Линклар

logo-print

AQSh prezidenti Barak Obama Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida Rossiyada qamoqqa olingan ukrainalik harbiy xizmatchi Nadejda Savchenkoni ozod qilishga chaqirdi.

Bu haqda chorshanba kuni AQShning Moskvadagi elchixonasi matbuot kotibiga tayanib, “Interfaks” xabar qildi.

Ikki prezident o‘rtasida telefon orqali muloqot dushanba kuni, Putin Rossiya harbiy kuchlarining asosiy qismini Suriyadan olib chiqish to‘g‘risida buyruq berganidan so‘ng bo‘lib o‘tgan edi.

Rostov oblasti Donetsk shahar sudi ukrainalik harbiy xizmatchi Nadejda Savchenko ustidan chiqariladigan hukmini 21 martda o‘qib eshittirajagini e’lon qilgan.

Savchenko sud tomonidan ikki jurnalistni o‘limiga aloqadorlik va Rossiya chegarasini noqonuniy kesib o‘tganlikda ayblanmoqda.

Savchenkoning aytishicha, u 2014 yil iyun oyida bir kun davom etgan jang paytida qo‘lga olingan va ayirmachilar tomonidan Rossiyaga yashirin tarzda olib o‘tilgan.

Uning advokatlari ikki jurnalist o‘ldirilgan paytda Savchenko allaqachon ayirmachilar qo‘lida tutqinlikda bo‘lganini isbotlovchi dalillarni qo‘lga kiritganlarini aytmoqda.

34 yoshli ayolning tutqinlikda boshdan kechirganlari va namoyish qilgan matonati uni Ukrainada milliy qahramon maqomiga ko‘tardi.

XS
SM
MD
LG