Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:26

Ra’no Abdullaeva: Navro‘zni men taqiqlamaganman


Toshkentda Navro‘z bayrami
Toshkentda Navro‘z bayrami

O‘zbekiston tarix kitoblarida mustaqillikdan avval Sovet hukumati Navro‘z bayramini taqiqlagan degan iddao bor. Ma’lum bo‘lishicha, Navro‘zni diniy bayram sifatida taqiqlashga urinish faqat bir marta 1987 yilda O‘zbekiston komfirqasining 7 martdagi majlisida muhokama bo‘lgan. Navro‘zni amalda yo‘qqa chiqaradigan bu “taklif” O‘zbekiston kompartiyasining mafkura bo‘yicha sobiq kotibasi Ra’no Abdullaeva nomi bilan bog‘lanadi.

Ozodlik tasarrufida mavjud bo‘lgan Sovet O‘zbekistonida chop qilingan gazetalarning ilk sahifalarida Navro‘z O‘zbekistonda keng ko‘lamda nishonlangani haqidagi ma’lumotlarni ko‘ramiz.

Ma’lum bo‘lishicha, Navro‘zni diniy bayram sifatida taqiqlashga urinish faqat bir marta 1987 yilda sobiq O‘zbekiston SSR komfirqasining 7 martdagi majlisida muhokama bo‘lgan. Muhokamada Navro‘zni 21 martda emas 10 aprelda “Navbahor” nomi bilan ko‘chat ekish bilan bog‘liq sovet bayrami sifatida nishonlash taklif qilingan.

Navro‘zni amalda yo‘qqa chiqaradigan bu “taklif” O‘zbekiston kompartiyasining mafkura bo‘yicha sobiq kotibasi Ra’no Abdullaeva nomi bilan bog‘lanadi.

O‘zbekiston matbuoti Navro‘z haqida yozganda bayramning sovet davrida taqiqlanganini eslatmasdan o‘tmaydi va bu taqiqni rasman Abdullaeva nomi bilan bog‘laydi.

Navro‘zni taqiqlash urinishlaridan sal kam 30 yil o‘tib shu kunlarda 80 yoshni qarshilagan sobiq O‘zbekiston SSR kompartiyasining mafkura bo‘yicha kotibasi¸ tarix fanlari doktori¸ professsor Ra’no Abdullaeva bilan bog‘landik.

Go‘shakni ko‘targan Abdullaeva ilgarigidek o‘ktam ovozda Ozodlik tinglovchilarini Navro‘z bilan muborakbod qilib, ba’zi narsalarga oydinlik kiritdi:

- Navro‘zni "Navbahor"ga aylantirish qarori qabul qilinishidan oldin 7 mart kuni meni ishdan olishgan. Majlis bayoni arxivda bor. O‘shanda byuroda (Komfirqa majlisi)da gap bo‘lganda Nishonov “Bu qanaqa yangilik Navro‘z bu Islom dini bayrami” dedi¸ Usmonxo‘jaev esa “Voobshe kerak emas bu bayram”, dedi. SK sekretari Lobkov, u Rossiyada oddiy raykom sekretari bo‘lib ishlagan va birdaniga O‘zbekistonga kelib, SK sekretari bo‘lgan Lobkov bu bayramni mohiyatini umuman tushunmasligini tan oldi. Keyin ikkinchi kotib gapni qisqa qildi. "Net ne nado. Vse nado zakrit. Ni kakix prazdnikov. Nichego ni nado", dedi. O‘shanda hamma joylarga habar yetkazildi bayramni o‘tkazmaymiz deb. Bu qaror qabul qilinishidan oldin 7 martda meni ishdan olishgan edi¸- deydi suhbatdosh.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ ushbu majlisda qatnashgan sobiq O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti raisi G‘ayrat Qodirov “Navro‘zni nishonlash-nishonlamaslikni odamlarni o‘zlari hal qilsin davlat bunga aralashmasin”¸ deb taklif kiritgan.

