Линклар

logo-print

Chet el qamoqxonasida jazo o‘tayotgan O‘zbekiston fuqarosining pasporti eski bo‘lsayu, uning qamoq muddati 2018 yilning 1 iyulidan so‘ng tugasa, u vataniga qaytishi uchun nima qilishi kerak? OzodJavobning navbatdagi sonida ushbu savol javobini topishga harakat qilamiz.

O‘zbekistonda 2011 yildan boshlangan biometrik pasportlarga o‘tish jarayoni 2015 yil dekabrida nihoyasiga yetishi bildirilgandi.

Biroq bu muddatda pasportlarini almashtirishga ulgurmaganlar soni ko‘pligi bois, eski hujjatlarning amal qilish muddati 2018 yil 1 iyulgacha uzaytirilgan.

Lekin eski pasportlar joriy yil 1 yanvaridan boshlab xorijda mutlaqo yaroqsiz hisoblanadi. Faqat chet elda yurgan o‘zbekistonliklar qo‘lidagi eski pasportlarning amal qilish muddati o‘tmagan bo‘lsa, u eski pasporti bilan vatanga qaytib kelishlariga ruxsat etilgan.

Biroq xorijda jazo o‘tayotgan O‘zbekiston fuqarosining qamoq muddati 2018 yilning 1 iyulidan keyin tugasa va uning qo‘lida nobiometrik pasport bo‘lsa, u uyiga qanday qaytishi mumkin?

Rossiya shimolidagi Arxangelsk viloyati qamoqxonasida o‘tirgan 32 yoshli o‘zbekistonlik mahbus Sobit Qadamovni ham xuddi shu savol qiynayapti.

To‘rt yil avval o‘g‘irlikda ayblanib, yetti yilga qamalgan Sirdaryo viloyatining Sayhunobod tumanidan bo‘lgan Sobit Qadamov qamoq muddati 2018 yil oxirida tugashi, ungacha eski pasportining amal qilish muddati ham o‘tib ketishi va O‘zbekistonga qanday qaytishni o‘ylab boshi qotayotganini gapirdi:

- Uch yilu 4 oydan beri qamoqxonada o‘tiribman. Muddatim 2018 yilning noyabrigacha. O‘zbekiston fuqarosiman. Pasportim O‘zbekistonning eski pasporti,- deydi Ozodlik bilan suhbatda Qadamov.

Uning aytishicha, u o‘tirgan qamoqxonada ellikdan ortiq O‘zbekiston fuqarolari jazo o‘tayapti va barchasining pasporti eskidir.

***********************

Xalqaro amaliyotga ko‘ra, chet el qamoqxonasida o‘tirgan xorijlikning pasporti bilan bog‘liq muammo bo‘lsa, o‘sha davlatning huquq-tartibot organlari bu haqda elchixonaga ma’lum qilishi lozim.

Misol uchun Arxangelsk qamoqxonasida jazo o‘tayotgan O‘zbekiston fuqarosi Sobit Qadamov vaziyatida qamoqxona ma’muriyati uning qamoq muddati tugashiga 5-6 oy qolganida bu haqda Rossiyaning tegishli organlariga xabar yo‘llashi kerak. Tegishli organlar esa O‘zbekiston elchixonasiga so‘rovnoma jo‘natib, Sobir Qadamovga “Vatanga qaytish sertifikati” so‘rashi lozim.

Agar Rossiyaning tegishli idoralari elchixonaga murojaat qilmasayu, Qadamov qo‘lida muddati o‘tib ketgan eski pasport bilan qamoqxonadan chiqsa, uning o‘zi O‘zbekiston elchixonasiga sertifikat so‘rab, murojaat qilishi kerak.

Qadamov kabilar vaziyatida ular elchixonadan “Vatanga qaytish sertifakati”ni olguncha, Rossiyaning vaqtincha saqlash izolyatorida ushlab turiladi.

Ma’lum bo‘lishicha, ikkala vaziyatda ham O‘zbekiston elchixonasi sertifikat so‘ragan fuqaro borasida O‘zbekistondagi tegishli idoralarga so‘rovnoma jo‘natadi. So‘rovnomaga javob kelgachgina, sertifikat beriladi.

O‘zbekiston Tashqi ishlari vazirligi bilan Ichki ishlar vazirligi hamkorlikda qabul qilgan “O‘zbekiston Respublikasiga qaytish uchun sertifikat berish tartibi to‘g‘risida yo‘riqnoma”ga muvofiq qo‘lida eski pasporti bo‘lgan o‘zbekistonlik uchun mazkur hujjat O‘zbekistonga kirish huquqini beruvchi hujjat hisoblanadi.

Xorij qamog‘idan ozodlikka chiqqan o‘zbekistonlik o‘sha davlatdagi konsullik bo‘limiga quyidagi hujjatlarni taqdim etish lozim bo‘ladi:

- Elektron ariza-anketa; (Arizachining o‘zi esa konsullik bo‘limiga shaxsan murojaat qilishi lozim)

- Haqiqiyligini yo‘qotgan eski pasport;

- 35x45mm hajmdagi 4ta fotosurat;

- Konsullik yig‘imi -55 AQSh dollari;

- Agar zarur bo‘lsa, hujjatlarni jo‘natish uchun puli to‘lanib, marka yopishtirilgan konvert;

- Va albatta xorij qamoqxonasida jazo o‘tab, ozodlikka chiqqani haqidagi hujjat;

Amaldagi tartibga ko‘ra, "Vatanga qaytish sertifikati" 5 ish kunidan uzog‘i bilan 1 oygacha bo‘lgan muddat ichida berilishi lozim. Lekin sertifikatni oylab kutish holatlari sababini o‘zbek elchixonalari shu paytgacha izohlagan emas.

“Vatanga qaytish uchun sertifikat”ini olib O‘zbekistonga qaytgan fuqaro yangi pasportni rasmiylashtirish uchun o‘zi doimiy yashaydigan joydagi Ichki ishlar idoralariga ushbu sertifikatni topshirishi lozim.

**********************

Ozodlik mushtariylari iltimosiga ko‘ra, O‘zbekistonning Rossiyadagi konsullik bo‘limlari manzillarini keltiramiz:

Moskvadagi konsullik bo‘limi:

119017, g. Moskva, 2-y Kazachiy per., dom 2

Tel.: (499) 230-13-01, 230-00-54

Novosibirskdagi konsullik bo‘limi:

630005 g. Novosibirsk, ul. Lomonosova, dom 55B

Tel.: +7(383) 2460485, +7(383) 2460484

Shuningdek, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining ishonch telefoni:

+998 (71) 233-28-28

Ozodlikning “Biometrik pasport: Ming bir savol va javob” sahifasi orqali biometrik pasport bo‘yicha ko‘plab savollaringizga javob topishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG