Линклар

logo-print

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon 15 mart kuni mamlakat “Oila kodeksi”ga o‘zgartishlar kiritish haqidagi qonunga qo‘l qo‘ydi. Shu kundan boshlab tug‘iladigan tojik bolalariga “tojiklar milliy madaniyatiga begona” deb topilgan ismlar qo‘yish¸ shuningdek¸ qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar taqiqlandi.

2016 yilning 15 martidan boshlab Tojikistonda tug‘iladigan tojik bolalariga narsa¸ mahsulot¸ hayvon va qush ma’nosini anglatuvchi ismlar berish taqiqlandi.

Shuningdek¸ odamlarni turli kastalarga bo‘luvchi mulla¸ shayx¸ to‘ra va xon kabi qo‘shimchalar ham “tojiklar milliy madaniyatiga begona” deb topildi va taqiqlandi.

“Oila kodeksi”ga kiritiladigan o‘zgartishlarga oid Tojikiston parlamenti tomonidan tasdiqlangan qonunga prezident Rahmon qo‘l qo‘ydi va yangi tahrirdagi kodeks seshanba kundan kuchga kirdi.

Joriy yil boshida Tojikistonda tojikcha ismlar yagona reestri ishlab chiqildi va kitob shaklida nashrga topshirildi. 15 martdan boshlab yangi tug‘ilgan millati tojik chaqaloqlarga respublika hukumati huzuridagi Til va atamashunoslik qo‘mitasi tuzgan mazkur ro‘yxatga kiritilgan ismlar berilishi shart. Bu reestrdan esa tojiklarning qariyb 5 mingta zamonaviy va qadimiy ismi o‘rin olgan.

Tojikiston Fanlar Akademiyasi yetakchi mutaxassislari, oliy o‘quv yurtlari professorlari, Tojikiston Milliy entsiklopediyasi ilmiy nashriyoti xodimlari tomonidan tuzilgan bu ismlar kitobi bundan keyin chaqaloqlarga metrika beradigan idoralar va tug‘ruqxonalar xodimlari uchun qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi.

Ismlar kitobida unga kiritiladigan har bir ismning ma’nosi tushuntiriladi, uning forscha ekvivalenti va lotin yozuvidagi transkripsiyasi beriladi.

Rasmiylarga ko‘ra, bundan so‘ng fuqarolik holatlarini qayd etuvchi idoralar metrika yozar ekanlar, ismlarni ismlar yagona reestrida berilgan shakldan boshqacha yozishi mumkin emas.

Ayni paytda, Dushanbe rasmiylari ta’kidicha, Tojikistonning millati tojik emas fuqarolari uchun o‘z milliy odat va an’analaridan kelib chiqqan holda o‘g‘il-qizlariga ism berish huquqi saqlanib qoladi.

Tojikiston “Oila kodeksi”ga kiritilgan yana bir o‘zgartishga muvofiq¸ qarindoshlar orasida nikoh ham qonunan taqiqlandi.

Bundan so‘ng aka-ukalar, opa-singillarning quda bo‘lishi qonun asosida jazolanadigan harakatga aylandi.

Bunday odatni man qilish tarafdorlari ota-onasi yaqin qarindosh bo‘lgan bolalarda tug‘ma nuqsonlar va irsiy kasalliklar ko‘proq uchrashini aytishmoqda.

XS
SM
MD
LG