Линклар

logo-print

Istanbulda ruslarning 100 yil avval Turkistonda o‘tkazgan qatliomi yodlandi


Chor Rossiyasining Turkistondagi qatliomiga bag‘ishlanib Istanbulda o‘tkazilgan anjumandan lavha.

Chor Rossiyasining Turkistondagi qatliomiga bag‘ishlanib Istanbulda o‘tkazilgan anjumandan lavha.

Payshanba kuni Istanbulda Turkistondagi rus qatliomining 100 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida Xalqaro Turkistonliklar Hamkorlik Jamiyati rahbarlari va a’zolaridan tashqari Sharqiy Turkiston “Ma’rifat” jamiyati, Turkiyaning “MazlumDer”, IXX, Oqinchilar, Xalqaro muhojirlar jamiyati hamda turk ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etganlar. Bu haqda Ozodlikka jamiyat raisining o‘rinbosari Namoz Normo‘min ma’lum qildi.

Suhbatdoshimizning aytishicha, anjumanda Chor Rossiyasining bundan roppa-rosa bir asr muqaddam Turkiston g‘arbida amalga oshirgan qatliomi, musulmon Turkiston xalqining Chor Rossiyasi mustamlakachilik va mardikorga olish siyosatiga qarshi isyoni, bu isyonning asosiy qaysi shaharlarda yaqqol ko‘ringani haqida tafsilotlar ochiqlangan va bu ma’lumotlar yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otgan.

- Buning ahamiyati albatta juda muhim. Chunki har bir xalq o‘z tarixini bilishi kerak. Bu yil Chor Rossiyasining Turkistonda qilgan qatliomiga 100 yil bo‘ldi. Albatta bu juda katta fojeali voqea xalqimiz tarixida. Shuning uchun ham biz buni eslab, Turkiyadagi jamoatchilikka, ommaviy axborot vositalariga bu haqdagi o‘z fikrimizni aytib o‘tdik, - deydi Namoz Normo‘min.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, keyingi yillarda Turkiyada ham ziyolilarning, ham oddiy odamlarning Turkistonga, xususan, Sharqiy Turkistonga bo‘lgan munosabati juda ijobiy tomonga o‘zgargan.

- Bu yerda bizning juda ko‘p talabalarimiz bor. Balki O‘zbekistondan ozroq bo‘lishi mumkin, lekin Turkmaniston, Qirg‘iziston va Qozog‘istondan juda ko‘p talabalar bor. Juda ko‘p markazlar bor, qozoq, qirg‘iz, turkman markazlari. Ham iqtisodiy, ham ijtimoiy, ham madaniy jihatdan aloqalar oldingiday emas – juda rivojlangan, deb o‘ylayman men. Va Turkiyada ommaviy axborot vositalari erkin bo‘lgani uchun ham Sharqiy Turkistondan, ham G‘arbiy Turkistondan doimiy xabarlar olib turamiz, - deydi Namoz Normo‘min.

“Sovet Ittifoqi tarqab ketganiga chorak asr bo‘lgan bo‘lsa ham shu kunda Markaziy Osiyodagi mamlakatlarning Turkiyaga qaraganda Rossiya bilan aloqalari tig‘izroq. Nima uchun 100 yil avval qatliom o‘tkazgan Rossiya dini, tili, urf-odatlari bir bo‘lgan Turkiyadan ko‘ra Turkiston o‘lkalariga yaqinroq?” degan savolimizga suhbatdoshimiz: “Buning qator sabablari bor, birinchidan, geopolitik manfaatlar, Rossiya va Turkiston o‘lkalari uzoq vaqt bir mamlakat tarkibida bo‘lgani, undan tashqari, Putinning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqini tuzgani”, deya javob bera boshladi.

- Ikkinchidan, Turkiya bilan Turkiston, ya’ni O‘rta Osiyo o‘rtasida juda katta masofa bor. Buni ham tushunish mumkin. Lekin agar avvalgi zamonlarga qaralganda, SSSR davri emas, hatto mustaqillik yillarining boshlariga qaraganda ham hozir aloqalar juda kengayganini ko‘rayapman men. Chunki bu yerda juda katta bir diaspora bor, Turkiyada yangi turkistonliklar bor, men 200 ming deb taxmin qilaman bularning sonini, - deydi Namoz Normo‘min.

Ayni paytda, suhbatdoshimizning aytishicha, turkiyalik munavvarlar Turkiston bilan aloqalar hali ko‘ngildagidek emas, deb hisoblaydilar va bu aloqalarni yanada yuqoriroq saviyaga chiqarish orzusidalar, shu jumladan, 17 mart kuni Istanbulda o‘tkazilgan matbuot anjumani ishtirokchilari ham.

- “Biz uyalamiz, biz yaxshi bilmaymiz shu taraflarni (qatliomni nazarda tutmoqda – tahr.), unutganmiz bularni” deyishdi va men bundan ta’sirlandim. “Biz bu ishlar bilan jiddiy shug‘ullanishimiz kerak. Doim aytamiz “Ota yurt”, “Ona yurt”, “kelganmiz u yoqdan ming yil oldin” deb, lekin ishga kelgan paytda u yoqqa ko‘p e’tibor bermaymiz, parvo qilmaymiz” deb, o‘zlarini tanqid qilishdi. Bu qatliom masalasini ba’zilari yaxshi bilmagan. Men bularning harakatchanligidan, “biz bu ishga albatta o‘z hissamizni qo‘shamiz” deb aytgan gaplaridan ta’sirlandim, - deydi Namoz Normo‘min.

Suhbatdoshimiz mansub bo‘lgan Xalqaro Turkistonliklar Hamkorlik Jamiyati turli sabablarga ko‘ra Markaziy Osiyodan boshqa o‘lkalarga hijrat qilgan muhojirlarga ilmiy, ma’rifiy, huquqiy va ijtimoiy yordam berish bilan shug‘ullanib keladi.

XS
SM
MD
LG