Линклар

15 mart - Xalqaro iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kunida Ozodlikka yillardan beri yetib kelayotgan shikoyatlar asossiz emasligi rasmiy va yarim rasmiy tashkilotlar e’lon qilgan konkret raqamlarda o‘z tasdig‘ini topdi.

Shu kuni Ozodlik bir iste’molchi bilan uning huquqlarini himoya qiluvchi tashkilot o‘rtasida beixtiyor vositachi vazifasini bajardi.

Mavzuning beixtiyor qahramoni

G‘allaorollik tinib-tinchimas oqsoqol, prezidentning tengdoshi Nabijon Jo‘raboev bilan bog‘lanib, uning endigina viloyat prokuraturasidan chiqqanini bildik.

- Bir birodarim bilan viloyat prokurori qabulidan kelayapmiz, dedi oqsoqol.

Suhbatdoshimizning aytishicha, uni prokuraturaga arz qilishga aholiga arzon narxlarda sotiladigan oziq-ovqat mahsulotlari ta’minotidagi uzilishlar sabab bo‘lgan.

- Bizning G‘allaorolda ham dislokatsiya orqali aholiga 8 xil oziq-ovqat tarqatilishi kerak. O‘sha narsalar 2 oylab berilmaydi, ba’zi mahsulotlar 2 yillab ham berilmaydi. Bozorga olib chiqib sotib yuborishadi, dedi Nabijon Jo‘raboev.

U qishloqdoshi bilan prokuraturaga borishdan oldin - fevralda mamlakat miqyosidagi boshqa bir idoraga arz qilgan.

- Shu masala bo‘yicha biz Respublika iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yozganmiz. Lekin hanuzgacha chora ko‘rilmadi, dedi Jo‘raboev.

Uning aytishicha, Respublika iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati (O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi – tahr.) arizani javobsiz qoldirmagan.

- Javob viloyat hokimligiga yuborilgan. Viloyat hokimligi tuman hokimligiga yuborgan. Keyin tuman hokimligidan Iste’molchilar jamiyatiga ham, bizga ham tarqatilishi lozim bo‘lgan hamma narsa o‘z vaqtida tarqatilayapti, degan yolg‘on javob kelayapti, shuning uchun prokurorga bordik, u komissiya tuzib o‘rganishga va’da berdi, dedi Nabijon Jo‘raboev.

Masalani o‘rganishga va’da berishdi

15 mart - Xalqaro iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kunida G‘allaoroldan olganimiz bu ma’lumot ortidan O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi Axborot xizmati bilan bog‘landik va suhbatdoshimiz hamda uning hamkasblarini bayrami bilan tabriklab, Nabijon Jo‘raboevdan eshitganlarimizni etkazdik.

Federatsiya vakili Ozodlik muxbiri gaplarini diqqat bilan eshitdi. Nabijon Jo‘raboevning telefonini yozib oldi. 2 -3 kun ichida Jo‘raboev bilan bog‘lanib, masalani o‘rganishga va’da berdi.

Raqamlar, raqamlar...

Xalqaro iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kuni arafasida Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mulozimlari ommaviy axborot vositalari uchun matbuot anjumani o‘tkazib, 2015 yil davomida iste’molchilardan 5141 ta ariza tushgani, shu jumladan 3335 ariza yozma shaklda yetib kelgani, 1806 ta marta ishonch telefonlari orqali murojaat bo‘lganini xabar qildi.

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi axborot xizmati vakilining Ozodlikka aytishicha, o‘tgan bir yil ichida 7501 ta ariza tushgan.

Gaz va elektr – bosh masala

Anjumanda, shuningdek, gaz va elektr quvvati bilan ta’minlovchi tashkilot va kommunal xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarning barcha filiallarida qo‘mita mutaxassilari bilan hamkorlikda hammasi bo‘lib 7732 iste’molchi qabul qilingan, shu jumladan 5049 kishi gaz ta’minoti, 2558 kishi elektr quvvati ta’minoti masalasi yuzasidan qabul qilingani aytilgan.

Gaz va elektr quvvati ta’minoti o‘zbekistonliklarni tashvishga solayotgan bosh masala ekanligini O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi axborot xizmati vakilidan ham, Federatsiyaning Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy bo‘limi vakilidan ham eshitdik.

Sizlarga asosan qanday muammolar bilan murojaat qilishadi, degan savolga har ikki mulozim bir-biridan mustaqil ravishda avval gazni, keyin elektr quvvatini va so‘ngra savdo muassasalarini tilga oldi.

4 tamal prinsip

Xalqaro iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kuni jahon bo‘ylab ilk bor 1983 yili nishonlangan

Informatsiya olish huquqi

Xavfsizlik huquqi

Tanlash huquqi

Shikoyat qilish huquqi.

Iste’molchilarning asosiy va prinsipial huquqlari sifatida AQSh prezidenti Jon Kennedi 1962 yilning 15 martida Konressda qilgan chiqishida yuqorida keltirilgan 4 huquqni tilga olgan edi.

Bu prinsiplar jahondagi ko‘plab davlatlarning iste’molchilar huquqlarini himoya qiluvchi qonunlariga asos bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG