Линклар

Voyaga yetmagan farzandlari ta’minoti uchun aliment to‘lashdan qochib yurgan o‘zbekistonliklar soni oshib borayotganini tasdiqlagan Sud departamenti vakillari bundaylar ko‘pining O‘zbekistondan tashqarida ekani jiddiy muammo bo‘lib qolayotganini bildirdi. Mamlakatda yaratilayotgan “elektron hukumat” doirasida bundaylar ro‘yxati yaqin kelajakda markazlashgan ma’lumotlar tizimiga kiritiladi va ular O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tish mahali qo‘lga olinadi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasining 2015 yil yakunlariga doir bayonotida¸ mazkur idorada tinimsiz ishlayotgan ishonch telefonlariga bo‘layotgan 94 foiz shikoyatning turli to‘lovlarni undirish bilan bog‘liq ekani aytildi. Bayonotda¸ prokuratura aralashuvi bilan¸ xususan¸ 486 million so‘mlik aliment to‘lovlari undirilgani aytilsa-da¸ respublika bo‘yicha undirilmagan alimentlar miqdori haqida rasmiy ma’lumot yo‘q.

Ozodlikka ham rasmiy¸ ham norasmiy manbalarning bildirishicha¸ voyaga yetmagan farzandlarining iqtisodiy-moliyaviy ta’minoti uchun sud tomonidan belgilangan alimentni to‘lamayotganlar soni oshib bormoqda. Taxminlarga ko‘ra¸ to‘lanmagan to‘lovlar miqdori¸ prokuratura bayonotida keltirilgan to‘langan miqdordan ancha ko‘p.

Mutaxassislarga ko‘ra¸ aliment to‘lovlari undirishni og‘irlashtirayotgan asosiy jihat esa¸ aksar otalarning mamlakatdan tashqarida ishlab-yashayotgani bilan bog‘liq:

- Olti oy ichida to‘lamasa¸ bir marta ogohlantiriladi¸ ikkinchi marta ogohlantiriladi. Shunda ham to‘lamasa¸ sud ijrochilari uning uyiga borib¸ so‘nggi marta ogohlantiradi. Keyin¸ qonunchilikka ko‘ra¸ jinoiy ish ochilishi kerak. Lekin keyingi yillarda aliment to‘lamagani uchun jinoiy javobgarlikka tortilganlarni bilmayman. Chunki¸ ko‘pchilik aliment to‘lamaydiganlar O‘zbekistonda emas – Rossiyaga¸ Turkiyaga va yana allaqaysi davlarlarga chiqib ketgan. Shuning uchun aliment undirish nihoyatda qiyinlashgan hozir¸ deydi advokat Gulnora Oqilova.

Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda sudning aliment to‘lovi haqidagi ajrimini ijro etishga mas’ul Sud departamenti rasmiylaridan biri¸ bu muammoning jiddiyligi va huquq tizimlari hamkorlikda unga yechim topishga urinayotganini bildirdi:

- Aliment to‘lamayotganlarning ko‘pi qidiruvda. Sud departamenti xodimlari ularni qidiruvga beradi va qonunchilikka muvofiq¸ bunday shaxslarga nisbatan harakatlar vaqtincha to‘xtatiladi. Agar mamlakat ichkarisida bo‘lsa¸ uning O‘zbekiston Respublikasidan chiqish huquqi cheklab qo‘yiladi. Tashqarida bo‘lsa¸ u O‘zbekiston hududiga kirishi bilan¸ Ichki ishlar xodimlari tomonidan ushlab¸ olib kelinadi va aliment to‘lovlari undiriladi. Agar shunda ham to‘lamasa¸ Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan¸ javobgarlikka tortish masalasi ko‘riladi. Ochig‘i¸ bunaqa holatlar juda ham ko‘p. Bizda bevosita jinoiy ish qo‘zg‘ash vakolatiga ega Surishtiruv sektori bor. Ana shu sektor tomonidan aynan aliment to‘lamayotganlarga nisbatan eng ko‘p jinoiy ish qo‘zg‘atilmoqda. Uch oy ichida to‘lamaganlarga O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 122-moddasi¸ ya’ni farzandi ta’minotini vaqtida taminlamaganlik bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilib¸ tegishli organlarga o‘tkazib beriladi. Bundaylarga bir yilgacha qamoq jazosi belgilangan. Bu masalada sayyor sud majlislari ham o‘tkazilayapti. Aliment to‘lamaganlar bilan yig‘ilish o‘tkazib¸ qarzdorlarni shu joyning o‘zidaëq qamoqqa olish holatlari ham ko‘p. Sud-ijroiya departamenti bu masalada ichki ishlar va prokuratura xodimlari bilan bevosita hamkorlikda ishlayapti¸ dedi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aliment to‘lovlarini undirishga mas’ul departament xodimlaridan biri.

Advokat Gulnora Oqilova¸ farzandlari moddiy ta’minoti uchun mas’ul otalarning¸ oilasi bilan ajrashgan-ajrashmagani¸ birga yashash-yashamasligidan qat’iy nazar¸ aliment to‘lamay qo‘yishi, xususan¸ xorijga ketgach¸ bu majburiyatni mutlaq inkor qilishining jazosiz qolayotgani muammo ko‘lamini kengaytirayotganini aytadi va buning uchun sud departamenti xodimlarini ayblaydi:

- Sud aliment haqida ajrim chiqargani bilan¸ uning ijrosini ta’minlash sud departamentiga bog‘liq. Bu departamentning ishlamasligi haqida Adliya vazirligiga bizning o‘zimiz qancha-qancha murojaat qilganmiz. Foydasi yo‘q. Aliment to‘lamayotganlar xorijda bo‘lsa¸ bu ularni sud qarorini ijro qilishga majburlashning huquqiy mexanizmi yo‘q degani emas. O‘zbekistondagi sud ijrochilari¸ aliment to‘lashdan qochib yurgan Rossiyada bo‘lsa¸ Rossiya Migratsiya xizmatiga¸ Koreya yoki Turkiyada bo‘lsa¸ ayni shu davlat migratsiyasiga rasmiy so‘rov bilan murojaat qilsa bo‘ldi. Ular darrov topib¸ aliment undirishni yo‘lga qo‘ydiradi. Lekin biznikilar bu ishni qilishni¸ ortiqcha qog‘oz yozishni xohlashmaydi¸ deydi advokat Gulnora Oqilova.

16 mart kuni O‘zbekiston yarim rasmiy nashrlarida paydo bo‘lgan ma’lumotga ko‘ra¸ mamlakatda yo‘lga qo‘yilayotgan “elektron hukumat” doirasida¸ O‘zbekistondagi jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli markazlashgan ma’lumot tizimi yaratilmoqda.

Fuqarolar shaxsi¸ ular avtotransporti va ko‘chmas mulkiga oid ma’lumotlarning yagona kompyuterlashgan tizimi boshqa to‘lovlardan qarzdorlar barobarida aynan farzandlari ta’minoti uchun aliment to‘lamay yurganlarni tezda aniqlab¸ ularni chegarani kesib o‘tish paytida ushlashga imkon beradi¸ deyiladi bu haqdagi xabarlarda.

XS
SM
MD
LG