanishga urinmoqda.

So‘x tumanidagi hibslar haqida Farg‘ona viloyati va So‘x tumani IIBlari shu kungacha biror rasmiy ma’lumot bergani yo‘q.

So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda xorijdan borayotgan fuqarolarning so‘roqqa tutilayotgani, hibsga olinayotgani haqida ma’lumotlar ko‘paymoqda.

Xususan, 2015 yilning oktyabr va noyabr oylarida Toshkent viloyati hamda shahrida 200dan ortiq odamning hibsga olingani inson huquqlari faollari tomonidan xabar qilingan.

Bundan tashqari, yana o‘nlab odam Farg‘ona, Xorazm va Namangan viloyatlarida hibsga olingani haqida ma’lumotlar bor.

O‘zbekiston IIV faollar tarqatgan bu xabarlarni qisman tasdiqlagan, ammo bu borada aniq raqamlarni ma’lum qilmagan.

XS
SM
MD
LG