Линклар

Peterburgda o‘ldirilgan o‘zbekistonlik tadbirkorning qotillari qidirilmoqda


Zafarjon Halilov "Makarov" to‘pponchasidan otib ketilgani ma’lum

Zafarjon Halilov "Makarov" to‘pponchasidan otib ketilgani ma’lum

Sankt-Peterburg politsiyasi joriy yilning 1 martida uyi yonida otib ketilgan asli o‘zbekistonlik Zafarjon Halilov qotillarini qidirmoqda. Namozxon ekani aytilayotgan bu tadbirkorning o‘limi ortidan Peterburgga O‘zbekistondan Milliy xavfsizlik xizmatidan bir guruh xodim kelgani aytilayapti.

O‘zbek tadbirkori qotillari qidirilmoqda

2016 yilning 1 martida soat 22.20larda Sankt-Peterburg shahrining Vasya Alekseev ko‘chasi 12 “A” uy yonida qonga belanib yotgan shaxs murdasi topildi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligining Sankt-Peterburg bo‘yicha boshqarmasi xabariga ko‘ra, jasad boshidan va ko‘kragidan olgan jarohatlar tufayli jon taslim qilgan.

2 mart kuni o‘tkazilgan sud-tibbiy ekspetiza xulosasiga ko‘ra, bu shaxs tanasining turli joyiga otilgan 6ta o‘qdan o‘lgan. Politsiya bu shaxsni o‘ldirishga aloqador bo‘lganlarni qidirmoqda va hodisa guvohlarini Petenburgning Kirov tuman politsiya bo‘limiga 8 (812) 573-13-10, 8 (812) 252-02-02 raqamlari bo‘yicha qo‘ng‘iroq qilishlarini so‘ramoqda, deya xabar qildi shahar politsiyasi matbuot xizmati vakilasi.

Qotil o‘ldirilgan shaxsni ancha vaqt kuzatgani va u o‘zi yashaydigan ikkinchi qavatdagi kvartira eshigi oldiga yaqinlashganda “Makarov” to‘pponchasi bilan orqasidan olti marotaba o‘q o‘zgani aytildi. (“Makarov” pistoleti sobiq Ittifoqda militsiya, harbiy qismlar va boshqa huquq-tartibot organlari tomonidan qo‘llanilgan – tahr.)

Zafarjon – “oddiy ishchan yigit" bo‘lgan

Ozodlik qo‘lga kiritgan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, nobud bo‘lgan shaxs – shaharning Admiralteyskiy tumanidagi o‘zbek kafelaridan birining egasi asli o‘zbekistonlik, ammo Rossiya fuqaroligini olgan 49 yoshli Zafarjon Halilovdir.

U Piterda so‘nggi o‘n yil yashab kelgani, bir necha yil oldin Rossiya fuqaroligi olgani ma’lum bo‘ldi. Zafarjon Halilov ayoli va to‘rt nafar farzandi ko‘magida shaharda mayda tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelgan, dedi Ozodlikka Sankt-Peterburg o‘zbeklar jamiyati rahbari Alijon aka Haydarov.

- Diasporaga uning aloqasi yo‘q edi. U oddiy savdogar edi. Bozorda xotini bilan manti sotar edi. Uni kafe deb ham bo‘lmaydi: kichkinagina do‘konchada manti sotilardi. Hozircha nima uchun o‘ldirilgani noma’lum. Men uni tanirdim – oddiy normal odam edi. Hech nima ortiqcha ishlarni qilmasdi, hech qanday unaqalarga kirmasdi. Oddiy ishchi bola edi. O‘zim ham bilmayman kimga kerak bo‘lib qoldi uni o‘ldirish, dedi Alijon Haydarov.

Sankt-Peterburg Tergov qo‘mitasida Ozodlik so‘roviga o‘zbekistonlikning otib ketilishi yuzasidan Rossiya Federatsiyasi JK 105 moddasi 1- qismi (qotillik) asosida jinoiy ish qo‘zg‘atilgani ma’lum qilindi.

Tadbirkorni o‘ldirish kimga kerak?

Bu qotillik to‘g‘risida surishtiruv o‘tkazgan “Fontanka.ru” internet gazetasi vodiylik ekani aytilayotgan Halilovni qotillik sodir bo‘lgan kun uning o‘g‘li mashinasida uyi oldiga olib kelib, tushirib ketganini aniqladi. Tergovchilar hodisa guvohi yo‘qligi, yaqin-atrofda yashovchilar faqat o‘q ovozlarini eshitganini ochiqladi.

