Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:14

O‘zbekistonda Chor Rossiyasi o‘zbeklarni qirg‘in qilgani rasman xotirlanmaydi


Chor Rossiyasiga qarshi 1916 yilda qo‘zg‘olon ko‘targani uchun dorga osilgan turkistonliklar. Qirg‘iziston davlat tarix muzeyidan olingan fotosurat.
Chor Rossiyasiga qarshi 1916 yilda qo‘zg‘olon ko‘targani uchun dorga osilgan turkistonliklar. Qirg‘iziston davlat tarix muzeyidan olingan fotosurat.

O‘zbekistonda bundan yuz yil oldin Turkiston xalqlari Chor Rossiyasi tomonidan ayovsiz qirg‘in qilingani rasman xotirlanmaydi. 1916 yil 4 iyulida o‘sha paytdagi Samarqand viloyatining Xo‘jand shahrida boshlangan oqposhsho Nikolay Ikkinchining mardikor olish siyosatiga qarshi boshlangan xalq qo‘zg‘olonlarini bostirish paytida minglab turkistonliklar qirib tashlangan edi.

O‘zbekistonda 1916 yil qirg‘inini xotirlash ilmiy konferentsiya yoki ko‘rgazma bilan cheklanadi

Joriy yilning 4 iyulida O‘zbekistonda 1916 yilda ko‘tarilgan xalq qo‘zg‘olonlari va bu isyonlarning Chor Rossiyasi tomonidan ayovsiz bostirilganiga 100 yil to‘ladi. O‘zbekistonda bu mavzu na tarixchilar, na fuqaroviy jamiyat va na hukumat tomonidan eslanmayotir.

Ozodlik muxbiri O‘zbekiston tarixchilari tomonidan milliy ozodlik harakatining boshlanishi sifatida tamsil qilinadigan yuz yil oldingi tarixiy voqealar mamlakatda qay tarzda xotirlanishini so‘rab O‘zbekiston Madaniyat vazirligi va Maorif vazirligiga murojaat qildi. Ikki vazirlik rasmiylari bu borada hukumat qarori yo‘qligini ro‘kach qilib, mazkur sanani nishonlash bo‘yicha hech qanday tadbirlar rejasi yo‘qligini ma’lum qildilar.

“Agar hukumat qaror chiqarsa, albatta bu reja ishlab chiqiladi”, degan javob bo‘ldi vazirlik xodimlaridan.

Toshkentdagi Qatag‘on qurbonlarini xotirlash respublika muzeyida esa tarixiy voqeani xotirlash ilmiy konferensiya yoki ko‘rgazma bilan cheklanishi mumkinligini aytdilar:

- Albatta, tadbirlar o‘tkizamiz. Masalan, aprelning 15larida jadidchilik harakati tarixi haqida ilmiy konferensiya o‘tkizamiz. 1916 yil yuzasidan tadbirlar o‘tkazish ham rejamizga kiritilgan. Bu tadbirlar Samarqand va Buxoro viloyatlarida ham o‘tkaziladi, -dedi muzeyning o‘z ismini aytishni istamagan xodimi.

Turkistonliklar isyoni Samarqanddan boshlangan edi

1916 yilda Markaziy Osiyodagi xalqlar Chor Rossiyasining mardikor olish siyosatiga qarshi isyon ko‘targan edi. 1916 yil 25 iyunda podsho Nikolay Ikkinchi imzolagan Turkistonning rus bo‘lmagan millatlaridan mardikor olish to‘g‘risidagi Farmonga qarshi isyon o‘sha yilning 4 iyulida o‘sha paytda Samarqand viloyatiga qarashli bo‘lgan Xo‘jandda boshlangan. Unda o‘zbeklar, tojiklar, qirg‘izlar ishtirok etgan edi.

Tarixiy hujjatlarga tayanadigan bo‘lsak, 1916 yilning iyulida Samarqandda 25 ta, Sirdaryoda 20 ta, Farg‘ona vodiysida 86 ta qo‘zg‘olon ko‘tarilgan. Barcha isyonlar Rossiya qo‘shinlari tomonidan ayovsiz bostirilgan. Chor hukumati isyonlarni bostirish uchun 1916 yilning 17 iyulidan boshlab Turkiston o‘lkasida faqulodda harbiy holat joriy etishga majbur bo‘lgan.