Ayni majlisda sobiq O‘zbekiston SSR kompartiyasi birinchi sekretari (o‘sha davrda O‘zbekistonning birinchi rahbari) Rafiq Nishonov Navro‘zni 21 martda emas, 10 aprelda “Navbahor” nomi bilan ko‘chat ekish bilan bog‘liq sovet bayrami sifatida nishonlash taklif qilgani majlis baënida aks etgan.

Bu voqeadan salkam 30 yil vaqt o‘tib, Ozodlik bilan suhbatlashgan Rafiq Nishonov “Navro‘zga qarshi bo‘lmagani va sharq mamlakatlaridagi diplomatik tarjribasi davomida bu bayramning naqadar muhimligini bilgani va bu gapni katta argument sifatida Abdullaevaga aytib, bayramni saqlab qolishga uringanini”, ta’kidladi.

Раъно Абдуллаева: Наврўзни мен тақиқламаганман
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:18 0:00
Бевосита линк

Tahrir bo‘lgan Navro‘z

1987 yilda Urganch tumanidagi Kirov nomli maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlagan G‘oyibnazar Qo‘shjonovning Ozodlikka aytishicha, o‘sha yili maktabda Navro‘z bayrami “kichik tahrir bilan nishonlangan”

- Bayram boshlanishiga yarim soat qolganda maktab partkomi tuman markazidagi raykom majlisiga chaqirtirildi. Majlisdan qaytgan partkom “Bayramda Navro‘z haqida she’r aytmanglar¸ bahor haqida aytinglar", dedi. Bor gap shu. Lekin 1988 yilda va undan keyin ham navro‘z bemalol bayram qilindi¸- deydi suhbatdosh.

1987 yilda Toshkent davlat universitetida talaba bo‘lgan jurnalist Qudrat Bobojonning yozishicha, “Kompartiyaning Navro‘zni yo‘q qilmoqchi bo‘lgani oxir-oqibat o‘ziga qarshi jiddiy bir kuch — muxolif o‘zbek yoshlarini maydonga chiqardi”.

Taqdir toqozosi bilan ayni Navro‘z kuni 21 martda tug‘ilgan zamonasoz shoir Abdulla Oripov o‘sha paytda Navro‘zni taqiqlash siyosatini yoqlarkan, milliy g‘oyalarni ko‘tarib chiqqan yoshlarga shunday tanbeh berganini Qudrat Bobojon eslaydi:

"Bu yoshlarga nima kerak o‘zi, nima istashayapti, Lenin bobomiz o‘rnidan turib ta’zim qilsinmi, yoki atom bombasining knopkasini beraylikmi, astag‘furulloh!", degan edi Abdulla Oripov"¸ deya ta’kidlaydi suhbatdosh.

Yozuvchi va muxolifat arbobi Muhammad Solihning “Yo‘lnoma” kitobiga kirgan “Amazon xotin”, deb atalgan bobda Navro‘z bayramiga qarshi hurujni qo‘llagan shoir Abdulla Oripov haqida gap boradi.

“Bu shoir Markazqo‘m kotibining Navro‘z bayramiga qarshi yuritgan tashviqoti doirasida Navro‘z kunini "Xotira kuni", deb she’rlar ham bitdi. Lekin qo‘mpartiyaning Navro‘zga qarshiligi bir kun ham yashamadi, u qo‘zg‘olishlar, uyg‘onishlar davri uchun xamirturush bo‘lib xizmat qildi. Bu qarshilik avval choyxona gurunglari va majlislarda, sal keyinroq 1985 yil yanvarida, "Politbyuroga maktub" shaklida ko‘rindi”, deya eslaydi o‘z kitobida Muhammad Solih.

Navro‘zga taqiq solishga urinish suronli davrlarning ibtidosi o‘laroq, tezgina o‘tdi va keyinchalik Abdulla Oripov 1988 yili afsus bilan quyidagi satrlarni bitdi.

Sen bizni kechirgin, ey Navro‘zimiz,
G‘aflatda chalg‘idi ul kun ko‘zimiz.
Yuzingga shapaloq tortib yubordik,
Sho‘rpaxta bosamiz endi o‘zimiz.

XS
SM
MD
LG