Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:26

MXX Abdulla Oripov yubileyini o‘tkazishga ruxsat bermadi


O‘zbekiston qaxramoni¸ O‘zbekiston xalq shoiri¸ O‘zbekiston gimni muallifi¸ o‘tmishda Lenin komsomoli mukofoti laureati Abdulla Oripovning 75 yilligi rasman nishonlanmaydigan bo‘ldi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasidagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ “Abdulla Oripovning yubileyini o‘tkazish maqsadga muvofiq emas” deb topilgan.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ O‘zbekistondagi madaniy tadbirlar o‘tkazishga mo‘ljallangan bino mutasaddilariga MXX dagi kuratorlar “shoir yubileyini o‘tkazish uchun binoni ijaraga bermaslik” borasida og‘zaki ko‘rsatma bergan.

Xususan¸ 21 mart kuni 75 yoshga to‘ladigan shoirning tug‘ilgan kuni arafasida maxsus uchrashuv o‘tkazishni rejalagan tashabbus guruh vakili O‘zbekiston Madaniyat va sport vazirligiga qarashli zalni ijaraga olish uchun murojaat qilganida¸ rad javobi oldi.

Қадр топмадим
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:13 0:00
Бевосита линк

O‘zbekiston Madaniyat va sport vazirligidagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ mamlakatdagi har bir idora faoliyatini nazoratiga olgan Milliy xavfsizlik xizmatidan Oripov yubileyi bo‘yicha jiddiy ko‘rsatma berilgan:

- Zallar xozraschetda. Bu degani kim pul to‘lasa¸ ijaraga beriladi. Lekin kerakli idoradagi (MXX dagi - tahr.) kuratorimiz v kurse bo‘lishi kerak. Oripov masalasida biz bir hafta oldin ko‘rsatma olib bo‘ldik. "She’riyat kechasi o‘tkazamiz"¸ deb so‘rashganida¸ biz rad javobi berdik. Gap pulda emas bu yerda¸ o‘zingiz tushunasiz¸ dedi vazirlikdagi manba.

Ayni manbaning aytishicha¸ O‘zbekistondagi teleradiokanallar va asosiy gazetalarda ham Oripov yubileyi munosabati bilan material e’lon qilinmaydi.

- Yubiley uchun hukumat qarori kerak. Masalan¸ Muhammad Yusufning 60 yilligini o‘tkazish bo‘yicha qaror bor edi. Qaror bo‘lmasa¸ ijro ham yo‘q¸ deydi manba.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasidagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ Oripovning yubileyi masalasi “ko‘rinmas dirijerning tayoqchasi bilan boshqarilmoqda”:

- Bilsangiz, ustoz 21 martda tug‘ilgan. O‘sha kuni o‘z hisobidan to‘yxonada osh bermoqchi edi. Ruxsat berishmadi. Osh 20 martga ko‘chdi. Buni ham yubiley emas¸ balki shoirning Islombek degan nevarasining sunnat to‘yi deb rasmiylashtirishdi. Qashqadaryodagi shoirning muxlislari dasturxon yozmoqchi edi¸ bunga ham ruxsat bo‘lmadi. Qashqadaryodagi maktab kutubxonasida o‘quvchilar bilan kichik bir uchrashuv belgilandi. Bu narsa uyushma tashqarisidagi ko‘rinmas qo‘l tarafidan boshqarilayotgandek tuyuldi menga. Mana biz 20 martda bo‘ladigan oshga taklifnoma oldik. Bir pasdan keyin uyushma raisi Muhammad Ali bu oshga kim vakil bo‘lib borishini aytadi¸ deydi suhbatdosh.

To‘y taklifnomasi
To‘y taklifnomasi

Abdulla Oripov nevarasi Islomjonning sunnat to‘yi munosabati bilan beradigan ziyofat Paxtakor metrosiga yaqin “Ezidiyor” to‘yxonasida ertalab soat 11 da o‘tkazilishi rejalandi.

