Линклар

logo-print

Misr bosh vaziri Sharif Ismoil payg‘ambar Muhammad alayhissalom haqidagi so‘zlari uchun adliya vaziri Ahmad Zindni vazifasidan ozod qildi.

Adliya vaziri juma kuni televideniega bergan intervyusida “agar qonunni buzsa, Muhammad payg‘ambarning o‘zini ham qamoqqa tashlardim”, degan.

Og‘zidan chiqqan so‘z ma’nosini chaqqanidan keyin Zind darhol to‘xtab, “Astag‘firulloh” (Olloh meni kechirsin) degan. Bu uzrini u shanba kuni boshqa bir intervyusida ham takrorlagan. Shunga qaramay, u ishdan bo‘shatilgan.

Reuters agentligi xabariga ko‘ra, Misr hakamlar hamjamiyati bosh vazirning bu qarorini tanqid qilgan. Hakamlardan biri buning “shunchaki ehtiyotsizlik bilan aytilgan gap” ekanini aytib, “buning uchun vazirni ishdan bo‘shatish shart emas edi”, degan.

Ishdan olingan vazir Ahmad Zind “Musulmon birodarlar” islomiy harakatining ashaddiy tanqidchilaridan biri sifatida tanilgandi.

Zinddan avvalgi adliya vaziri “sudyalikka jamiyatning faqat e’tiborli qatlamidan chiqqan odamlargina qo‘yilishi lozim”, “har xil axlattitarlarning farzandlari hakamlik vazifasiga to‘g‘ri kelmaydi” degani uchun o‘tgan yilning may oyida vazifasidan bo‘shatilgan edi.

XS
SM
MD
LG