Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 13:36

So‘x-Farg‘ona avtobusi Qirg‘iziston hududida 8 yoshli bolani urib ketdi


O‘zbekistonlik avtobus haydovchisining qirg‘izistonlik 8 yoshli bolani urib ketishi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi 16 mart kuni Qadamjoy tumanidagi O‘ro‘zbekov qishlog‘i hududida sodir bo‘lgan. Bu haqda Qirg‘iziston axborot agentliklari Qadamjoy tuman ichki ishlar bo‘limi ma’lumotiga asoslangan holda xabar tarqatdilar.

Xususan, Turmush saytining xabar qilishicha, So‘xdan Farg‘onaga ketayotgan avtobus urib ketgan bola voqea joyida jon bergan. Nobud bo‘lgan bolaning jasadi Qadamjoy tuman hududiy kasalxonasi morgiga etkazilgan. Mazkur hodisa yuzasidan sud-tibbiy ekspertiza tayin qilingan.

Agentlikning voqea guvohlari so‘zlariga tayangan holda xabar qilishicha, yo‘l-transport hodisasidan keyin qishloq ahli avtobusni toshbo‘ron qilishga kirishgan. Keyin esa avtobus Qadamjoy tuman ichki ishlar bo‘limining jarimali qarorgohiga olib kelib qo‘yilgan.

Hodisadan so‘ng avariya sodir bo‘lgan joyda O‘zbekistonga qarashli avtomobillar harakatiga cheklov joriy qilingan. Qadamjoy tuman hokimi Akram Madumarov qirg‘izistonliklar Farg‘ona viloyatidan So‘x eksklaviga ketayotgan avtomobillarni o‘tkazmayotgani, Qirg‘iziston avtomobillarining o‘tishi uchun esa hech qanaqa to‘siq yo‘qligini aytgan.

“Noxush hodisa sodir bo‘lgan joyda vaziyat osoyishta. Qishloq hukumati raisi voqea joyida yuribdi. O‘zbekiston fuqarolarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida tranzit yo‘li bo‘ylab avtomobillarning o‘tishiga taqiq joriy qilindi. Voqea yuzasidan tekshiruv o‘tkazilmoqda”, degan Qadamjoy tuman hokimi Akram Madumarov.

Qirg‘iziston ichkarisida joylashgan va O‘zbekiston boshqa hududlaridan ajrab qolgan So‘x eksklavida vaqti-vaqti bilan qo‘shnilar bilan tushunmovchiliklar kelib chiqib turadi.

Chegara-o‘tkazish maskanidagi muammolar, suv janjali yoki yo‘ldagi GAIchilarning ta’magirligi kabilar ana shularning ayrimlaridir.

XS
SM
MD
LG