O‘zbekiston Madaniyat va sport vazirligidagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ bu tadbirga vazirlik mulozimlaridan hech kim bormasligi bo‘yicha ham tepadan ko‘rsatma olingan:

- Bilsangiz¸ Oripov bir vaqtlar vazirlik tizimidagi VAAP degan idorada uzoq muddat boshliq bo‘lib ishlagan. Qolaversa¸ teatrlarimizda dramalari qo‘yiladi¸ she’rlari qo‘shiq qilib aytiladi. Shu bois vazirlik nomidan bir faxriy ërliq berib¸ egniga to‘n yopib¸ qo‘liga soat taqib kelamiz¸ degan taklif bor edi. Izn berishmadi. Bundan tashqari¸ to‘yxonaga rasmiylar bormasligi kerakligi aytildi¸ deydi suhbatdosh.

O‘zbek she’riyatida Navoiydan keyin eng ko‘p mutolaa qilingan shoir, deb bilingan 75 yashar Abdulla Oripov o‘tgan yili Ozodlikka bergan eksklyuziv intervyusida "o‘sishdan to‘xtagan, ma’naviyati qashshoqlashgan" bugungi avlod orasidagi vaqtida o‘ziga xushomad qilgan, bugun esa unutgan “shogird”laridan gina qilgan edi.

- 15 yil shularga raislik qildim. Ko‘chada yurgan bolalarni olib kelib, narodniy (Xalq yozuvchisi) qildim. Deputat qildim, odam qildim. Bu - malomat emas. Men vazifani topshirganimdan keyin sog‘ligimni so‘rab telefon qilishmaydi bular, kelish u yoqda tursin. Men bularga rahmat, deyishim kerakmi?! Men pushaymon bo‘laman. Oldin bular boshiga ko‘tarishar edi. Hozir esa unutildim. Mehr-muhabbat, oqibat degan gaplar g‘oyib bo‘lgani, haqiqat. Men buni hazm qila olmayman. Atrofda ruhan gado odamlar, ruhan mayib odamlar. Ojiz odamlar. Qalban qul odamlar. Pishmagan qovunlar bular. Tafakkur qilmaydi ular. Bular mol–mulk izidan, boylik izidan, amaldor izidan ketadi. Navoiy yoki Maxtumqulining izidan ketmaydi. “Puling qancha?” deb so‘raydi. Endi muhit shunaqa, Mashrabni osgan eldan men qadr tilarmidim. Ulug‘ millatimni orzu qilamanki, buning endi misoli ko‘p.

P.S

Ushbu maqola yozib tugallanayotgan paytda¸ Ozodlik elektron pochtasiga Abdulla Oripovning yangi yozgan she’ri yetib keldi. She’r 75 ni e’zozsiz qarshilayotgan shoirning bugungi kayfiyatini ifodalaydi.

Uyda nabiralar o‘ynar qo‘g‘irchoq,

Biri plastmassa, biri lattadan.

Orqadan kalitin burasang biroq,

Qimirlab chiqarar ovoz daf’atan.

Oynai jahonni qo‘ysang nogahon,

O‘nta qo‘g‘irchoqni o‘ynatar kimdir.

Biri bo‘ri bo‘lsa, birovi quyon,

Biri bola bo‘lsa, boshqasi kampir.

Qay bir idoraga boqsang gar o‘tib,

Qo‘g‘irchoq shovqini kelar rostakam.

Sakrab o‘ynashadi o‘zidan ketib,

Boshliq burab turar murvatin har dam.

Aslo ishim yo‘qdir bu bilan, ammo

Nogoh diqqatimni tortadi ular.

O‘ylardim, qo‘g‘irchoq emasdir dunyo,

Kamayadi desam, ortadi bular.

Men bu o‘yingohga qarayman hayron,

Qo‘g‘irchoqlar bilmas borar yerini.

Joyi tsirkdamikin yoki g‘aladon,

Kutadi o‘zining Shekspirini.

XS
SM
MD
LG