Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:23

Asaka hokimi Shovvozov "namunali uylarni" aldov yo‘li bilan sotayotgani aytilmoqda


Prezidentning "namunali uylari" sifati o‘zbekistonliklarni o‘ziga jalb eta olganicha yo‘q
Prezidentning "namunali uylari" sifati o‘zbekistonliklarni o‘ziga jalb eta olganicha yo‘q

Andijon viloyati Asaka tumani hokimi Tohirjon Shovvozov tuman hududida qurilayotgan namunali uylarni sotib oluvchilarga bergan va’dasidan tonmoqda. Sifati pastligi uchun davlat qurayotgan uylarni sota olmagan hokim bosh vazirdan dakki eshitgandan keyin potensial haridorlarga yer uchastkalari berishni va’da qilgan. Hokim va’dalariga uchib, hali qurilmagan uy uchun 50 million so‘mdan avans to‘lab qo‘ygan asakalik tadbirkorlarning Ozodlikka aytishicha, hokim hozirda o‘z va’adalarni bajarishdan bo‘yin tovlamoqda. Shovvozov bu iddaolarni izohlashdan bosh tortdi.


Andijonning Asakasida hali qurilmagan “namunali uylar” uchun 50 million so‘mdan (rasmiy kurs bo‘yicha taxminan 18 ming AQSh dollari) avans to‘lab qo‘yganlar nomidan Ozodlikka murojaat qilgan asakalikning aytishicha, har biri 187 million so‘mga tushadigan ko‘chmas mulk ob’ektlarining o‘zi hech kimni qiziqtirmaydi. Shu sababdan Asaka tumani hokimi Tohirjon Shovvozov odamlarni qiziqtirish uchun davlat dasturi doirasida qurilayotgan uylarga yer uchastkalar qo‘shib berishni va’da qilgan.

“Bu uylar juda sifatsiz, Andijonning sobiq hokim Ahmadjon Usmonov davrida qurilgan uylarning devorlari o‘pirilib tushgan, yorilib ketganini hamma biladi. Nafaqat Asaka, butun Andijonda bu uylarni hech kim olmaydi, majburlab sotishadi. Shu uylarning sotilishi masalasida bosh vazir Shavkat Mirzieyov selektor o‘tkazgan, Asaka hokimi Shovvozovni nega uylarni sotmayapsan, deb rosa so‘kkan. Keyin Shovvozov mahalliy tadbirkor, fermerlarga uy olsalaring yer qo‘shib beraman, teplitsa uchun 30 sotix, uy-joy qurish uchun 8 sotix yer, fermer xo‘jalik tashkil qilaman, deganlarga 5 gektardan 10 gektargacha yer va’da qildi. Odamlar ana shu yerga qiziqib, hali qurilmagan uylar uchun 50 million so‘mdan to‘lab qo‘yishdi. Uylar 187 millionga tushar ekan, yaqinda yana oraliq to‘lovi bo‘larkan unga 10 million to‘lashimiz kerak ekan. Qolganini kerdit qilib beramiz deyapti. Lekin pulni to‘latib bo‘lib, hokim endi va’dasidan tonyapti. Hammamiz sarson”, deydi asakalik suhbatdoshimiz.

Uning aytishicha, hokimning va’dalariga uchib, 50 million so‘m avans to‘lab qo‘yganlar 50 kishidan oshgan. Ular orasida nafaqat tadbirkor va fermerlar, yer olishga qiziqqan boshqa fuqarolar ham bor.

Prezidentning "namunali uylari" jozibadorlik bilan ajralib turmaydi
Prezidentning "namunali uylari" jozibadorlik bilan ajralib turmaydi

Asaka hokimligidagi Ozodlik manbasi hokim bosh vazirdan dakki eshitganidan keyin tuman hududida qurilayotgan “namunali uylar”ga haridor topish uchun er qo‘shib berish va’dalaridan tashqari, hokimlik tasarrufidagi tashkilotlarga bittadan haridor topish topshirig‘ini berganini tasdiqladi.

“Bosh vazir Mirziyoev selektor paytida Tohirjon akani rosa so‘kadi. Bu o‘tgan yilning yoz oylarida bo‘layotgan gap. Nega namunali uylarga haridor yo‘q, deb onasi qolmaydi, xotini qolmaydi, hammasini og‘ziga kelgan gap bilan so‘kadi. Shundan keyin hokim nima qilib bo‘lsa ham, shu uylarga haridor topish kerak, deb har bir tashkilot – SES, pochta, telekom, soliq, moliya, banklar, agroprom, hokimyatning har bir bo‘limi boshliqlariga uylarga haridor topishni topshiradi. Albatta, haridorning har biri hokimning oldiga chaqirtirillgan, hokim shaxsan suhbatlashib, yer berishni va’da qilgan. 50 million so‘mni to‘lash uchun har bir haridorga hokimiyat vakilini qo‘shib jo‘natgan”, deydi Asaka hokimligi vakili.

Ozodlik muxbiri Asaka tumani hokimi “yolg‘on va’dalar bilan bizga hech kim olmaydigan davlat uylarini sotdi”, degan shikoyatchilarning bir necha nafari bilan gaplashdi. Ularning aksari hokim o‘z va’dalari ustidan chiqishiga ishonchlari komil emasligini bildirishdi. “Namunali uy” haridorlaridan biri esa hozircha yer ololmagani, lekin “hokimdan norozi emasligini” ta’kidladi. “Menda hech qanday muammo yo‘q”, dedi u.

Asaka tumani hokimi Tohirjon Nasretdinovich Shovvozovning o‘zi bilan ham bog‘landik. Hokim muxbiringizdan shikoyatchilar shaxsini ochiqlashni talab qildi. Bu talab bajarilmagani bois, telefon go‘shagini qo‘yib qo‘ydi.

- Kim shikoyat qildi? Familiyasini ayting! Familiyasini aytmasangiz, menga qo‘ng‘iroq qilmang, bo‘ptimi, - deya gapni qisqa qildi hokim.

Prezident Islom Karimov g‘oyasi bilan 2009 yildan beri quriladigan “namunali uylar” bilan bog‘liq muammolar Ozodlik tez-tez yoritadigan mavzuga aylangan.

Qurilish ishlarining sifatsizligi, davlat dasturiga ajratilgan mablag‘larning joylarda talon-toroj qilinishi, uylarni qurish ishlariga talaba va o‘qituvchilar kabi malakasiz ish kuchining jalb etilishi, xarajatlar o‘qituvchi va shifokorlar hisobidan qoplanishi “namunali”, deb ataladigan bu ob’ektlarga o‘zbekistonliklar qiziqish orttirayotgani yo‘q.

Hukumat rasmiylari mazkur loyihaga oid kamchiliklar, jumladan mablag‘larning maqsadsiz o‘zlashtirilayotgani va uylarning sifati pastligini tan olingan.

XS
SM
MD
LG