Isyonchilarga qarshi 30 ming rus harbiysi pulemyot va zambaraklardan o‘q otgan.Yoz oxirlariga borib Samarqand, Sirdaryo viloyatlari hamda Farg‘ona vodiysidagi isyonlar bostirilgan.

"1916 yil isyoni o‘zbeklarning qo‘zg‘oloni edi"

O‘zbekistonlik tarixchi olim¸ professor Goga Hidoyatov vafotidan bir oz oldin Ozodlik radiosiga bergan suhbatida 1916 yil voqealarini bugungi kunda o‘zbek tarixchilari o‘rganishga qizqish bildirmayotganidan afsuslanishini aytgan edi.

-Isyonlarning asosiy o‘chog‘i Samarqand va Andijonda bo‘lgan edi. Bu o‘zbek xalqining qo‘zg‘oloni edi. Bugungi kunda hech kim bu muammo bilan shug‘ullanmayapti. Sovet davrida bu mavzu ustida ishlaydigan mualliflar bor edi. Keyin negadir ular yo‘q bo‘lib qolishdi. Chunki tarix, ayrim paytlarda, siyosatga juda bog‘liq bo‘ladi. Bugungi kunda esa O‘zbekistonda 1916 yilga bog‘liq birorta tadqiotni ko‘rmadim, - degan edi Goga Hidoyatov.

"Poezdingni jildirgan o‘txonasi bilan do‘ngalagi"

Ziyoevning “ O‘zbekiston mustaqilligi uchun kurashlarning tarixi” asarida qayd etilishicha, zo‘rlik bilan uylaridan olib chiqib ketilgan mardikorlardan 101 600 kishi Rossiyaning Evropa qismiga, 4000 kishi Sibirga, 7405 kishi Kavkazga joylashtirilgan.10 mingdan ortiq kishi Turkiston o‘lkasida ishlatilgan. Mardikorlar ochlikdan, xo‘rlikdan, mashaqqatli mehnatdan mislsiz aziat chekdilar. Ko‘plari qattiq sovuqdan, turli kasalliklardan o‘lib ketdilar, yoki bir umrga nogiron bo‘lib qoldilar.

Ayrim tarixiy manbaalarda mardikorlar ro‘yxatida 566-raqam bilan qayd etilib, Andijonning Oqyor guzaridan mardikorlikka safarbar etilgan 31 yoshli Xudoyberdi Qoraboev mardikorlik mavzusida yozilgan va o‘zbeklarning milliy qo‘shig‘iga aylangan “Do‘ngaligim” she’rining muallifi bo‘lgani aytiladi.

Poezdingni jildirgan

O‘txonasi bilan do‘ngalagi

Dvinskaga ketdi Andijonni

Mard yigitining bir bo‘lagi.

Dvinskaga ketmas edi

Mard yigitning bir bo‘lagi,

Dvinskaga ketkizvorgan

Nikolay zolim zambaragi.

Dvinskaga yo‘l bo‘lsin,

Qarag‘ayzoring qul bo‘lsin.

Yigitlarni qiynagan

Nikolaying yo‘q bo‘lsin.

Bizni to‘qqiz oy ishlatdi,

Sizran degan o‘rmonda.

Ketolmaymiz Andijon,

Bir chaqa yo‘q karmonda.

So‘k oshingni ichmayman,

O‘tigimni yechmayman.

Qorda qarag‘ay kesganman.

Hech haqqimdan kechmayman.

Qirg‘izistonda 1916 yil tantanalari hukumat miqyosida xotirlanadi

1916 yilgi xalq qo‘zg‘olonini bostirish ortidan Chor Rossiyasi harbiylari qancha odamni qirib tashlagani shu kungacha aniq ma’lum emas. Qirg‘iz va qozoq tarixchilari zamonaviy Qirg‘iziston va Qozog‘iston hududidagina 500 mingdan ortiq odam o‘ldirilgani haqida gapirib keladilar.

Qirg‘iziston prezidenti 2015 yilning 27 may kuni Rossiya tomonidan 1916 yilda qirg‘izlarning ommaviy qatliom qilinganining 100 yilligini xotirlash va nishonlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagan.

Qirg‘iz tarixchilarining bir qismi va fuqarolik jamiyatining ayrim vakillari 1916 yil voqealarini genotsid deb tan olishini va Rossiya bu qirg‘in uchun tovon puli to‘lashini talab qilib keladi.

XS
SM
MD
LG