Линклар

Andijon tibbiyot instituti naqd pul taqchilligi bois talabalarni imtihondan yiqitayotgani aytilmoqda


Bo‘lajak mediklar iddaosiga ko‘ra, stipendiyadan tejash maqsadida yuzlab talaba imtihondan o‘tkazilmagan

Bo‘lajak mediklar iddaosiga ko‘ra, stipendiyadan tejash maqsadida yuzlab talaba imtihondan o‘tkazilmagan

O‘zbekiston oliygohlari naqd pul taqchilligi bilan bog‘liq muammonini hal etish vositasi o‘laroq talabalar baholarini manipulyatsiya qilishda davom etmoqda. Andijon Davlat tibbiyot instituti talabalari Ozodlikka yo‘llagan xabarda aytilishicha, shu kunlarda yakunlanayotgan imtihon mavsumida yuzlab talaba etarli ball ololmagan va ularga qaytadan imtihon topshirish buyurilgan. Sababi, deya yoziladi maktubda, imtihonni qayta topshirgan talabaga, qanday baho olishidan qat’iy nazar, ikki oylik stipendiya berilmasligidan tashqari, o‘quv yilining qolgan qismida "3" bahoning stipendiyasi beriladi. Tibbiyot instituti mulozimlari bu iddaolarni rad etishdi. Ozodlik naqd pul taqchilligi talabalar stipendiyasini eb qo‘yayotgani to‘g‘risida avval ham xabar qilgan.

"Besh"ga "uch"ning stipendiyasini berish yo‘li topildi

O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida naqd pul taqchilligini hal qilish uchun shu paytgacha talabalar baholarini pasaytirish usulidan foydalanib kelinayotgan edi. Bu usul bilan Oliy ta’lim vazirligi oyiga milliardlab so‘m pul iqtisod qilayotgani to‘g‘risida Ozodlik xabar qilgan.

Andijon Davlat tibbiyot institutida stipendiyalardan tejab qolishning progressivroq yo‘lini topishdi. Bunda talabaning bahosini pasaytirish shart emas, faqat birinchi urinishda talaba imtihondan o‘tkazilmasa bo‘ldi. Ikkinchi marta imtihon topshirgan talaba, hatto beshga topshirsa ham, unga uch baho olgan talaba bilan teppa-teng stipendiya beriladi.

Ozodlikka oliygoh fakultetlaridan birining 3-bosqich talabalari nomidan kelgan maktubda yozilishicha, shu kunlarda yakunlangan imtihon mavsumida 250ka yaqin 3-bosqich talabasi qayta imtihon topshirishga jo‘natilgan.

“Hozir bizga yangi rektor tayinlangan, u yaqinda 3-kurs talabalaridan 249 bolani “12A shakliga” (qayta imtihon topshiradiganlar ro‘yxati-tahr.) kiritdi. Lekin bu talabalarning barchasi imtihonni topshirdi. Bu nima gap, deb domlalarga murojaat qilsak, rektorga aytinglar, deyapti. Qayta imtihon topshirganlarga ikki oy stipendiya berilmaydi”, deya shikoyat qilishdi bo‘lajak tibbiyotchilar.

Andijon Davlat tibbiyot instituti rahbariyati vakili, Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda, talabalar iddaolarini rad qildi. Lekin 12A shakliga tushib qolgan talabalar ko‘pchilik bo‘lishi mumkinligini tasdiqladi.

“Har bir talaba o‘quv rejasidagi talablarga ko‘ra, yakuniy nazorat va test nazoratlaridan o‘tishi shart. Bu sinovlardan stipendiya bermaslik uchun foydalanilayotgani to‘g‘risidagi iddaolarda asos yo‘q. Talabalar bilimiga ko‘ra, bahosini oladi. Nazoratlarning birorta turidan yetarlicha ball, ya’ni 100 balldan yo‘q deganda 55 ball ololmagan bo‘lsa, 12A shakliga tushib qoladi. Lekin ularga qaytadan imtihon topshirish imkoni beriladi. Topshirsa bilimiga ko‘ra, bahosi qo‘yiladi. Bunda qayta imtihon topshirganlarga eng past stipendiya berilishi rost”, deydi Andijon medinstituti mulozimi.

Uning aytishicha, oliygoh bakalavriaturasida jami 2800 nafarga yaqin talaba o‘qiydi. Lekin ularning qanchasi imtihondan o‘tib, necha nafari qayta topshirishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni mulozim ochiqlashni istamadi. “Hozir bunga oid hisobot tayyorlanmoqda”, dedi u.

Andijon davlat tibbiyot institutida talabalar stipendiyasi O‘zbekistondagi boshqa o‘quv yurtlarinikidan farq qilmaydi. O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida talabalar stipendiyasi a’lo baho uchun o‘rtacha 440 ming so‘m, yaxshi baho uchun 330 ming so‘m, qoniqarli o‘qiganlar uchun esa 220 ming so‘mni tashkil etadi.

Besh qo‘ymaslik to‘g‘risida ko‘rsatma bor

Naqd pul taqchilligi vaziyatidan chiqish vositasi o‘laroq talabalar bahosini pasaytirish to‘g‘risida og‘zaki ko‘rsatma borligini O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlaridan birining o‘qituvchisi Ozodlikka tasdiqlagan edi. Fevral oyidagi suhbatda o‘qituvchi talabalarga baho qo‘yishda “qattiqqo‘lroq bo‘lish” to‘g‘risida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining og‘zaki ko‘rsatmasi borligini bildirgan edi.

“Besh bahoni imkon qadar qo‘ymaslik to‘g‘risida maxsus ko‘rsatma bor, bu rost. Bunga bir-ikki yil bo‘lib qoldi. Sessiya paytida o‘qituvchilarga alohida eslatiladi bu haqda. Lekin baribir, bu a’lochilar bo‘lmasin, degani emas. Bizning fakultetda a’lochilar bor, lekin ularning soni cheklangan, sanoqli”, degan edi universitet domlasi.

O‘zbekistondagi tibbiyot oliygohlari Sog‘liqni saqlash vazirligi tarkibiga kiradi va moliyaviy masalalar Moliya vazirligi tasarrufidadir.

O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtlari talabalariga ortiqcha stipendiya to‘lamaslik maqsadida baholarni pasaytirish chorasi so‘nggi 4-5 yil davomida qo‘llanilayotgani kuzatilmoqda.

O‘tgan yili O‘zbekiston Moliya vazirligi mamlakatning yettita oliygohida talabalarga 200 million so‘mdan ziyod stipendiya puli ortiqcha berilgani aniqlangani to‘g‘risida bildirgan edi. Ozodlik manbalari o‘sha paytda, ushbu oliygohlar Oliy va o‘rta maxsus vazirligining “a’lochi talabalar sonini qisqartirish talabini bajarmaganlikda ayblangani” to‘g‘risida aytishgan edi.

Talabalar stipendiyasi bilan bog‘liq xarajatlarni qisqartirish urinishlari O‘zbekiston iqtisodida yuzaga kelgan naqd pul taqchilligi muammosi kun sayin keskinlashayotgan paytga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘zbekiston Markaziy banki o‘tgan yili bosh vazir Shavkat Mirziyoevni naqd pul taqchilligi oldindan aytib bo‘lmaydigan ijtimoiy qiyinchiliklarga olib kelishidan ogohlantirgan edi.

XS
SM
MD
LG