Линклар

Bugun (2016 yil 18 mart juma kuni) "Jo‘rabek" jome masjidining asosiy binosi qurilishi boshlanib, birinchi g‘isht qo‘yildi.

O‘tgan yil aprel oyida ro‘y bergan yong‘in oqibatida masjid binosining 90 foizi yaroqsiz holga kelgan edi.

O‘tgan muddat davomida masjidni qayta tiklashni qo‘shni mahallada yashovchi toshkentlik "tadbirkor" Salim Abduvaliev o‘z zimmasiga olgani haqidagi mish-mishlar urchib ketgandi.

Salim Abduvaliev Toshkent shaharining Yashnobod (sobiq Hamza) tumanidagi “Jo‘rabek” masjidini ta’mirlash xarajatlarini o‘z zimmasiga olgani to‘g‘risida Uzmetronom.com nashri 6 may kuni xabar qildi.

Bugungi masjid qurilishini boshlash tadbirida O‘zbekiston muftiysi Usmonxon Alimov masjid poydevoriga dastlabki g‘ishtni qo‘ydi.

Tadbirda Toshkent shahar bosh imom xatibi Anvar qori Tursunov, shayx Abdulaziz Mansur, Toshkentdagi bir qator masjidlarning imomlari va boshqa shahar rasmiylari ishtirok etdi.

Anvar qori Tursunov masjid qurilishiga ko‘mak ko‘rsatganlarni duo qildi

Anvar qori Tursunov masjid qurilishiga ko‘mak ko‘rsatganlarni duo qildi

Salim Abduvalievning o‘zi tadbirda ko‘rinmadi.

O‘zbekiston Din ishlari qo‘mitasi masjidni qurish ishlari qaysi mablag‘ evaziga amalga oshirilishini aniqlashtirmagan.

O‘zbekiston Din ishlari qo‘mitasining Masjidlar bo‘limi boshlig‘i Muxammadbobur Yuldoshev Ozodlik bilan suhbatda yong‘indan ziyon ko‘rgan “Jo‘rabek” masjidi Salim Abduvaliev puliga ta’mirlanishi haqidagi xabarlarni na tasdiqlagan, na inkor qilgan edi.

- Asosan hashar yo‘li bilan qilinadi,- deya gapni qisqa qilgan edi Yo‘ldoshev.

Poytaxtliklar orasida esa, O‘zbekiston Yunon-rim kurashi federatsiyasi raisi va xalq orasida Salimboy degan nom bilan tanilgan 65 yashar tadbirkorning “Jo‘rabek” masjidini qayta tiklashga bel bog‘lagani mantiqqa to‘g‘ri kelishini aytishmoqda.

Chunki Salim Abduvaliev aynan shu masjid joylashgan mahallada yashaydi.

2011 yilda WikiLeaks sayti e’lon qilgan AQSh diplomatik yozishmalarda ham Salim Abduvaliev "kriminal avtoritet" deya ta’riflangan edi.

"O‘zbekiston hukumatidagi yuqori lavozimli mulozimlarning "kriminal avtoritet", deb tanilgan Salim Abduvaliev bilan yaqin aloqalari bor", deyiladi AQSh maxfiy depeshalarida.

XS
SM
MD
LG