Линклар

Qirg‘izistonlik Yo‘ldoshvoy Bozorovni 24 yil qidirgan oilasi, nihoyat Novokuznetsk shahar shifoxonasidan topdi. Novokuznetsk televideniesi efirga uzatgan lavhada esini yo‘qotgan Yo‘ldoshvoyni afg‘on urushi qatnashchisi Andrey Myasoedov tanib qolgani va yaqinlarini topishga hissa qo‘shgani aytildi. Sobiq afg‘on jangchisi o‘z hamxizmatini qo‘liga urilgan tatuirovkadan tanib qolgan.

Xotirasini yo‘qotgan jangchi

Novokuznetsk shifoxonasida xotirasini yo‘qotib qo‘ygan qirg‘izistonlik o‘zbek topildi.

Mahalliy TVN telekanali xabar qilishicha, 2015 yilning oktyabrida Novokuznetsk shahar shifoxonasiga bosh suyagidan jiddiy jarohat olgan shaxs keltirilgan.

“Hushiga kelganida bu odam mutlaqo xotirasi yo‘qolgani aniqlandi, shifokorlar unga “retrograd amneziyasi” tashhisini qo‘ydi”, deydi bu odam to‘g‘risida lavha tayyorlagan TVN telekanali jurnalisti Natalya Gorbul Ozodlik bilan suhbatda:

- 2015 yilning 18 oktyabrida uni bizning shifoxonamizga olib kelishgan, 29 oktyabrda uni jarrohlik operatsiyasidan o‘tkazishgan. Boshidan olgan travma tufayli u hech narsani eslay olmagan. Har yomonning bir yaxshisi bor, deganlaridek shu jarohat uni anchadan buyon qidirib yurgan oilasini topishiga yordam berdi. Shifokorlar uning kimligini migratsiya bazasidagi barmoq izlaridan aniqladi. Shu vaqt shifoxonaga qizini ko‘rgani kelgan Andrey Myasoedov ismli novokuznetsklik fuqaro uning yelkasi va ko‘kragidagi “nakolka”dan Afg‘onistonda xizmat qilganini aniqlagan, dedi Natalya Gorbul.

Bozorov o‘zining kim ekani, yaqinlarini eslay olmaydi. Ammo, afg‘on urushi to‘g‘risidagi ma’lumotlar chala-chulpa xotirasida qolganini aytadi:

- O‘tgan hayotimni eslay olmayman.

- Afg‘onistonda urushganingizni eslaysizmi?

- Ha! Bunisi esimda, bunisi esimda...

Yo‘ldoshvoyni shifoxona yo‘lagida ko‘rib qolgan Andrey Myasoedov 80 yillar oxirlarida afg‘on urushida bo‘lib qaytgan. U “afg‘on jangchilari o‘z safdoshlarini tashlab ketmaydi”, deydi:

- U shifokorni kutib, gavdasining tepa qismi yalang‘och o‘tirganini ko‘rib qoldim. Yelkasi va ko‘kragida afg‘on tatuirovkasini ko‘rib qoldim. Qirg‘izistonda afg‘on hamxizmatlarim yordam berdi, bir haftacha yaqinlarini qidirdik. Keyin internetda hamma Bozorovlarga xabar yubora boshladim. Nihoyat, uni jiyani chiqdi aloqaga, dedi Andrey.

"Uni topishdan umidni uzgandik..."

Ma’lum bo‘lishicha, Yo‘ldoshvoy Bozorov Qirg‘izistonning O‘sh shahridan. Uni 23 yildan beri qidirayotgan yaqinlari 2000 yillarda, hatto, “Jdi menya” teledasturiga murojaat qilishgan.

Novokuznetsk shahri shifoxonasidan Yo‘ldoshvoy akani olib ketgani uning kelinoyisi Gulavza va jiyani Iskandar bordi.

Gulavza Bozorova urush faxriysi bo‘lgan Yo‘ldoshvoy akani topishga hech qanday ishonch qolmaganida undan xabar kelganini aytadi.

Ozodlik bilan suhbatda syujetimiz qahramoni Yo‘ldoshvoy Bozorovning jiyani Iskandar faxriy O‘shga yetib borganini so‘zlab berdi:

- Yaxshi yetib keldi. Ahvoli birmuncha durust. Xotira darrov bo‘lmasa ham ozgina-ozgina qaytyapti. Amakim Afg‘onistonda 80 yillar oxirlarida xizmat qilgan. Uning oila-bolasi yo‘q. Afg‘onda xizmat qilib keldiyu,O‘sh shahrida 3-4 yil ishlab yurdi. 1991 yildan Novokuznetsk shahriga qatnab, ishlay boshladi. 2-3 yilda bir kelib ketdi va keyin dom-daraksiz yo‘qoldi. “Jdi menya”ga ham yozdik – javob kelmadi. Men katta akasining o‘g‘li bo‘laman. Biz uni 23-24 yil qidirdik. 24 yilda qo‘qqisdan tirik ekani to‘g‘risida xabar keldi, dedi Iskandar Bozorov.

Iskandarning aytishicha, Yo‘ldoshvoyning 5 aka-ukasi va 2 opa-singlisi bo‘lgan: ulardan hozirda faqat ikkisi hayot. O‘shlik veteran muhojiratda yurgan vaqtlarida uning ota-onasi ham olamdan ko‘z yumgani ma’lum bo‘ldi.

Yo‘ldoshvoy Bozorov birinchi bo‘lib eslagan shaxs ham onasi bo‘ldi:

- Bu mening onam. Bu Juma, mening akam Juma.

Rossiyada xotirasiz va hujjatsiz yurgan Bozorovning yurtiga chiqib ketishiga mahalliy Afg‘on jangchilari jamiyati va Novokuznetsk shahar ma’muriyati ko‘maklashdi.

"Nakolka" - shunchaki bezak emas..."

Afg‘on urushi veteranining topilishiga uning yelkasidagi oddiy “nakolka” - tatuirovka sabab bo‘ldi.

Ozodlik Qirg‘iziston respublikasi Afg‘on jangchilari jamiyati rahbari Tinishbek Qodirovdan nima uchun jangchilar tanasiga tatuirovka urishini so‘radi:

- Uni bizning hamxizmatimiz nakolkasidan tanib qolgan bo‘lsa, u Afg‘onistonda xizmat qilganiga ishonchim komil, chunki Afg‘onistonda qilingan nakolkalarni biz bir ko‘rishda aniqlaymiz. Agar uni birov hozir soxtalashtirsa ham osonlik bilan ajratib olamiz. Chunki u yerdagi nakolka urish qoidalari va spetsifikasi o‘zgacha bo‘lgan, nakolka urilgan materiallar boshqa bo‘lgan. Odatda o‘q va qon guruhi ko‘krakka chiziladi: yaralangan jangchining qon guruhini aniqlashga vaqt ko‘p ketadi. Keyin kim desanturada, kim motostrelok yoki boshqa qismlarda bo‘lgani, bu qismlar raqamlari aks etadi. Undan keyin, kim qaerda xizmat qilgani ham yoziladi, masalan “Qandahor”. Ko‘pincha “Afg‘oniston” yozuvi ostida xizmat qilgan yillari ham yoziladi, deydi tatuirovkaning nafaqat jangovar harakatlarda, balki oddiy turmushda ham foydasi bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan Tinishbek Qodirov.

XS
SM
MD
LG