Линклар

O‘qiydiganingizni yozishni boshlay-boshlay deb tursam, Amerikadan bir yigit qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Sarvar akayu aytingu nimaychun Xamzani bekor qilishdi O‘zbekistonda?

Bilganimcha aytgan bo‘ldim. Sezdimki, yigitning qo‘ng‘iroqdan murodi - savol berishdan ko‘ra, fikr bildirmoq.

Fikrlaringizni yozing, dedim. Biz saytda chiqaraylik, dedim. Xo‘p, dedi yigit. Faqat ismim sir qolsin, qo‘rqaman, dedi Amerikaga yetib olgan o‘zbekistonlik yigit...

Qo‘rquv – hayotbaxsh tuyg‘u.

Yana bir marta aytay: qo‘rquv – hayotbaxsh tuyg‘u.

Joni shirin odamning. Moli shirin.

Molini yo‘qotishdan qo‘rqadi odam. Ba’zan, Jonini tikadi Moli uchun. Lekin so‘nggi soniyada qo‘rqib ketadi: baribir Joni shirinroq.

Qo‘rquv birlamchi tuyg‘ularimizdan. Qo‘rquv instinktdir.

Qo‘rquv hammaga xos.

Botirlik xoslarga xos.

Hamma qo‘rqadi.

Homilador homilasi tushib ketishidan qo‘rqadi.

O‘g‘li qaynoq choyni ustiga to‘kvorishidan qo‘rqadi ona.

Bola darsda so‘rab qolishlaridan qo‘rqadi.

Qizini yerga bergan ona qo‘rqib uxlayolmaydi tongni, xabarni kutib.

O‘g‘lini uylantirgan ona ham qo‘rqadi, bir narsalarni o‘ylab.

Qariya, hatto tumov bo‘lishdan qo‘rqadi. Tumov bahona o‘lib qolishdan qo‘rqadi.

Qariyaning tumovini davolayotgan do‘xtir ham qo‘rqadi, dorini to‘g‘ri berdimmi, deb...

Bular hammasi tabiiy, natural qo‘rquvlar – instinktlar.

Men ham qo‘rqaman. Lekin nimadan qo‘rqishimni aytmayman: matn meniki, xohlasam aytaman, xohlamasam – yo‘q.

Ozodlik ham qo‘rqadi. Yolg‘on xabar berib qo‘yishdan qo‘rqadi.

Sun’iy qo‘rquvlar ham bor.

Korxona, tashkilot, muassasalar rahbarlari, fermerlar qo‘rqadi tuman hokimidan.

Tuman hokimi viloyat hokimidan qo‘rqadi.

Viloyat hokimi yuqoriga chaqib qo‘ymasmikan, deb o‘rinbosaridan qo‘rqadi.

Bosh vazirdan qo‘rqadi viloyat hokimi yana.

Bosh vazir Prezidentdan qo‘rqadi.

Prezident ham qo‘rqadi. Qo‘rqishi keraklar qo‘rqmay qo‘yishidan qo‘rqadi Prezident.

Kattaning bu qo‘rquvi –Tizimtuzar Printsipdir, Qo‘rquv Generatoridir.

Bu generator kechayu kunduz to‘xtamay ishlab turibdi. Ishlab turganini hamma ko‘rib turibdi. Hamma bilib turibdi.

Bir necha qavat qilib terilgan istikonlarni ko‘rganmisiz kinoda? Birinchi qavatda 20-30 istikon, ikkinchisida ozroq, uchinchisida yanayam oz, eng ustida bitta istikon va unga shampansharob quyadilar va toshgan sharob pastdagi istikonlarga quyilaveradi, quyilaveradi va oqibatda, hamma istikon to‘ladi.

Jamiyat shuuriga qo‘rquv ana shunday quyilayapti va natijada, Siz hatto qo‘shningiz ustidan arz qilsangiz ham "ismim sir qolsin", deyapsiz.

Xafa bo‘lmang, Sizning o‘rningizda men bo‘lsam botir bo‘la olarmidim – javob aniq emas.

Lekin qo‘rqaman, deb o‘tiraverish ham yaxshimasda, to‘g‘rimi?

Unda nima qilamiz, nima qilasiz?

Nima qilardingiz?! Anonim bo‘lsangiz ham yozing Ozodlikka. Sherali ismingizni Mirvali, deb yozing. Halima bo‘lsangiz Salima, deb yozing.

Faqat halol yozing, borini yozing. Birovga tuhmat qilmay yozing. Fursatdan foydalanib o‘chimni olib qolay, demang. Baribir Ozodlik tekshiradi. Xabaringizda asos borligiga ishonch hosil qilsa yozadi.

Kim yutadi bundan? Siz yutasiz, Jamiyat yutadi.

Biz ham yutamiz. Jurnalistik burchimizni bajaramiz. Izzat-nafsimiz orom oladi. Millatga foydamiz tegayapti, deb suyunamiz.

Ana, tunov kuni Rossiyada maoshini ololmayotgan o‘zbek yigitlarning shikoyatini o‘rganib u yoq-bu yoqqa qo‘ng‘iroq qiluvdik kecha xabar keldi. Rahmat, Ozodlik, oyligimizni beradigan bo‘lishdi, degan xabar keldi.

Suyundik.

Qo‘rqmang.

Hech yo‘q, bir harakat qilib ko‘ring qo‘rqmaslikka.

WhatsApp, Telegram+ 420 724 971 539, + 420 602 612 713

VIBER + 420 602 612 713

SKYPE ozodskype, ozodlikonline, ozodovoz

Google Hangouts - ozodlikmail@gmail.com

FACEBOOK -https://www.facebook.com/ozodlikradiosi/

XS
SM
MD
LG