Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:38

O‘zbek banklaridan chet el valyutasini “kattalar” va qarindoshlar olmoqda


O‘zbekistondagi banklarda so‘mni chet el valyutasiga rasmiy ayirboshlash vaqtincha to‘xtatilgani, ba’zi banklarda pul almashtirish yoki jo‘natmalarni olish uchun kelganlar turnaqator navbatda turganidan fuqarolar shikoyat qilayotgani to‘g‘risidagi xabarlar ba’zi nashrlarda paydo bo‘ldi.

Xususan, sputnik saytining yozishicha, tilga olingan muammolar “Ipak yo‘li” bankining Samarqanddagi filialida kuzatilgan.

“Ipak yo‘li”ning Toshkentdagi bosh ofisi mulozimlaridan biri bank filiallarda konversion kartalarga valyuta tushirish bilan bog‘liq muammo borligi ehtimolini, Ozodlik savollariga javob berar ekan, inkor etmadi.

Mutaxassislarning aytishicha, valyuta ayirboshlashning O‘zbekistonda amal qilayotgan tartibi mijozlarni nafaqat soatlab, balki oylab kutishga majbur qiladi.

“Ipak yo‘li” bankining Toshkentdagi bosh ofisi vakili sputnik sayti xabarini Ozodlik muxbiridan eshitgach, “Gap konversion kartalar bilan bog‘liq muammolar ustida borayotgandir. Lekin pul jo‘natmalari bilan bog‘liq muammo yo‘q”, dedi.

Pul jo‘natmalarini adresatlarga berish bilan bog‘liq muammo chindan ham yo‘q ekanligini aniqladik, lekin bu masalaga keyinroq to‘xtalamiz.

“Ipak yo‘li” bankining Samarqand filiali bilan bog‘lanib bo‘lmadi.

Navbatlarni Prezidenti qarori keltirib chiqardi?

“Ipak yo‘li” banki bosh ofisining boshqa bir mulozimi Ozodlikka savollariga javoban O‘zbekiston Respublikasi prezidenti 2013 yil, 30 yanvarda imzolagan “Jismoniy shaxslarga xorijiy valyutani sotish tartibini yanada liberallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni eslatish bilan cheklandi.

Qarorga binoan, 2013 yil 1 fevraldan boshlab O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari — jismoniy shaxslarga vakolatli banklar tomonidan xorijiy valyutani xalqaro to‘lov kartalaridan foydalangan holda naqdsiz shaklda sotish mexanizmi joriy etilgan va o‘shandan beri chet el valyutasini sotib olish huquqi faqat xoslarning – katta-kichik amaldorlaru bank xodimlari qarindoshlarining huquqi bo‘lib qolgan.

Prezidentning qaroridan bankirning jiyani foyda ko‘rayapti

Bank-moliya masalalari bo‘yicha toshkentlik mutaxassis Toshbekning aytishicha, “Agar tog‘angiz bank raisi bo‘lsa yoki amaldor bo‘lsangiz valyuta olishingizda muammo bo‘lmaydi”.

"Amerika ochilganiga" kamida uch yil bo‘ldi

Toshbekning fikricha, sputnik sayti banklardagi navbatlar to‘g‘risida yozib Amerika ochgani yo‘q.

- Valyuta olish (so‘mga sotib olayotganingiz chet el valyutasini kartangizga tushirish – tahr.) bir yilga cho‘zilishi mumkin. Men o‘zim yil boshida may-iyun oylari uchun navbatga yozilayotganlarini ko‘rgan edim, hozir navbat yanada cho‘zilgan bo‘lishi aniq, dedi Toshbek.

Konversion kartaga almashtirilgan pulni tushirish hatto navbat mutlaqo yo‘q bo‘lgan taqdirda ham bir necha kunga cho‘zilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Internetdagi ochiq manbalardan topish mumkin.

Valyuta olish uchun 27 ta imzo yig‘ish lozim

Tahririyati O‘zbekistonda joylashgan otpusk.uz sayti pul almashtirish jarayonini qadam-ba-qadam tasvirlab bergan.

Sayt bu yo‘ldagi 5 ta qadamni sanab o‘tib, mana bunday xulosa qilgan:

“Hammasi bo‘lib 27 ta imzo yig‘asiz, 12 ta atrofida ariza, kontrakt va forma to‘ldirasiz. Bankka 4 marta borishingizga to‘g‘ri keladi. U yerda hammasi bo‘lib 5 – 6 soat vaqt yo‘qotasiz: navbatda turasiz, bankning mas’ul xodimlarini kutishingizga, oxiri yo‘q qandaydir protseduralarni bajarishingizga to‘g‘ri keladi”, deb yozgan otpusk.uz sayti.

Pul jo‘natmalari o‘z vaqtida berilayapti

Chet davlatlardan jo‘natilgan pullarning o‘z vaqtida berilmasligi to‘g‘risida Ozodlik o‘z vaqtida faktlarga tayanib xabar qilgan edi. Biroq bu gal sputnik saytining vahimasi asossiz bo‘lib chiqdi.

Jo‘natmalarning o‘z vaqtida mijozlarga berilayotganini “Ipak yo‘li” banki mulozimi ham, Bank-moliya masalalari bo‘yicha mutaxassis toshkentlik mutaxassis Toshbek ham to‘la ishonch bilan aytdilar.

Ularning gaplarini Rossiyada ishlayotgan ikki mehnat muhojiri tasdiqladi.

Toshkent viloyatidan Moskvaga borib qurilishda ishlayotgan yigit “O‘z vaqtida olishayapti, dollar jo‘natsam, dollar olishadi”, dedi.

Rossiyalik oilada uy xizmatchisi bo‘lib ishlaydigan surxondaryolik Orziguldan ham shunday gap eshitdik.

“Jo‘natgan pulimni o‘z vaqtida olishadi. Jo‘natganimdan keyin 10-15 minut o‘tib olishadi”, dedi surxondaryolik Orzigul.


XS
SM
MD
LG