Piterlik jurnalistlar xabariga ko‘ra, hodisadan rosa ikki hafta o‘tib Peterburgga Toshkentdan Milliy xavfsizlik xizmat xodimlari yetib kelgan. 17 mart kuni ular mahalliy kasbdoshlari bilan Halilov o‘ldirilishi masalasida maxsus yig‘ilish o‘tkazgan.

Matbuotga sizdirilgan ma’lumotga ko‘ra, o‘zbek kuchishlatar tizimlarini Zafarjonning dindor ekani qattiq qiziqtirgan. Marhum shaxs kichik biznesidan tushayotgan daromaddan bir oz qismini Sankt-Peterburgning Apraksino bozoridagi musulmonlar masjidiga sarflab kelgan.

Aytish joyizki, 2013 yilda Apraksino bozoridagi politsiya oblavasida ko‘plab sababsiz hibs etilgan dindorlar orasida Zafarjon Halilov ham bo‘lgani aytildi.

Shuningdek, aynan Zafarjon Halilov Sennoy maydonidagi masjidning ochilishi tashabbuschilaridan biri bo‘lgani ma’lum qilindi.

- U juda ochiqko‘ngil, to‘g‘riso‘z bo‘lgan. O‘zbekistondagi muammolar to‘g‘risida ko‘p so‘zlashardi. U yerdagi olib borilayotgan siyosat unga yoqmasdi. Uning yaqin qarindoshlaridan biri O‘zbekistonga ekstremizm uchun qamoqqa tushgan. Uni o‘zini bir necha marotaba so‘roq qilish uchun chaqirtirishgan, ammo tushunarli sabablarga ko‘ra u yurtiga bormadi, dedi “Fontanka” jurnalistiga o‘ldirilgan shaxsni taniganlardan biri.

Uning yaqinlari o‘ldirilishidan bir oycha oldin Zafarjon asabiy bo‘lib qolgani, uning orqasidan birov kuzatib yurgani to‘g‘risida so‘zlagani va ko‘p vaqtini toat-ibodatga sarflay boshlaganini esladi.

Peterburg musulmonlar jamoasida bu qotillikka O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining aloqasi borligi to‘g‘risida mish-mishlar yurgan bo‘lsa, boshqa kuzatuvchilar qotillikni uning biznesi va o‘z hamyurtlari bilan kelib chiqqan kelishmovchiliklar bilan bog‘lamoqda.

Har holda, oyiga arzimagan 30 ming rubl daromad keltiradigan mantixonadan tashqari “Neksiya” minib yuradigan Zafarjon O‘zbekistondan mochalka olib kelib sotgani ma’lum.

“Fontanka”chi muxbirlar murojaatiga politsiya boshqarmasida o‘zbek maxfiy xizmat xodimlarining tashrifini “tasodifiy” deb atab, “ular Moskvaga komandirovkaga kelgani va yo‘l-yo‘lakay Peterburgga kirib ketgani” to‘g‘risida javob olganlarini yozdilar.

O‘z o‘rnida, mahalliy ekspertlar va tergovchilar Zafarjon Halilovning o‘ldirilishini “islomchi”lar bilan bog‘liqligi to‘g‘risidagi versiyani ham ko‘rib chiqayotganini bildirgan.

Imom Fuad Rustamxo‘jaev ham oltita o‘q bilan o‘ldirib ketilgan

Imom Fuad Rustamxo‘jaev ham oltita o‘q bilan o‘ldirib ketilgan

Rossiyada keyingi yillar ichida bir nechta musulmon jamoalari rahbarlari o‘ldirib ketildi.

2011 yilning 24 sentyabrida Rossiyaning Ivanovo shahrida O‘zbekiston Xalq Harakati yetakchilaridan biri Fuad Rustamxo‘jaev otib ketilgan edi. Qotil Rossiya fuqaroligida bo‘lgan Rustamxo‘jaevga ham qarata oltita o‘q uzilgani aytilgan. Shaharda mayda savdogarlik bilan kun kechirgan Fuad Rustamxo‘jaev ko‘p yillardan buyon Ivanovodagi bosh masjidning imom xatibi bo‘lgan.

2010 yilning 10 oktyabrida uyiga ketayotganida noma’lum shaxslar tomonidan o‘z mashinasida otib ketilgan Yangi Urengoy masjidi imomi Isomuddin Akbarov shular jumlasidandir. Asli Namangan viloyatining Uychi tumanidan bo‘lgan 51 yoshli Isomuddin Akbarov 90-yillar o‘rtalaridan buyon Yangi Urengoy masjidida imomlik qilib kelgan.

Isomuddin Akbarov va Fuad Rustamxo‘jaevning qotillari ham hanuzgacha aniqlanmadi.

XS
SM
MD
LG