Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:20

Samarqandlik erkak suv bermagani uchun qo‘shnisini chopib o‘ldirdi


Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani Qumoq qishlog‘ida yashovchi 43 yashar erkak suv muammosi ustidagi janjal bois uch qo‘shnisiga bolta bilan hujum qildi. Kattaqo‘rg‘ondan olingan ma’lumotga ko‘ra, boltadan olgan jarohatlari bois 46 yashar ayol vafot etgan, yana bir ayol va erkak og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.

29 fevral kuni sodir bo‘lgan ushbu voqea Ozodlikka 16 mart kuni ma’lum bo‘ldi.

Kattaqo‘rg‘onning Qumoq qishlog‘ida yashovchi 43 yashar Komil S. R. ismli shaxs qo‘shnisi 45 yashar Zebo Rajabovani bolta bilan chopib o‘ldirganlikda ayblanib hibsga olindi.

Voqea tafsilotlaridan xabardor manbaning Ozodlikka aytishicha, 29 fevral kuni Komil qo‘shnisi Rajabovlar oilasi bilan suv ustida janjallashib qolgan va jahl ustida ularni boltalagan:

“Komil bilan qo‘shnisi Rajabovlar uyi o‘rtasidan ariq o‘tgan. O‘sha kuni ariqda suv kam bo‘lib, Komilning tomorqasiga suv o‘tmagan. Komil qo‘shnilari bilan “ataylabdan suv bermayapsan” deb janjallashgan. Janjal payti tomorqasida yotgan boltani olib ularga tashlangan”, deydi tafsilotlardan xabardor manba.

Samarqand viloyat huquq-tartibot idoralaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, suv janjalida Komilning oilasi va uning uch qo‘shnisi ishtirok etgan.

“1973 yilda tug‘ilgan fuqaro Komil S.R. bolta bilan 1971 yilda tug‘ilgan Zebo Rajabovaga tashlangan. Bu ayol olgan jarohatlari natijasida o‘lgan. Komil yana ikki qo‘shnisini ham chopgan. Bir ayol va bir erkak og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Komil o‘sha kunning o‘zida hibsga olindi. U dastlabki tergov paytidayoq aybini bo‘yniga olgan”, dedi huquq-tartibot idoralaridagi manba.

Manbaning aytishicha, Komil S.R. ga nisbatan Jinoyat kodeksining “odam o‘ldirish” va “badanga og‘ir yoki o‘rtacha og‘ir shikast etkazish” moddalari bo‘yicha jinoyat ishi ochilib, tergov-surishtiruv ishlari davom etayapti.

Kattaqo‘rgon tuman hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, kasalxonaga yotqizilgan ikki kishining ahvoli hozirda yaxshilangan. Ushbu voqeadan so‘ng qishloq aholisi orasida tushuntirish ishlari o‘tkazilgan.

Samarqandda keyingi 2-3 yil mobaynida suv yetishmovchiligi kuzatilyapti. Suv tanqisligi bois nafaqat oddiy aholi balki fermerlarga ham suvni navbati bilan berish tartibi joriy qilingan. Samarqandlik fermerlar suv tanqisligi muammosi borasida Ozodlikka bir necha bor murojaat qilishgan.

Suv taqchilligi Samarqanddan tashqari Xorazm, Buxoro, Namangan, Andijon, Farg‘ona, Sirdaryo, Jizzax, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida ham kuzatilmoqda.

Jahon Banki ekspertlari O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi va havo haroratining keskin isishi oqibatida 2050 yilga borib qishloq xo‘jaligi hosildorligi 30 foizga kamayishi va mamlakat oziq-ovqat sanoatiga jiddiy ziyon etishi mumkinligini bashorat qilgan.

Jahon banki mutaxassislariga ko‘ra, havo haroratining oshishi, yog‘ingarchilikning esa keskin kamayishi suv zahirasi ko‘p bo‘lgan va aholi soni jadal oshib borayotgan O‘zbekiston uchun fojiali bo‘lishi mumkin.

XS
SM
MD
LG