Линклар

Putin o‘z qo‘shinlariga Suriyani tark etishni buyurdi


Rossiya prezidenti Vladimir Putin mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan, Moskva, 2016 yil 14 marti.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan, Moskva, 2016 yil 14 marti.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Suriyadagi harbiy amaliyotlar o‘z maqsadiga etganini bildirib, rus harbiylariga 15 martdan Suriyadan chiqa boshlashni buyurdi. Bu qarorni olqishlagan suriyalik muxolifatchilar ruslarning Suriyadan chiqish alomatlari hozircha ko‘zga tashlanmayotganini aytmoqdalar.

14 mart kuni Kremlda Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu va tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovni qabul qilgan prezident Putin rus qo‘shinlarining asosiy qismini Suriyadan olib chiqib ketish seshanbadan boshlanishi lozimligini ta’kidladi.

Shuningdek, u Suriyadagi ziddiyatga barham berish uchun Rossiya tinchlik jarayonida o‘z rolini faollashtirishi kerakligini uqtirdi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya prezidenti Moskva qarorini yetkazish uchun suriyalik hamkasbi Bashar Assadga qo‘ng‘iroq qilganini, Assad bu qarorni rozilik bilan qabul qilganini aytdi.

Ayni paytda Putin Rossiyaning Tartusdagi dengiz va Xmeymimdagi havo bazalari avvalgi tartibda o‘z ishini davom ettirishini bildirdi.

“Bu maskanlar quruqlikdan, dengizdan va havodan yaxshi himoyalangan bo‘lishi lozim”, dedi Putin.

Rossiya prezidenti Suriyada qoladigan rus harbiylari otashkesim tartibiga rioya etilishini nazorat qilish bilan shug‘ullanishini qo‘shimcha qildi.

Suriya muxolifati mamnun, ammo...

Suriya muxolifatining Shveytsariyadagi bosh muzokarachisi Muhammad Allush.

Suriya muxolifatining Shveytsariyadagi bosh muzokarachisi Muhammad Allush.

Jenevadagi tinchlik muzokaralarida Suriya muxolifatini tamsil etayotganlardan biri Muhammad Allush Rossiya qo‘shinlarining Suriyadan haqiqatan chiqib ketishi ijobiy hodisa bo‘lishini bildirdi, biroq hozircha bundan darak beradigan hech qanaqa alomat zohir bo‘lmaganini qayd etdi.

- Agar Rossiya qo‘shinlarining olib chiqib ketilishi rost bo‘lsa, bu bir manevr bo‘lmasa, men buni olqishlayman, - dedi “Jayshul-Islomiy” guruhi rahbari va Shveytsariyadagi Suriya bo‘yicha muzokaralarda muxolifatning bosh muzokarachisi bo‘lgan Muhammad Allush.

Biroq WhatsApp orqali yo‘llagan xabarida u “Bu ish amalga oshayotganining hech qanaqa alomati yo‘q” deya qo‘shimcha qildi.

Bu orada rossiyalik harbiylar Suriyadan o‘z harbiy texnikasini olib chiqishga kirishgani aytilmoqda. Rossiya Mudofaa vazirligining bugungi bayonotida: “Havo bazasi texnik xodimlari Rossiya aerodromlariga uchish uchun uchoqlarni tayyorlashga kirishdi”, deyilgan. Bayonotda harbiylar jihozlar va moddiy-texnik vositalarni samolyotlarga tashib, joylashtirayotgani ham qayd etilgan.

Obama va Putin Suriyadagi vaziyatni muhokama qildi

Barak Obama va Vladimir Putin.

Barak Obama va Vladimir Putin.

AQSh prezidenti Barak Obama dushanba kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali Suriyadagi harbiy harakatlarni to‘xtatishdagi qadamlarni muhokama qildi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati xabar tarqatdi.

Obama va Putin Rossiya prezidentining Suriyadan rus qo‘shinlarini qisman olib chiqib ketish haqidagi bayonotini hamda bu mamlakatdagi ziddiyatga barham berish uchun siyosiy muzokaralar o‘tkazish maqsadida jangovar harakatlarni to‘la to‘xtatish uchun zarur bo‘lgan keyingi qadamlarni muhokama qildilar.

AQSh prezidenti rossiyalik hamkasbi bilan so‘zlashuv chog‘ida “sulh shartnomasi kuchga kirganidan keyin zo‘ravonlik ko‘lami qisqargani”ni olqishladi, biroq Suriya rejimining hali ham davom etayotgan hujumlari jangovar harakatlarni to‘xtatish va BMT homiyligi ostida o‘tkazilayotgan ziddiyatni siyosiy yo‘l bilan hal qilishi jarayonini xatar ostiga qo‘yayotganini ta’kidladi.

Obama Suriyaga insonparvarlik yordami yetkazishda ham muayyan ijobiy o‘zgarishlar kuzatilayotganini qayd etdi, biroq Suriya prezidenti Bashar Assadga sodiq kuchlar kelishilgan joylarga, xususan, Darayyaga gumanitar yordam to‘siqsiz etkazilishini ta’minlashi lozimligini urg‘uladi.

AQSh prezidenti siyosiy o‘tish davri Suriyadagi zo‘ravonlikka chek qo‘yishi lozimligini ta’kidladi.

XS
SM
MD
LG