Линклар

Uch oy ichida MXXning ikki zobiti o‘zini otib o‘ldirdi


O‘zbekiston MXX tizimida so‘ngg bir yil ichida shov-shuvlarga sabab bo‘lgan voqealar tez-tez sodir bo‘lmoqda

O‘zbekiston MXX tizimida so‘ngg bir yil ichida shov-shuvlarga sabab bo‘lgan voqealar tez-tez sodir bo‘lmoqda

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati polkovnigi o‘z joniga qasd qildi. 6 mart kuni ro‘y bergan voqeada MXX Moddiy-texnikaviy ta’minot bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Igor Pirojkov xizmat kabinetida to‘pponchadan o‘zini otib o‘ldirdi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, polkovnik Pirojkovga hayotini shu tarzda yakunlash maslahati berilgan. MXXning nafaqat O‘zbekiston, balki xorijdagi faoliyati sarf-xarajatlari uchun mas’ul boshqarma faoliyati bir necha oydan beri taftish etilayotgani aytilmoqda. Ozodlikka yana ma’lum bo‘lishicha, bu so‘nggi uch oy ichida MXX zobitining o‘zini otib o‘ldirishi bilan bog‘liq ikkinchi hodisadir.

MXX polkovnigiga o‘zini otish maslahat qilingan

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati boshqarmasi mulozimi o‘zini otib o‘ldirgani to‘g‘risidagi dastlabki xabar Ozodlikka o‘tgan hafta noma’lum manba tarafidan yetkazildi. Lekin bu hodisa haqiqatan 6 mart kuni ro‘y berganini MXXga yaqin yana ikki manba seshanba kuni tasdiqladi. Ozodlik manbalari uning ismini ham oshkor qilishdi.

“MXX Moddiy-texnikaviy ta’minot bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Igorь Vasilyevich Pirojkov 6 mart kuni o‘zining kabinetida xizmat to‘pponchasidan boshiga o‘q uzib, nobud bo‘ldi. Mazkur boshqarma MXX tizimidagi eng nufuzli tuzilmalardan biridir. Barcha moliyaviy masalalar, jumladan mamlakat ichkarisi va tashqarisidagi maxsus amaliyotlarni moliyalash uchun mas’ul boshqarma bu. Boshqarmaning faoliyati bir necha oydan beri taftish etilayotgan edi”, deydi manba.

Hodisadan xabardor yana bir manbaning aytishicha, bosh boshqarmaning taftish etilishiga katta mablag‘ning talon-toroj qilingani sabab bo‘lgan.

“Bu boshqarma MXXning nafaqat O‘zbekistondagi, balki mamlakat tashqarisidagi rezidenturalardan tortib, idora faoliyati uchun kerakli bo‘lgan anjomlarni sotib olish sarf-xarajatlar masalasini hal etadi. Bu juda katta pul. Keyingi 20 yil ichida muntazam kattalashib kelgan tizimga davlat tarafidan qancha pul ajratilishini tasavvur qilish mumkin xolos. Bundan uch yil avval ham boshqarma boshlig‘i general Ubaydullaevni talon-torojda ayblab, hibsga olishgan, lekin mol-mulkini tortib olishib, qo‘yib yuborishgan edi. Bu safar ham katta pul o‘marilgani aytilmoqda. Lekin Igor Pirojkov bu ishga aralashgan bo‘lsa ham, asosiy shaxs emas. U shunchaki “gunoh echkisi” bo‘ldi. Mendagi ma’lumotga ko‘ra, bu ish ustida turgan kattaroq zobit unga shunday yo‘l tutish to‘g‘risida maslahat bergan. Keyingi paytlarda u ichkilikka ruju qo‘ygan edi. Aftidan hamma aybni unga to‘nkashgan, lekin u savodli yigit edi. Yoshi hali 50ka bormagan edi”, deydi Ozodlik manbasi.

Ozodlikka o‘tgan hafta jo‘natilgan ilk xabarda ham, MXX zobitiga o‘z hayotiga nuqta qo‘yish tavsiya qilingani ta’kidlangan edi.

Uch oy ichida ikkinchi xudkushlik

Ozodlik manbalariga ko‘ra, dekabr oyida ham Toshkent viloyati MXX zobiti o‘zini otib o‘ldirgan

Ozodlik manbalariga ko‘ra, dekabr oyida ham Toshkent viloyati MXX zobiti o‘zini otib o‘ldirgan

Ozodlik manbasining yana ma’lum qilishicha, bu so‘nggi uch oy ichida MXX zobitining ish joyida o‘zini otib o‘ldirishi bilan bog‘liq ikkinchi hodisadir. O‘tgan yilning dekabrida MXX iqtisodiy jinoyatlar boshqarmasi xodimi o‘zini otib o‘ldirgan edi, deya iddao qiladi manba.

“Bu MXX tizimida uch oy ichida ikkinchi "samostrel"dir (xudkushlik). Dekabrda ham tong sahar 6da Toshkent viloyati MXX boshqarmasida iqtisodiy jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi zobiti xizmat kabinetida o‘zini otgan edi. O‘q boshining yarmini o‘pirib tashlagan. Gilьza oynada uchib chiqib ketgan edi. Ko‘chadan izlab topishdi. Bu ish maxfiylashtirilgan”, deydi Ozodlik manbasi.

O‘zbekistonda kuch ishlatar idoralar xodimlarining o‘z joniga qasd qilishi bilan bog‘liq hodisalar keyingi paytlarda tez-tez uchramoqda.

Dekabrь oyida Andijon viloyati Baliqchi tumanida IIB Qo‘riqlash xizmati xodimi 28 yoshli Diyorbek Davlatov ish joyida osilgan xolda topilgan edi.

Noyabr oyida, uch nafar militsiya zobiti o‘zini o‘ldirgan edi. 20 noyabr kuni Yangiyo‘l tumani Gulbahor ichki ishlar bo‘limi jamoat tartibini saqlash bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, kapitan Sharofiddin Temirov ish joyida xizmat to‘pponchasi bilan o‘zini otib o‘ldirgan edi.

28 noyabrь kuni Samarqand viloyati Nurobod tumani IIB huquqbuzarlikning oldini olish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, 30 yashar Oybek Mamarahimov va boshqa hamkasbi o‘zini osib o‘ldirgan edi.

O‘tgan yilning aprelida Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasining shaxsiy tarkib bilan ishlash xizmati boshlig‘i podpolkovnik Baxtiyor Otaev MXXga so‘roqqa chaqirtirilganidan keyin o‘zini osib o‘ldiradi.

Bundan tashqari so‘nggi bir yil ichida MXX tizimida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan tergovlar natijasida o‘nlab zobitlar qamoqqa olindi. Jumladan, MXX raisining birinchi o‘rinbosari general Hayot Sharifxo‘jaev ishdan chetlatildi, uning ukasi MXX polkovnigi Javdot Sharifxo‘jaev 15 yilga qamoqqa tashlandi.

XS
SM
MD
LG