Линклар

logo-print

Mutaxassis: “Kutilmagan sovuq mevali daraxtlarga jiddiy shikast yetkazmadi”

  • Садриддин Ашур

Baxmal tumaniga yoqqan qor bir kundan so‘ng erib ketdi

Baxmal tumaniga yoqqan qor bir kundan so‘ng erib ketdi

So‘nggi kunlarda O‘zbekistonga yopirilgan sovuq havo oqimi bog‘bonlar va dehqonlarni yana qattiq talvasaga solib qo‘ydi. Mevali daraxtlar ayni qiyg‘os gullagan paytda O‘zbekistonning bir qancha viloyatlariga qor yog‘di, havo harorati keskin tushib ketdi. Lekin o‘tgan yilgidan farqli o‘laroq bu yil qattiq sovuq bo‘lmadi, qorlar erib ketdi. Mutaxassislarga ko‘ra ko‘ra, bu yilgi hosil asosan saqlab qolingan.

Farg‘onalik bog‘bon Doniyor o‘tgan yili bir gektarlik o‘rik bog‘ining hosilidan butunlay ayrilgan va 20 million so‘mdan ortiq zarar ko‘rgan edi.

Doniyor bu yilgi sovuq havo uning bog‘iga ta’sir qilmaganini aytadi:

- Havo sovub ketdi birdan. Yurakni hovuchlab o‘tirdik, qor yog‘masin deb. Yo‘q, yomg‘ir yog‘ib shamol bo‘ldi, lekin qor tushmadi. Mevalarimiz esa bu yil har yilgidan 15 kun oldin gullay boshlagan edi. Xudoga shukr, gulini to‘kib oldi. Hozir o‘rik va shaftoli dovuchchasi chigitday bo‘lib qolgan, deydi bog‘bon.

Doniyorning aytishicha, mevalar gullab bo‘lgach bozordagi quruq mevalar narxlari ham keskin tushib ketgan:

- Shu paytgacha bargakning bir kilosi 45 ming so‘mdan sotilayotgan edi. Mana bu sovuqdan eson –omon o‘tib olganimizdan so‘ng narx ikki baravarga tashladi. Hozir bargaklar 20 ming so‘m bo‘lib qoldi, dedi bog‘bon.

Jizzax, Samarqand viloyatlarining tog‘li tumanlariga kuni-kecha qalin qor yog‘di.

Jizzax viloyatining Baxmal tumanida istiqomat qiladigan mahalla oqsoqoli Ochil Mirzaevning aytishicha, bo‘lajak hosilning to‘rtdan bir qismini sovuq urgan bo‘lishi mumkin:

- Qor ko‘p yog‘di. Lekin yer muzlamadi. Kechasi men o‘zim chiqib qaradim, hamma daraxtning shoxlari qor bo‘lib turdi. O‘zimning tajribamdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, sovuq unchalik ham ta’sir qilmadi. Nazarimda 30 foizlar hosil ketgan bo‘lishi mumkin, lekin 70 foizi yaxshi turibdi, dedi Ochil Mirzaev.

O‘zbekiston bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik Ilmiy tekshirish institutining mutaxassisi, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi Abdulla Arifovning aytishicha, daraxtlar bu kutilmagan sovuqdan qiynalib qolganiga qaramay, hosilini saqlab qoldi:

- Mana hozir ham Zangiota tumanidagi bog‘larni kuzatyapmiz. Daraxtlar qisman stress oldi, lekin sovuq sezilardi ta’sir qilgani yo‘q. Mana sovuqqa eng chidamsiz shaftoli daraxtini ko‘ryapman. Guli butun, changdonlari butun, g‘unchalari butun. Bo‘stonliq, Qibray tumanlarida ham qattiq shikastlangan daraxtlar yo‘q. Nazarimda, Allohning bu sinovidan eson-omon o‘tib oldik. Bu endi ko‘pchilikning rizqi, barakasini bersin, dedi olim Abdulla Arifov.

O‘tgan yilning mart oyi so‘nggi kunlarida O‘zbekistonga yopirilgan bir necha kunlik qattiq sovuq va qalin qor ko‘karib chiqqan sabzavotlar, mevali daraxtlarning asosiy hosilini urib ketgan edi. Olimlar va yoshi ulug‘ kishilar shu paytgacha bahor faslida bunday "tabiiy ofat"ni ko‘rmaganini aytgan edilar.

Mutaxassislarning hisob kitobiga ko‘ra, o‘tgan yili vodiy viloyatlarida o‘rik, shaftoli hosilining 70-80 foizini sovuq urgan edi.

O‘zbekiston Gidrometeorologiya markazining xabariga ko‘ra, 20 martdan boshlab O‘zbekistonda havo yana isiy boshlaydi. Keyingi ikki hafta ichida viloyatlarda havo harorati +17dan +27 darajagacha ko‘tariladi.

XS
SM
MD
LG